Rossiya Xitoydan harbiy yordam olmaydi — Oq uy vakili

00:36 18 Mart 2023 Dunyo
734 0

Foto: Reuters

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar boʻyicha koordinatori Jon Kirbi Rossiya Ukrainadagi mojaroda foydalanish uchun Xitoydan qurol olmayotganini aytdi.

“Biz hozircha Xitoy hukumati Rossiyaga harbiy yordam koʻrsatishga qaror qilgani haqida hech qanday alomat koʻrmadik”, deydi Kirbi.

Oldinroq, “Politico” nashri “ImportGenius” agregatori taqdim etgan savdo va bojxona maʼlumotlariga tayanib Xitoy kompaniyalari, jumladan, mamlakat hukumatiga aloqador boʻlgan kompaniyalar Rossiyaga 1000 taga yaqin avtomatlar, shuningdek, harbiy maqsadlarda foydalanish mumkin boʻlgan dron qismlari va sovutlarni yuborgani haqida xabar bergan edi.

Nashrning qayd etishicha, ushbu yetkazib berishlar 2022-yilning iyun —dekabr oylarida amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, Xitoyning eng yirik davlat mudofaa pudratchilaridan biri “China North Industries Group Corporation Limited” oʻtgan yilning iyun oyida Amerikaning “Texkrim” kompaniyasi ishlab chiqargan “M-16” rusumli miltiqlar namunasidagi “CQ-A” miltiqlarini yuborgan.

Hisob-fakturalarda miltiqlar “fuqarolik ov miltigʻi” deb yozilgan. Nashrning taʼkidlashicha, “CQ-A” Xitoy harbiy politsiyasi, shuningdek, Filippin, Janubiy Sudan va Paragvay qurolli kuchlari tomonidan qoʻllaniladi.

Bojxona maʼlumotlariga koʻra, 2022-yil oxirida Rossiya tomoni Xitoydan uchuvchisiz uchadigan qurilmalar uchun 12 partiya ehtiyot qismlar, shuningdek, Turkiya orqali joʻnatilgan 12 tonna Xitoy sovutlarini qabul qilib olgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan Xitoy Ukrainadagi mojaroda ishtirok etmasligi va tomonlarning hech biriga qurol bermasligini aytgan edi.

Uning soʻzlariga koʻra, Ukraina masalasida Pekin har doim vaziyatdan kelib chiqqan holda mustaqil qaror qabul qiladi. Diplomatning taʼkidlashicha, “tinchlik va urush oʻrtasida” Xitoy “tinchlikni tanlaydi”, “muloqot va sanksiyalar oʻrtasida” esa “muloqotni tanlaydi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер