Keng jamoatchilik oʻrtasida munosib obroʻ-eʼtibor qozongan oʻtkir qalam sohibi edi

10:01 11 Iyun 2021 Jamiyat
178 0

Oʻzbekiston matbuoti ogʻir judolikka uchradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, “Oʻzbekiston ovozi” – «Golos Uzbekistana» gazetalarining bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonov shu yil 9-iyun kuni 73 yoshida vafot etdi.

Safar Ostonov 1948-yilda Samarqand viloyatida tugʻildi. 1972-yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni jurnalistika mutaxassisligi boʻyicha tamomladi.

Ijodiy faoliyatini 1971-yili hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasida boshlab, turli lavozimlarda ishladi. 1990-1996-yillarda “Sport” va “Oʻzbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri sifatida faoliyat koʻrsatdi.

1996-2002-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida masʼul vazifalarda xizmat qilib, ommaviy axborot vositalarining huquqiy, iqtisodiy va maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, sohani zamon talablari asosida rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etdi.

Taniqli jurnalist 2002-yildan umrining oxiriga qadar “Oʻzbekiston ovozi” – «Golos Uzbekistana» gazetalarining bosh muharriri lavozimida samarali mehnat qildi.

S.Ostonov mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, keng koʻlamli islohotlarning maʼno-mazmunini jamoatchilikka yetkazish, milliy qadriyatlarni targʻib etish, axborot sohasidagi siyosatni amalga oshirish ishlariga munosib hissa qoʻshdi.

2020-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida samarali faoliyat yuritib, qonun ijodkorligi sohasida oʻzining boy bilim va tajribasini yorqin namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan soʻnggi yillarda olib borilayotgan xalq bilan bevosita muloqot qilish asosida jamiyatimiz hayotini yana-da demokratlashtirish va erkinlashtirish, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish borasida ayniqsa jonbozlik koʻrsatdi.

Mahoratli jurnalist Safar Ostonov ijtimoiy hayotdagi koʻplab dolzarb va keskin muammolarni dadil koʻtarib chiqib, ularni xolis va haqqoniy yoritadigan, faol grajdanlik pozitsiyasi, vatanparvarligi bilan keng jamoatchilik oʻrtasida munosib obroʻ-eʼtibor qozongan oʻtkir qalam sohibi edi.

Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining faol aʼzosi sifatida u oʻnlab isteʼdodli yoshlarga jurnalistika sohasining sir-asrorlarini oʻrgatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun oʻzini ayamasdan, begʻaraz xizmat qiladigan mehribon va talabchan ustoz sifatida tanilgan edi.

Oʻzbek matbuotining koʻzga koʻringan namoyandasi, taniqli jamoat arbobi Safar Ostonovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi.

Isteʼdodli publitsist, kamtarin va samimiy inson Safar Ostonovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?