Rossiyada qarovsiz qolgan 7 nafar bola Oʻzbekistonga qaytarildi

16:06 12 Iyul 2024 Jamiyat
278 0

Foto: Videodan kadr

Rossiyada ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan 7 nafar voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, respublikaning masʼul tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruh Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Ozoda Parpiboyeva boshchiligida Sankt-Peterburg shahrida xizmat safarida boʻldi.

U yerda ogʻir vaziyatga tushib qolgan 10 dan ortiq xotin-qizning mamlakatga qaytishiga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

“Ushbu davlatning vakolatli tashkilotlari vakillari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazlarida saqlanayotgan, ota-onasi tomonidan qarovsiz yoki nazoratsiz qoldirib ketilgan 7 nafar voyaga yetmagan bola Oʻzbekistonga qaytarildi”, deyiladi xabarda.

Bolalarning biri Oʻzbekistonga birinchi marta kelganini aytsa, yana bir 5-sinfgacha Oʻzbekistonda oʻqigani, soʻng Rossiyaga onasi bilan koʻchib ketganini, oʻzini endilikda xavotirsiz his qilayotganini taʼkidladi.

Hozirda bolalar tegishli markazga joylashtirilgan va keyinroq ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi, deya qoʻshimcha qilindi agentlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?