Sayxun va Jayxunni birlashtirgan birodarlik
Foto: “Xalq soʻzi”
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev boshchiligidagi Sirdaryo viloyati tuman va shaharlari hokimlari, tadbirkorlar, fermerlar, madaniyat va sanʼat xodimlari, nuroniylar hamda yoshlardan iborat guruh Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonlikoʻl tumanida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etishdi.
Doʻstlik va qardoshlik uchrashuvlarining dastlabki kuni mahallalarda turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish bilan boshlandi. “Jayxun” oʻyingohida “Yangi Oʻzbekistonda madaniyatimiz va doʻstligimiz abadiy boʻlsin” shiori ostida boʻlib oʻtgan konsert dasturi qalblarga quvonch hadya etdi. Shu kuni qonlikoʻllik yoshlar yetakchilariga Sirdaryo ahli nomidan tuhfa 100 million soʻmlik noutbuk, ovoz kuchaytirgich va sport anjomlari tantanali topshirildi. El suygan sanʼatkorlar ijrosida xalqlarimiz doʻstligini tarannum etuvchi dilrabo kuy-qoʻshiqlari yangradi.
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Qonlikoʻl yoshlari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. “Qonlikoʻl va uning yoshlari endi bizga begona emas, ular Sirdaryoning, bizning yaqinlarimiz”- dedi Akmaljon Mahmudaliyev.
Ayniqsa, mahallalar kesimida yoshlar oʻrtasida mini futbol boʻyicha “Sirdaryo viloyati hokimi kubogi”ning final bahsi murosasiz kurashlarga boy boʻldi. Yakunda doʻstlik gʻalaba qozondi va sovrindorlarga kubok, diplom hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Ikki kun davom etgan tadbirlar, samimiy muloqotlarda Sirdaryo viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi masofa uzoq boʻlsada, koʻngillarning yaqinligi, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining mushtarak tarixi va doʻstligi tufayli aloqalar yanada mustahkamlanib hamda rivojlanib borayotgani eʼtirof etildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholi turmush farovonligini yuksaltirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining har bir tumaniga respublikamiz viloyatlari biriktirilgan.
Ikki yildirki, hudud obodligi, el farovonligi yoʻlidagi islohotlarda sirdaryoliklar ham faol qatnashayotir. Mahalliy masʼullar bilan hamkorlikda Qonlikoʻl tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holati, salohiyati va imkoniyatlari oʻrganib chiqildi. Tuman asosan qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan hudud ekanligi eʼtiborga olinib, yangi yerlarni oʻzlashtirish va bu hududlarga suv keltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayni kunga qadar 358 kilometr irrigatsiya tarmoqlari va kollektorlar tozalandi. 2 ta yangi nasos stansiyasi ishga tushirilib, 53 gektar yer oʻzlashtirildi.
Shuningdek, bogʻdorchilik, polizchilik, chorvachilik, issiqxona xoʻjaliklari tashkil etish borasida ham salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, “Arzimbetqoʻm”, “Qosjap”, “Qonlikoʻl” va “Janaqala” OFYlarda yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga 1 sotixli issiqxonalar qurib berildi. Shu orqali 100 oilaga qoʻshimcha daromad olish imkoniyati yaratildi.
“Arzimbetqum” OFYda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 20 ming dona manzarali va mevali koʻchatlar hamda 3,5 million dona qalamchalar ekilib, 5 gektar maydonda Sirdaryo-Qonlikoʻl “Doʻstlik bogʻi” barpo etildi. Eʼtiborlisi, bogʻ qator oralariga qovun ekilishi qoraqalpoq diyorida qovunchilikda “Sirdaryo tajribasi”ni keng ommalashuviga xizmat qilmoqda.
Ezgu tashabbuslarning uzviy davomi sifatida “Madaniyat” OFYda ikki xalqning tarixiy orzu-intilishlarini oʻzida uygʻunlashtirgan, qurilish arxitekturasi jihatidan zamonaviy va milliy meʼmoriy yechimga ega “Sayxun va Jayxun” maʼnaviyat va maʼrifat maskani bunyod etildi. Chekka mahallalarda zamonaviy hammomlar qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Taʼmirtalab koʻchalarga qum-shagʻal yotqizildi. Sirdaryolik tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan sanoat va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida qiymati 573,9 milliard soʻmlik dastlabki 14 ta loyiha shakllantirildi.
Tuman aholisining ijtimoiy muhofazasi ham nazardan chetda qolgani yoʻq, albatta. Ushbu toifadagi oilalar uchun turli madaniy tadbirlar, sayohatlar uyushtirish bilan birga, ularni Sirdaryo viloyatidagi sihatgohlarda sogʻlomlashtirish choralari koʻrildi. Eʼtiborlisi, yil yakuniga qadar Qonlikoʻlda yana bir qator obyektlarni foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan boʻlib, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan hayotiy loyihalar izchil davom ettirilmoqda.
Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- “Mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat!”: Davlat soliq xizmati va Bolalar ombudsmani Qashqadaryodagi holatga munosabat bildirdi
- Qirgʻiziston-Oʻzbekiston chegarasidagi uzoq yildan beri yopiq turgan nazorat-oʻtkazish punkti ochiladi
- Innovatsion ishlanmalar va ilg‘or texnologiyalar namoyishi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring