Roʻzgʻorga “oqib” kirayotgan pul, keksa tomorqachi Norxol momo va zang bosgan ketmon...

16:58 28 Mart 2022 Jamiyat
952 0

Foto: Халқ сўзи

Qashqadaryoda bahor dastlab Mirishkor tumani kengliklaridan boshlanadi. Ilk boychechak ham shu qir-adirlarda boʻy koʻrsatadi. Bahor nasimlarini birinchi boʻlib, shu yaylovlarda qoʻy boqib yurgan choʻponlar his qilishadi. Binobarin, bu yilgi seryogʻin va serfayz koʻklam nafaqat mirishkorlik chorvadorlarni quvontirmoqda, balki fermerlarni, tomorqachilarni koʻklamning har onini gʻanimat bilib ekin-tikin ishlarini jadallashtirishga undamoqda.

Sergʻayrat mirishkorliklar Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilingan “Yashil yillik” umummilliy tadbirida ham faol ishtirok etmoqda. Ularga hech kim “Koʻchaga chiq, u yerni tozala, bu yerga koʻchat ek”, demaydi. Talab qilinayotgan yumush bu — oʻz hovlisini gullatib qoʻysa, bas. Ammo tan olish kerak, bugungi kunda oʻz tomorqasidan million-million daromad olib, el eʼtirofiga sazovor boʻlayotgan tomorqachilar bilan birga hovlisini ajriq bosgan, ketmoni zanglab ketgan kishilar ham yoʻq emas.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov boshchiligida tuzilgan ishchi guruhi Mirishkor tumanidagi “Mirobod” MFY hududidagi tomorqachilar faoliyatini oʻrgandi.

Lutfulla Xudoyberdiyev tomorqasini misoli koʻkatlar “fabrikasi”ga qiyoslasak arziydi. Chunki bu tomorqadan qishin-yozin bozorga koʻkat chiqib turadi. Xonadon sohibi qaysi koʻkatni qaysi vaqtda ekishni yaxshi biladi. Shuning uchun ham tomorqa boʻsh turmaydi.

— Har kuni roʻzgʻorimga pul kirib turadi, chunki har tong bozorga piyoz, sarimsoqpiyoz, shivit, shavil, rediska, petrushka chiqaramiz, — deydi Lutfulla Xudoyberdiyev. — Mahsulotimiz yangi uzilgani uchun bozorda tez xaridorini topadi. Shundan boʻlsa kerak, har yili kamida 25 million soʻmdan ziyod daromad qilyapmiz.

— Koʻkat yetishtiruvchilar koʻp, ammo ular tarqoq, — dedi A. Haitov. — Ularni birlashtirish kerak. Mahsulotni uzish, saralash, bogʻlash va qadoqlash texnologiyalarini yaratish kerak. Yaʼni mahsulotning oʻz brendi boʻlsin, shunda bunday mahsulotni bemalol supermarketlarga yoki qoʻshni hududlarga yuborish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun esa hududda “Tomorqa xizmati”ni yoʻlga qoʻyilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

A. Xaitov 70 yoshni qarshilagan keksa tomorqachi Norxol momo Hamroyeva faoliyatiga yuqori baho berdi. Hovlida sarimsoqpiyoz barq urib oʻsib turibdi. Bir tomonda piyoz, shivit, shavil, rediska boʻlsa, moʻjazgina issiqxona bodring ekish uchun tayyorlangan. Norxol momoning Navroʻz kunlari ochiladigan gullarini aytmaysizmi? Onaxonga turli rangda jilo sochadigan bu noyob gulni koʻpaytirish tavsiya etildi.

— Onaxon, siz qulupnayni ayni pishiqchilik paytida chiqarar ekansiz, agar uni plyonka ostida yetishtirib, ayni shu kunlarda chiqarsangiz, undan 2-3 baravar koʻp daromad olasiz, daromadni qoʻya turaylik, odam organizmi vitaminga tanqis boʻlgan koʻklam paytida hovlingizda qulupnay pishsa, bu tanaga quvvat boʻladi, — dedi A. Xaitov.

Ishchi guruhi Norxol momoning yon qoʻshnisi Temir Xudoyberdiyev xonadonida parvarishlayotgan koʻkatlarni koʻzdan kechirdi. Surxondaryolik va vodiylik tajribali bogʻbonlar ham tomorqachilarga oʻzlarining qimmatli maslahatlarini berishdi. Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, mazkur “Mirobod” MFYda tomorqasini qarovsiz qoldirgan kishilar ham, afsuski, bor ekan.

Shu kuni ishchi guruhi aʼzolari tumandagi bir qator tomorqachilar faoliyatini oʻrgandi. Qarovsiz qoldirilgan, yerga ishlov berilmagan xonadon egalari ogohlantirildi. Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi “Qoʻshqanot” MFY hududida yashovchi Sayfi Doʻlmonov, Eshtursun Xudoyberdiyev, Jalol Boboyev va Izzatilla Berdiyev kabi faol tomorqachilarga minnatdorchilik bildirilib, Roʻzi Nazarov va Egamberdi Berdiyevlarga tomorqasiga ertagi ekin ekishga koʻmaklashildi.

Eng muhimi, bahor seryogʻin kelgan yilda Qashqadaryo viloyatida tomorqalardan samarali foydalanish, aholiga daraxt koʻchatlari hamda urugʻ yetkazib berishda ishchi guruhi bilan birga Surxondaryo viloyatidan 200 nafar bogʻbon ertachi ekin va daraxt koʻchatlari ekishda tomorqachilarga koʻmakdosh boʻlishmoqda. Ular vohaga 25 ming tup turli mevali daraxt koʻchatlari hamda sabzi, piyoz, pomidor, oshqovoq, bodring va boshqa sabzavotlar urugʻini bepul yetkazib berishdi.

Faxriddin Bozorov, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?