Saylov qonunchiligi takomillashmoqda. Qanday oʻzgarishlar kutilyapti?

22:55 08 May 2021 Jamiyat
390 0

Saylov – davlat va jamiyat hayotida muhim siyosiy voqea boʻlib, davlatni rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Shu bois, saylovlarning ochiq-oshkora va shaffof tarzda oʻtishida huquqiy asoslarning hayotiy va xalqchil tarzda ishlab chiqilishi katta ahamiyatga egadir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tayyorlash jarayonida bir qator jihatlarga eʼtibor qaratildi.

Qonun loyihasining muhim xususiyati shundaki, loyihani ishlab chiqish davomida koʻplab ilgʻor demokratik davlatlar saylov qonunchiligi oʻrganilib, milliy qonunchilik tahlili asosida uni yana-da takomillashtirish yuzasidan huquqshunos olimlar va mutaxassislar fikrlari toʻplandi.

Shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining saylovlarni kuzatish boʻyicha missiyasining mamlakatimizda saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalari hisobga olinib, Kodeks hozirga qadar tartibga solinmagan qator demokratik tamoyillarga javob beradigan normalar bilan boyitildi.

Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi. Xoʻsh, Saylov kodeksi oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik kabi demokratik prinsiplarni oʻzida aks ettirgan muhim huquqiy hujjat boʻlsa, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga zarurat bormi? Ushbu loyiha bilan saylov qonunchiligida qanday oʻzgarishlar boʻlyapti?

Birinchidan, Saylov kodeksining 11 ta moddasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, 14, 20, 22, 101 va 102-moddalarida yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishni chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda.

Ikkinchidan, 21-moddada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va oʻn bir – oʻn sakkiz nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash koʻzda tutilyapti. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezidentlik saylovini oʻtkazishda sakkiz nafar aʼzodan iborat okrug saylov komissiyasida mingga yaqin uchastka saylov komissiyalari tuzilardi. Bu esa uchastka saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirishda qiyinchiliklar tugʻdiradi. Yuqoridagilar inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzolari sonini 8 nafardan 18 nafarga oshirish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, 31-moddadan saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashgʻulotining turi), ish joyi koʻrsatilishi haqidagi normani chiqarib tashlash nazarda tutilayotgan boʻlsa, 38-moddada saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligi belgilanyapti.

Toʻrtinchidan, 48-moddada saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning oʻtkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida uch kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda oʻtkazilishi, bunda, ushbu ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun ruxsatnoma talab etilmasligini belgilash taklif etilmoqda.

Xulosa oʻrnida aytganda, joriy yil oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida oʻtishiga ishonaman. Zero, buning uchun Oʻzbekistonda barcha huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratilgan. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa saylovning ochiq, shaffof va butunlay yangi sharoitda oʻtishiga xizmat qiladi.

Abdulla Roʻzmetov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?