Saylov qonunchiligidagi oʻzgartishlar nimalarda oʻz aksini topmoqda?

09:24 01 Fevral 2021 Siyosat
836 0

Oʻzbekistonda mustaqillikning oʻtgan yillarida milliy saylov qonunchiligi izchil tadrijiy shakllanish va rivojlanish yoʻlini bosib oʻtdi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalari erkinlashtirilishi va modernizatsiya qilinishi natijasida demokratik talablarga javob beradigan zamonaviy saylov tizimi va saylov qonunchiligi yaratildi. Saylovlarning umumeʼtirof etilgan xalqaro normalari va prinsiplariga mos ravishda fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishi, har bir insonning davlat hokimiyatining vakillik organlariga erkin saylash va saylanish huquqini taʼminlaydigan mustahkam normativ-huquqiy baza shakllantirildi.

Mamlakatimizda saylov qonunchiligi yildan yilga takomillashib bormoqda. Haqiqatdan ham, dunyoning biror bir mamlakatida ideal saylov qonunchiligi va saylov tizimi mavjud emas. Har bir mamlakat doimiy ravishda saylov qonunchiligini takomillashtirib boradi. Shu nuqtayi nazardan, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qizgʻin muhokamalar ostida oʻtgan yalpi majlisda “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining uch oʻqishda qabul qilinishi ham saylov qonunchiligini yana-da takomillashtirish yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻldi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi ulkan huquqiy, ijtimoiy hamda siyosiy ahamiyat kasb etadi. Ushbu qonunning qabul qilinishi, shubhasiz, fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilishning qoʻshimcha amaliy mexanizmlarini takomillashtirish va saylov jarayoni ochiqligining kafolatlarini kuchaytirish imkonini beradi.

Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida, siyosiy partiyalar fraksiyalarida bir qator tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etildi, fraksiyalararo munozaralar oʻtkazildi.

Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlarni dekabr oyidan oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasiga koʻchirish taklif etilgani xalq vakillari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Bu bilan eng avvalo, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi. Shuningdek, ob-havo sovib ketgan qish qirovli kunlarda saylov uchastkalarida faoliyat olib boradigan xotin-qizlarning salomatligini saqlashdagi qiyinchiliklar, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi. Shu tariqa saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.

Xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini, diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, shuningdek, chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyda koʻchma qutilarda ovoz berishining huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shuningdek, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar oʻz tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilishi tartibi belgilanmoqda. Saylov komissiyalari aʼzolariga haq toʻlab berish, kompensatsiya toʻlash hamda ish haqini hisoblashning aniq tartibi oʻrnatilmoqda.

Siyosiy partiyalar saylov kampaniyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar uchun gʻaznachilikda hisobvaraq ochilishi toʻgʻrisidagi norma chiqarildi.

Saylov komissiyalarining nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifasi chiqarib tashlanmoqda, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlari asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilmoqda.

Siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablagʻlari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari eʼlon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi koʻzda tutilyapti.

Hujjatga muvofiq, xalq deputatlari tuman(shahar) kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tugatilishi va ularning vakolatlari tuman(shahar) saylov komissiyalariga oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda. Qonunchilikdagi mazkur oʻzgarish natijasida 54 mingdan ortiq aʼzodan iborat 5739 ta okrug saylov komissiyalari tugatiladi va optimizatsiya hisobiga davlat byudjetining 33,2 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻi iqtisod qilinadi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi orqali milliy saylov qonunchiligi umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yana-da muvofiqlashtiriladi, saylov jarayonlari ochiq va oshkora oʻtishi taʼminlanishiga erishiladi. Eng muhimi, Oʻzbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi oʻrni yaxshilanishi kafolatlanadi.

Mavluda XOʻJAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер