Ekspert guruhi imzo varaqalarini tekshirishga kirishdi. Jarayonga kriminalist va xatshunoslar ham jalb etilgan

16:35 09 Sentyabr 2021 Siyosat
404 0

Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilgani Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 5 kunlik muddatda tekshiriladi. Bunda saylovchilar imzolari zarur sonining kamida 15 foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi kerak boʻladi.

Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganini tekshiruvchi Ekspert guruhlari tuzildi.

Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar, adliya organlarining kriminalist, xatshunos ekspert-mutaxassislari, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, mahalla fuqarolar yigʻinlarining raislari jalb etildi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etmoqda.

Qayd etish joiz, Ekspert guruhlari tomonidan tekshirish uchun saylovchilarning har bir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng nisbatda tanlab olinadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.

Agar qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz boʻlib chiqsa, mazkur imzo varaqalari toʻligʻicha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni roʻyxatga olishni rad etadi.

Agarda Siyosiy partiya taqdim etgan hujjatlar, shu jumladan saylovchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari Saylov kodeksi talablariga mos kelsa, Markaziy saylov komissiyasi navbatdagi yigʻilishlaridan Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni roʻyxatga olish masalasini koʻrib chiqadi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?