“Saylovdan soʻng Oʻzbekistonga sayyoh sifatida, albatta, kelamiz!” — YEXHT kuzatuvchilari

20:22 19 Oktyabr 2021 Siyosat
898 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda joriy yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga uzoq muddatli xalqaro kuzatuvchi maqomida tashrif buyurgan YEXHT DIIHBning xalqaro kuzatuvchilari Xasbiy Trond va Radosh Balash 5-Navoiy okrug saylov komissiyasida boʻlib, okrug saylov komissiyasi faoliyati tanishdi. Okrug saylov komissiyasi raisi hamda komissiya aʼzolari bilan suhbatlashib, mazkur siyosiy tadbirni xalqaro standartlar va demokratiya tamoyillari asosida oʻtkazilishi boʻyicha mutasaddilarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Taʼkidlash joizki, kuzatuvchi Xasbiy Trond va Radosh Balash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik va saylov jarayonlarini monitoring qilish maqsadida joriy yilning 24-sentyabrida mamlakatimizga tashrif buyurgan. Missiya doirasida kuzatuvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 5- Navoiy okrug saylov komissiyasi hamda bir qator uchastka saylov komissiyalari joylashgan manzillarda boʻlib, uchastkalarning jihozlanishi, ovoz berish uchun saylovchilarga yaratilgan qulayliklar va komissiya aʼzolarining salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, oʻz rejalari asosida hududning diqqatga sazovor manzillari, muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-meʼmoriy obidalarda boʻlib, xalqimizning boy madaniy merosi, osori atiqalaridan bir olam taassurot oldilar.

— Saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida qariyb yigirma yillik tajribaga egaman, — deydi Xasbiy Trond. — Saksondan ortiq mamlakatda saylov jarayonlarini monitoring qilganman. Oʻzbekistonda saylovga tayyorgarlik jarayonlarida saylov komissiyalari aʼzolarining nazariy va amaliy koʻnikmalari oshirilgani tahsinga loyiq va saylovlar qonunga qatʼiy amal qilingan holda oʻtishiga ishonaman.

Xalqingiz ochiq koʻngil, mehmondoʻst va boy tarixga ega. Saylovga tayyorgarlik bahona Uchquduqning olis ovullaridan tortib, Nurotaning togʻli qishloqlarigacha boʻlgan hududlarda ochiq chehrali kishilarni uchratdik. Toʻgʻrisini aytsam, men saylovdan soʻng Oʻzbekistonga sayyoh sifatida, albatta, kelaman.

— Siyosiy jarayonga puxta hozirlik koʻrilmoqda. Ayniqsa, saylov komissiyalarining axborot almashinuvidagi qulayliklar bizga maʼqul boʻldi, — deydi Radosh Balash.

Kuzatuvchilar okrug saylov komissiyasi matbuot markazida qizgʻin jarayonni yoritish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?