Saylov jarayonidagi oʻzaro hamkorlik inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi

17:01 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
862 0

2019-yilning 29-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) oʻrtasida Memorandum imzolandi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.

Memorandumga koʻra, taraflar 2019-yil 22-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga boʻlib oʻtadigan saylovlarda fuqarolarning siyosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida oʻzaro hamkorlik qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) lavozimi 1995-yilda tashkil etilgan.

Ombudsman oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida olib boradi. Vakil – mansabdor shaxs boʻlib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatlari berilgan.

Memorandumda fuqarolarning siyosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning murojaatlarini davlat organlari tomonidan koʻrib chiqilishida qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek, saylovchilar va nomzodlar huquqlarining ustuvorligi prinsipini taʼminlash nazarda tutilgan.

Tomonlar oʻz vakolatlaridan kelib chiqib, fuqarolarning siyosiy huquqlari, xususan saylov huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini hamkorlikda keng jamoatchilikka yetkazish, harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida hamkorlikda monitoringlarni amalga oshirish, qonunchilikka muvofiq jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov jarayonida huquqlari taʼminlanishini monitoring qilish, saylovchilar va nomzodlardan tushayotgan murojaatlarni hamkorlikda koʻrib chiqish va tegishli qonuniy choralarni koʻrish hamda saylov qonunchiligi buzilishi holatlarini bartaraf etish borasida tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qiladi.

Mazkur Memorandumda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tomonlar hamkorlikni quyidagi tartibda amalga oshiradi:

- Fuqarolarning siyosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni amalga oshirish maqsadida ishchi guruhlari tashkil etiladi;

- Tomonlar vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan tegishli maʼlumotlarni (statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlar) almashadi;

- Tomonlar hamkorlikda seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, OAVda chiqishlar va boshqa targʻibot tadbirlarini tashkil etadi.

Tomonlar oʻrtasida imzolangan Memorandum, Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi va saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi yangiliklar, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyati, shuningdek saylovchilarning huquq va erkinliklarini keng tushuntirish boʻyicha ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil 11-oktyabrda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligini tashkil etish va oʻtkazish” haqidagi qaror ijrosida ham muhim oʻrin tutadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер