Saylovda adolat tamoyillarini taʼminlash eng ustuvor vazifa

18:36 12 Oktyabr 2021 Siyosat
359 0

Saylov tamoyillarining eng muhim mezonlari bor. Umumiy tenglik, erkinlik, ochiqlik va shaffoflikning taʼminlanishi shular jumlasidan. Binobarin, saylovlar jamiyat hayotidagi tarixiy voqelik hisoblanib, saylovchilar oʻzi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berish orqali mamlakat taqdiriga daxldor jarayonda bevosita ishtirok etadi.

11-Fargʻona saylov okrugi komissiyasi aʼzosi Oʻktam Salomov mamlakatimiz saylov tizimidagi yangiliklar, Saylov kodeksining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga nechogʻlik uygʻunligi xususida quyidagi fikrlarni bildirdi:

— Uzoq yillar mobaynida nufuzli xorijiy ilmiy markazlarda faoliyat olib borib, olim sifatida keng koʻlamli hayotbaxsh islohotlar, siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi oʻzgarishlar mohiyatini oʻrgandim. Har jihatdan yaxshi rivojlangan, farovon davlatlarda har bir fuqaroda saylovchi ekanligi bilan faxrlanish tuygʻusi shakllangan. Shu bois saylovlar jarayonida har bir ovozning hisobga olinishi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarining shakllanishida bevosita ishtirok etishi demokratik tamoyillarning amaldagi eng yorqin ifodasi sanaladi. Shu maʼnoda amaliyotga joriy etilgan yangi Saylov kodeksi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni oʻzaro uygʻunlashtirganligi bilan ahamiyatlidir. Unga koʻra saylovchilarning elektron roʻyxatini shakllantirish, maʼmuriy birliklar, saylov uchastkalarining joylashuvi, saylov materiallari, taraddud ishlarini ommaviy axborot vositalarida yoritishgacha boʻlgan barcha jarayon boʻyicha mukammal normativ-huquqiy baza yaratildi.

2021-yilning 23-iyun kunidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi rasman boshlangan boʻlsa, eng koʻp saylovchi ovoziga ega 11-Fargʻona saylov okrugida barcha tayyorgarlik yumushlari belgilangan tartib-tamoyillar asosida tashkil etilyapti. Ushbu muhim siyosiy tadbirning ahamiyatini aholiga yetkazishda xolislik, adolat tamoyillarini taʼminlash eng ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Oʻtgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, MDH davlatlari saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi aʼzolari ishtirokida viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari faoliyati oʻrganildi. Saylovga tayyorgarlik ishlari yuqori saviyada va qonuniy asosda olib borilayotgani eʼtirof etilib, hamyurtlarimizning siyosiy madaniyati, faolligi oʻzgargani, daxldorlik va masʼuliyat hissi oshgani taʼkidlandi.

Oʻz navbatida, Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda akkreditatsiyadan oʻtgan mahalliy OAV vakillari jurnalistlarning huquq va majburiyatlari, saylovni yoritishning oʻziga xosligi kabi mavzularda oʻquv-seminarlar hamda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinmoqda.

Ishonamizki, shu yilning 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan saylov jarayonlarida fargʻonalik saylovchilar faol ishtirok etib, Yangi Oʻzbekistonning yaqin istiqboldagi ravnaq-rivojini taʼminlashni maqsad qilgan munosib nomzodning saylovoldi dasturini qoʻllab-quvvatlab ovoz beradilar.

“Xalq soʻzi” muxbiri Botir Madiyorov yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?