Rossiyaning bir qator viloyatlari, Chimkent va Istanbul shaharlarida Oʻzbekistonning yangi vakolatxonalari ish boshladi

15:28 09 Iyun 2022 Siyosat
389 0

Foto: Illustrativ foto

Joriy yil 1-iyundan Rossiyaning bir qator viloyatlari, Chimkent va Istanbul shaharlarida Oʻzbekistonning yangi vakolatxonalari ish boshladi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, oʻtgan besh oy davomida 6009 nafar fuqaro Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Turkiya, Germaniya, Yaponiya davlatlariga manzilli ishlarga joʻnatilgan.

Taʼkidlash joiz, 2022-yil 1-martda qabul qilingan “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 149-sonli Prezident qarorida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining yangi vakolatxonalarini ochish orqali xorijdagi yurtdoshlarimizga koʻrsatiladigan xizmatlar qamrovini kengaytirish belgilangan.

Ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida 2022-yil 1-iyundan Rossiya Federatsiyasining Tula, Voronej, Volgograd, Nijegorod, Irkutsk, Amur viloyatlari, Krasnodar, Krasnoyarsk, Perm oʻlkalari, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi, Qozogʻistonning Chimkent va Turkiyaning Istanbul shaharlarida Agentlikning yangi vakolatxonalari ish boshladi.

Bundan tashqari shu paytga qadar Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Samara, Ufa, Novosibrsk, Yekaterinburg shaharlari, Koreya Respublikasining Kvandju shahrida Agentlikning vakolatxonalari faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?