Saylov jarayonlarida mahalla xodimlarining ishtiroki qanday?

16:18 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
255 0

Ayni paytda poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan Xalqaro media-xollda “Mahalla tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faol ishtiroki” mavzuida uchrashuv oʻtkazilmoqda. 

Taʼkidlab oʻtilganidek, mahalla — vakillik demokratiyasining saylovlar natijasida shakllanadigan jamoatchilik instituti hisoblanadi. Shu bois mahallaning davlat organlari bilan ham, saylov organlari bilan ham munosabatlari teng huquqlilik asosidagi ijtimoiy hamkorlik tamoyillariga asoslanadi.

Saylov jarayonlarida mahalla xodimlarining ishtiroki eng avvalo, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi va elektoral madaniyatini oshirishda, saylovlarning ochiq va shaffof oʻtkazilishini taʼminlashda hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksida belgilanganidek, mahalla raislari va xodimlari uchastka saylov komissiyalarini shakllantirishda ishtirok etadi. Jumladan, uchastka saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar toʻgʻrisidagi takliflarni xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari majlislarida muhokama qilish va tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etadi.

Saylov komissiyalarining samarali faoliyat olib borishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi, saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun kerakli boʻlgan mahalla binolari va jihozlarini saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turadi. Saylov komissiyalariga oʻz vakolatlarini amalga oshirishida koʻmaklashadi, ularning ishi uchun zarur maʼlumotlarni taqdim etadi.

Saylov kompaniyasining ochiq va oshkora oʻtishi, saylov komissiyalari faoliyatining shaffofligini taʼminlash maqsadida saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish, jumladan, uchastka saylov komissiyalariga mahalla binolarini ajratish, zarur jihozlar bilan taʼminlash, mahalladan kuzatuvchilarni shakllantirish, ularning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot beradi.

Muloqot davomida saylov jarayonlarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vazifalari xususida ham ommaviy axborot vositalari xodimlariga atroflicha maʼlumot berib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?