“Saylov — 2019“ videoroliklar tanlovi gʻoliblari 10 million soʻmgacha pul mukofotiga ega boʻldilar 

11:24 22 Dekabr 2019 Jamiyat
1522 0

Kecha Toshkentdagi Zarafshon konsert zalida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Xalqaro press-klub hamda Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan “SAYLOV-2019” videoroliklar tanlovining gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Markaz axborot xizmati xabar berdi.

Tanlovning asosiy maqsadi — saylovchilar, ayniqsa, ovoz berishda ilk bor ishtirok etayotgan yoshlarni milliy saylov qonunchiligi bilan yaqinroq tanishtirish, ularning bilim va qobiliyatlarini namoyish etish imkoniyatini yaratish, saylovga oid zarur maʼlumotlarni yoshlarning oʻzlari orqali ommalashtirish, bu bilan tengdosh-tengdoshga tamoyilini keng qoʻllagan holda saylov haqidagi tushunchalarni aynan yoshlarning oʻzi orqali jamiyatga yetkazishdan iborat.

Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston – Yangi saylovlar” shiorining mazmun-mohiyatini yoshlar tafakkuridan oʻrin olishi, ularning huquqiy savodxonligini yanada mustahkamlash va mazkur saylovning mamlakat taraqqiyotida qanchalik muhim ahamiyat kasb etishi mumkinligini chuqur his etishlari hamda oʻzlarining faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishlariga erishish tanlovning bosh gʻoyalaridan biridir.

Tanlov marosimini “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori- Eldor Tulyakov, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Boshqaruvi raisi — Firdavs Abduxoliqov hamda Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi, Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxoʻjayevlar ochib berishdi.

Kirish soʻzida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori, qimmatli vaqtlarini, kuchlarini sarflab oʻz ijodiy ishlarini tanlovga yuborgan ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, ular sabab media maydon saylov boʻyicha koʻplab kerakli maʼlumotlarni qamrab olgan yuzdan ortiq videoroliklar bilan boyiganini qayd etdi.

Mazkur tanlovga joriy yilning 15-oktyabr kuni start berilgan edi. Ushbu tanlovga qiziqish yuqori boʻlgani sababli, qabul muddati yana 10 kunga uzaytirilib, roppa-rosa 40 kun davomida ijodiy ishlar qabul qilingan.

Aholini, ayniqsa yoshlarni saylovda faol ishtirok etishga, oʻz konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishga chorlovchi KREATIV, TAʼSIRLI va ZAMONAVIY videorolik tayyorlash vazifasi yuklatilgan ushbu tanlov orqali nafaqat media sohasidagi malakali mutaxassislar, balki havaskor ijodkorlar ham qamrab olindi. Kelib tushgan videoroliklar orasida Yangi Oʻzbekiston – Yangi saylovlar” shiori bilan Saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlar, ilk bor saylovchilar roʻyxatining elektron bazasi yaratilgani, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga ham saylovda ishtirok etish uchun qonuniy imkoniyat yaratilgani, okrug va saylov uchastkalarida saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar va boshqa yangiliklar qamrab olingan. Shuningdek, ularda deputatlar xalqning murojaatlari va xohish irodasini yetkazishda, davlat hukumatini shakllantirishdagi oʻrni va nazorat funksiyalari ham keng yoritildi.

Tanlovga 15-oktyabrdan 25-noyabrga qadar 98 nafar ishtirokchi tomonidan jami 180 ta ish yuborildi va ularning xronometraj boʻyicha talablarga mos keladiganlari onlayn ovozga qoʻyildi. “Taraqqiyot strategiyasi” markazining telegramdagi rasmiy kanali (t.me/dscuzbekistan)da oʻtkazilgan mazkur jarayonni koʻruvchilar soni 420 589 nafarni tashkil etdi. Ularga jami 85 902 ta ovoz berildi.

Kelib tushgan barcha roliklar Hakamlar hayʼati tomonidan saralangan va ularning 30 ga yaqini efirga tavsiya qilingan. Saralangan roliklar respublika boʻylab davlat va nodavlat telekanallar orqali namoyish etildi.

Tantanali marosimda gʻoliblar “Eng yaxshi sahnalashtirilgan rolik”, “Eng yaxshi animatsion rolik”, “Eng yaxshi informatsion rolik” va “Muxlislar eʼtirofi” nominatsiyalarida 5 mln.dan — 10 mln. soʻmgacha boʻlgan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, havaskor ishtirokchilar orasidan ham 3 nafari sovrindor sifatida eʼtirof etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер