Sabr-toqatni qadimiy daraxtlardan oʻrgansak arziydi

Arxiv foto
Koʻhna Buxoroning soʻlim Labihovuzida bir emas, oltita qadimiy tut daraxti bor. Toʻrttasining yoshi 324 da.Ikkitasi esa 536 yoshni qarshiladi. Barchasiga tabiat yodgorligi maqomi berilgan.Shahar mehmonlari eʼtiborini nafaqat yon – atrofdagi madrasayu karvonsaroy, savdo toqlari, balki shu daraxtlar ham tortadi.
Aslida tut, chinor, gujum singari daraxtlarning hovuz boʻyida, qadimiy yodgorliklar qad rostlagan manzillar yaqinida oʻstirilgani bejiz emas. Ular imoratlarni yer osti sizot suvlari xurujidan asraydi.Havoni moʻtadil saqlaydi. Yozning jaziramasida ular soyasi – jonning rohati. Balxi tut, shotutning mevasini aytmaysizmi? U asalday totli. Shifobaxsh.Turgan – bitgani darmondori.Ogʻir xastalar haqda soʻz ketganida bejizga “Tut pishigʻiga yetkazsin”, deyishmaydi.
Aytmoqchi, Buxorodagi mashhur Sitorai Mohi Xossa muzeyi hovlisida allaqachon 100 yoshni qoralagan qizil doʻlana, oddiy eman, toʻq sariq maklyura, gʻarb chinori, balx tut kabi daraxtlar viqor toʻkib turibdi. Eng ulugʻi gʻarb chinori.U 312 yoshda. Shaharning bir qator hududlarida, shuningdek, viloyatdagi deyarli barcha tumanlarda yoshi yuzdan oshgan daraxtlar bor.
- Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonuni, respublika Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-oktyabrdagi “Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻining ayrim tabiiy hududlari va obyektlaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida jamoamiz tomonidan viloyatimizdagi yoshi 100 va undan oshgan daraxtlarning xatlovi oʻtkazildi,- deydi viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boʻlimi bosh mutaxassisi M. Sultonov. — Natijada yoshi bir asr va undan ham katta 213 tup xar xil turdagi daraxt bor ekanligi aniq boʻldi.
Vaholonki, yaqin-yaqingacha ular soni 106 ta deb kelinar edi. Koʻrinadiki, xatlovdan soʻng yana 107 ta qadimiy daraxt roʻyxatga olindi. Endi ular tabiat yodgorligi sifatida alohida muhofaza qilinadi.
—Ildizi mustahkam bu daraxtlar ne-ne kechmishlarga guvoh boʻlishmadi, nimalarni oʻz boshlaridan kechirishmadi, deysiz, — deydi Gʻijduvon tumanidagi Gajdumak qishlogʻida istiqomat qiluvchi keksa pedagog, adabiyot oshuftasi Hakim Rajabov. — Mabodo, ularga til-zabon bitganida hammasini birma-bir soʻzlab berishardi. Ona-tabiatimizning ajralmas bir boʻlagi sanalgan bu qadimiy daraxtlar yaxshi kunlarda ham, tahlikali damlarda ham sabr-toqat qilishgan... Yorugʻ kunlarga boʻlgan ishonchlarini yoʻqotishmagan. Yonlariga bolta koʻtarib kelgan kimsalarni ham fursati yetib jimgina ... soʻnggi yoʻlga kuzatishgan. Taʼbir joiz boʻlsa, men asrlarga tengdosh daraxtlarni sabr-matonat timsoliga oʻxshataman. Buni taʼkidlashimning boisi bor. Dunyoda, jumladan yurtimizda kezib yurgan koronavirus balosini yengishda sabr-toqatli boʻlishimiz darkor. Binobarin, sabr-toqatni qadimiy daraxtlardan oʻrgansak arziydi.
Ustozning bu soʻzlariga izohning hojati yoʻq, albatta.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- «Markaziy Osiyo - Xitoy» sammiti ishtirokchilarini tantanali kutib olish marosimidan fotojamlanma
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 21-22-may kunlari Moskvaga boradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring