Rossiya Venera sayyorasiga birinchi missiya qachon amalga oshirilishini maʼlum qildi

22:10 12 Oktyabr 2021 Dunyo
546 0

Foto: JAXA/ISAS/DARTS/Damia Bouic

Zamonaviy Rossiya tarixida Venera sayyorasiga qachon birinchi missiya amalga oshirilishi maʼlum qilindi.

Rossiya fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar instituti masʼul xodimi Lyudmila Zasova aytishicha, buni amalga oshirish 2029-yil 11-noyabrga rejalashtirilmoqda. 

“Biz Venera atmosferasini, uning yuzasini, ichki tuzilishini va atrofidagi plazmani har tomonlama oʻrganish uchun orbital va qoʻnish apparatlaridan iborat sayyoralararo «Venera-D” stansiyasi haqida gapiryapmiz», deydi Zasova.

Sayyorani tadqiq qilish dasturi yana ikkita missiyani oʻz ichiga oladi. 2031-yil iyun oyida sayyora atmosferasini oʻrganish davom ettiriladi. 2034-yil iyun oyida atmosfera, aerozollar va ehtimol tuproq namunalarini Yerga olib tushiladi.

Avvalroq, Moskva aviatsiya instituti olimlari shar shaklidagi uchuvchisiz vertolyotni Veneraga yuborishni taklif qilishgandi.

Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, Venerani tadqiq qilishda asosiy muammo — yuqori harorat (467°S). Shu bois vertolyot diametri 700 mm boʻlgan tashqi titan qatlam, 2,5 mm qalinlikdagi devorga ega boʻladi hamda ekran-vakuumli izolyatsiya bilan qoplanadi. Bu izolyatsiyadan harorat farqi katta boʻlganda foydalaniladi. Bundan tashqari, issiqlik oʻtkazuvchanligi eng past boʻlgan aerogel ishlatish ham rejalashtirilmoqda.

Rossiya, Sobiq Ittifoqning vorisi sifatida Venerani tadqiq qilishda katta tajribaga ega. Bir vaqtlar u hatto “Sovet sayyorasi” deb ham nomlangan. Chunki Sovet Ittifoqi paytida Veneraga 10-marta muvaffaqiyatli qoʻnish amalga oshirilgan. 

Biroq, zamonaviy Rossiya tarixida bunday missiya birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?