“Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yoʻl qoʻyilmaydi” — MSK

17:45 23 Oktyabr 2021 Jamiyat
219 0

Mahalliy va xalqaro kuzatuvchilardan, OAV vakillaridan hamda ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan “23-oktyabr kuni sukunat kuni, biroq bannerlarga oʻrnatilgan, bilbordlarda, elektron tablolarda joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallari olib qoʻyilmagan” degan mazmunda koʻplab savollar boʻlmoqda. 

Mazkur holatlar boʻyicha MSK tomonidan munosabat bildirildi.

“Bu savollarga Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, ekspertlari va Matbuot xizmati tomonidan bir necha bor, shu jumladan OAV orqali, MSKning rasmiy kanallari orqali javob berilgan. Yana bir bor, eslatib oʻtamiz, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 14-aprelda qabul qilingan «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning 10-14 bandlariga muvofiq:

Prezidentlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borishning turlari, shakllari va usullarini mazmun-mohiyatini mustaqil belgilaydilar;

Nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi bosma, koʻrgazmali, audiovizual materiallar, nomzodga oid plakatlar, bannerlar, varaqalar, ommaviy axborot vositalarida qoʻyiladigan nomzod uchun ovoz berishga chorlovchi video va audio roliklar. Saylovoldi tashviqoti materiallari hisoblanadi;

Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Biroq, binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari, yaʼni saylov kunidan ikki kun oldin joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qoʻyilishi majburiy hisoblanmaydi. Bunday tartib, rivojlangan demokratik davlatlar amaliyoti va tajribasida keng qoʻllanib kelinayotgan amaliyot hisoblanadi.

Shu bilan birga, 23-24-oktyabr kunlari yangi saylovoldi tashviqoti materiallarini tarqatish va saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanishini eslatib oʻtamiz», — deyiladi MSK bayonotida. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?