Rudakiy koʻchasi Samarqand shahrining eng katta koʻchalaridan biri boʻladi

09:41 07 Oktyabr 2020 Jamiyat
231 0

Samarqand shahridagi Rudakiy koʻchasida yoʻllarni rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda.

Avval ikki tomonlama ikki qatorli mazkur yoʻl bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, transport uchun 24 metr kenglikda ikki tomonlama uch qatorli yoʻl, 7 metr tramvay yoʻli, 2 metr velosiped va 7 metr piyodalar yoʻlagi bunyod etilmoqda. 3 metr yashil maydonda 1800 dan ortiq turli manzarali gullar, yoʻlning ikki tomoniga Yevropadan keltirilgan Yasin daraxt koʻchatlari ekilmoqda.

Qurilish ishlari Turkiyaning «Mese yoʻl» yoʻl qurilish korxonasi tomonidan zamonaviy talablar asosida bajarilmoqda. Jahon tajribasida yoʻllardan foydalanishning oʻziga xos talablari mavjud va unda yoʻlning sifatliligi hamda ravonligiga alohida eʼtibor beriladi. Mazkur yoʻl qurilishi ham jahon andazasidagi talablarga rioya etilgan holda bajarilmoqda.

— Rekonstruksiya qilinayotgan qariyb 1 kilometrlik yoʻl qurilishi uchun respublika byudjetidan 13,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi va hozirgacha 90 foiz asfaltlash ishlari bajarildi, — deydi “Samarqand mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi bosh mutaxassisi Eldor Bekmurodov. — Ishni oʻz vaqtida yakunlashimiz uchun yoʻldagi kanalizatsiya tarmoqlari qurilishida sustkashlik biroz xalal bermoqda. Mazkur qurilishlar bitkazilgach, qisqa muddatda asfaltlash ishlari yakuniga yetkaziladi.

Qurilish ishlari yakunlanishi bilan shahardagi transport qatnovi izga tushadi, tirbandlikning oldi olinadi, qolaversa shahar koʻchalari yangicha qiyofa kasb etadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?