Sayyor qabullar: eʼtibor markazida Toshkent viloyati

16:47 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
297 0

Joriy yilning 23-sentyabr - 2-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi masʼul xodimlari boshchiligida 20 ga yaqin vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida Toshkent viloyati aholisi uchun sayyor qabullar tashkil etildi.

Mazkur qabullar Toshkent viloyatining Bekobod, Olmaliq, Yangiyoʻl, Angren, Ohangaron, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Zangiota va Boʻstonliq tumanlarida boʻlib oʻtib, ularda viloyatning barcha hudud aholisi qamrab olindi.

Oʻtkazilgan qabullar davomida murojaatlarda asosan sud-huquq, uy-joy, moddiy yordam, ijtimoiy taʼminot, prokuratura va ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, bank sohalari, ichki yoʻllarni taʼmirlash, gaz va elektr taʼminoti, kommunal xizmat, mehnat va bandlik yoʻnalishlariga oid masalalar kelib tushdi.

Aniq raqam va misollarga oʻtsak.

Sud-huquq masalalari boʻyicha sayyor sud majlislari oʻtkazilgan holda, jazoning oʻtalmagan qismidan 41 nafar mahkum jazoni oʻtashdan shartli ravishda va 16 nafar tayinlangan jazoni muddatidan avval ozod qilindi, 39 nafar mahkumlarning jazosi boshqa yengilroq jazo turiga almashtirilib, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi.

Majburiy ijro boʻyicha 13 ta murojaatga asosan qarz va zararni undirishga oid 387,4 mln. soʻm undirildi.

Bir misol — 80 yoshli Noʻmon Otajonov boshiga esa keksaygan chogʻida mushkul ish tushdi. Yoʻl-transport hodisasi otaxoning oʻgʻli Neʼmatni bu yorugʻ dunyodan olib ketdi. Aybdor haydovchi jabrlanuvchi oilasiga 20 million soʻm tovon puli toʻlab berishi lozim edi. Biroq aybdor tomon belgilangan jarimaning 12 million soʻmini toʻlamay kelayotgan edi. Otaxonning murojaatidan soʻng Noʻmon Otajonov oilasiga 12 million soʻm undirib berildi.

Bank kreditlarini ajratish yuzasidan ham salmoqli natijalar boʻldi. Xususan 108 ta tadbirkorlik subyektiga 11 mlrd. 682 mln. soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.

Oila va mahallani qoʻllab-quvvatlash masalalarida 48 nafar uy-joyga muhtojlar murojaati boʻyicha subsidiya olishga taqdimnoma kiritildi, 34 nafar fuqaroga 6 oylik moddiy yordam pullari tayinladi, 17 ta holatda 2 yoshgacha nafaqa olish masalasi hal etildi.

Xususan, zangiotalik Zulxumor Poʻlatovaning uy-joy bilan bogʻliq muammosi ham ayni shu ommaviy qabulda hal qilindi. Nogironligi bor farzandlari bilan anchadan buyon sarson yurgan edi. Bu ayolga murojaatidan soʻng doimiy yashash huquqi asosida 2 xonali xonadon beriladigan boʻldi.

Ayni shunday yana nogironlari bor insonlar, boquvchisini yoʻqotgan ayollardan 5 nafariga ham doimiy yashash huquqi asosida 5 ta xonadon ajratiladigan boʻldi.

Uy-joy kommunal xoʻjaligi, gaz va elektroenergiya taʼminoti, yoʻl taʼmiri yoʻnalishlari boʻyicha kelib tushgan murojaatlar ham mutasaddilar eʼtibori markazida boʻldi. Jumladan, 5 ta holatda suv quvuridagi avariya holatlari hal etildi, 3 ta koʻp qavatli uyning 300 m2 tom qismi joriy taʼmirlandi, 2 ta koʻp qavatli uyning yertoʻla qismidagi 480 metr oqova suv quvurlari almashtirildi, 1 ta holatda 42 ta xonadonli koʻp qavatli uyning kanalizatsiya quvuri tozalab berildi.

Misol uchun, Boʻstonliqning “Boʻston” mahallasi Birlik koʻchasida joylashgan koʻp qavatli 26-uy deyarli taʼmirdan chiqarilmagan, shiftdan chakka oʻtar edi. Ommaviy qabuldagi murojaatlardan soʻng hechdan koʻra kech deganlaridek, tom yopish ishlari boshlanib ketdi. Mutasaddilar fasadlarni taʼmirlash, framuga oynalarni yangilash muammolarini ham hal qilib berishdi.

Yangiyoʻl shahri “Guliston” mahallasi aholisi esa suv bosimi pastligidan shikoyat qildi. Hududdagi koʻp qavatli uylarga obi hayot toʻliq yetib bormas ekan. Bu murojaat joyiga chiqib oʻrganilgach, markaziy ichimlik suvi quvurini yangilashga kirishildi. Bu bilan koʻp qavatli 24 ta uy, 2 ta ijtimoiy soha obyektiga yuqori bosimda suv yetkazishga erishiladi.

Elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha 5 ta transformator yangilandi, 638 ta elektr hisoblagich oʻrnatildi, 2,1 km SIP kabel tortildi va 39 ta tayanch ustunlar yangisiga almashtirilib berildi.

Jumladan, Yangiyoʻl shahri “Ramadon” mahallasidagi transformator eskirib ketgani sababli koʻp qavatli 3 ta uy va 600 dan ziyod oilalar istiqomat qilayotgan uylarning elektr energiyasida koʻp uzilish yuz berar edi. Mahalla aholisi ommaviy qabulga shu haqda murojaat qilgach, bir kun ichida yangi transformator oʻrnatilib, muammo hal qilindi.

Gaz taʼminotida 3 nafar kam taʼminlangan oila qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilgan gaz tarmogʻiga qayta ulandi, 2 ta GTP da taʼmirlash olib borildi, 2 ta koʻp qavatli uyning 49 ta xonadoni gaz tarmogʻiga ulab berildi, MFYga 265 dona gaz balloni yetkazib berildi.

Yoʻl taʼmiri boʻyicha 8,8 km asfalt yoʻl joriy taʼmirlandi. Uzunligi 45 metr, eni 10 metr koʻprik qurilishi boshlandi (7,5 mlrd. soʻmlik).

Xususan, Toshkent tumani “Alisher Navoiy” mahallasidagi ichki koʻchalar taʼmirtalabligi anchadan buyon haqli eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan edi. Aholi murojaatidan soʻng ichki koʻchalarga maydalangan tosh toʻshalib, asfalt qilishga kirishildi.

Sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha Boʻka tumani 2 ta MFYda (Dashtobod va Xoʻjaqoʻrgʻon) tibbiyot punktini tashkil qilish boʻyicha kelishildi; bandlik masalasida 59 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlandi; xalq taʼlimi masalasi boʻyicha 27 ta oʻqituvchi va yosh OTM bitiruvchilari ishga qabul qilindi; maktabgacha taʼlim masalasi sohasida 75 ta oilaviy MTM va 2 ta davlat xususiy sherikchilik asosida MTMni ochish boʻyicha kelishuv ijobiy hal qilindi.

Toshkent viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda 3 ming 93 ta murojaat asosida 3 ming 195 ta masala koʻrib chiqildi. Qariyb 1 mingta masalaga joyida yechim topilgan boʻlsa, 686 ta murojaat egasiga huquqiy tushuntirish va maslahat berildi, 1 ming 510 ta murojaat boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?