Rossiyada 9 nafar oʻzbekistonlik zaharlangani maʼlum qilindi

21:08 23 Iyul 2021 Jamiyat
717 0

Qator xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Samara viloyati Tolyatti shahridagi xostelda bir guruh oʻzbekistonlik mehnat migrantlarining zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh Konsulxonasi bilan hamkorlikda ushbu holatni oʻrgandi.

Maʼlum boʻlishicha, 2021-yilning 20-iyul kuni Tolyattidagi xostelda vaqtincha yashovchi mehnat migrantlari oʻrtasida ommaviy kasallanish oqibatida 13 nafar chet el fuqarosi 5-shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Shifoxonada davolanayotgan ushbu fuqarolarning 9 nafari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadi. Bemorlarning barchasiga “nomaʼlum bakterial ichak infeksiyasi” tashxisi qoʻyilgan va ularning holati qoniqarli.

Shuningdek, bemorlarning 1 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli 1-shifoxonaga oʻtkazilgan.

Shu bilan birga, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu yurtdoshlarimizga yuridik va tibbiy yordam koʻrsatilishiga tayyorligini maʼlum qiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Samara shahridagi vakolatxonasi:

Manzil: Samara sh., Novo-Sadovaya koʻch., 3-uy

Telefon: +79260209491

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?