Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda

Foto: РИА «Новости»
Rossiya Belarus bilan Belarus hududiga taktik yadro qurollarini joylashtirishga kelishib olgan. Bunday qurollarni saqlash ombori qurilishi shu yilning 1-iyuniga qadar yakunlanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya 24” telekanaliga jurnalist Pavel Zarubin bilan boʻlgan intervyuda aytib oʻtdi.
“3-apreldan biz ekipajlarni tayyorlashni boshlaymiz. 1-iyulda esa Belarus hududida taktik yadroviy qurollar saqlanadigan maxsus ombor qurilishini yakunlaymiz”, dedi Vladimir Putin.
Rossiya rahbarining qoʻshimcha qilishicha, Moskva allaqachon Minskka samolyotlarni qayta jihozlashda yordam bergan hamda “Iskandar” raketa tizimini ham topshirgan.
Putinning taʼkidlashicha, Belarusda strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha majburiyatlarini buzmagan holda taktik yadro qurollari joylashtiriladi.
Oʻtgan yilning 19-dekabr kuni Putin Belarus Qurolli Kuchlari samolyotlari ekipajlarini maxsus yadro kallaklari bilan oʻq-dorilardan foydalanishga oʻrgatilishini tan olgandi. Oʻsha yilning 25-dekabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi Belarus maxsus oʻq-dorilardan foydalanishga qodir samolyotlar uchun kadrlar tayyorlashni boshlagani haqida xabar bergandi.
Joriy yilning fevral oyida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko respublika yadro quroliga muhtojmasligini, chunki u hech qanday, jumladan, AQSHga ham zarba bermoqchi emasligini aytgandi. Oʻshanda u Belarus strategik yadro quroliga mutlaqo muhtoj emasligini alohida taʼkidlagan edi.
Intervyuda Putin Belarusda taktik yadro qurollarining joylashtirilishiga Buyuk Britaniyaning Ukrainaga uranli oʻq-dorilarni topshirish haqidagi bayonoti sabab boʻlganiga eʼtibor qaratgan.
Shuningdek, uning qoʻshimcha qilishicha, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ancha vaqtdan beri Rossiya yadro qurolini mamlakatda joylashtirishni soʻrab kelgan ekan.
utinning aytishicha, London Kiyevga bermoqchi boʻlgan oʻq-dorilar ommaviy qirgʻin quroli emas. Lekin ular radioaktiv chang hosil qiladi va juda xavfli hisoblanadi. Ulardan foydalanilsa, ekin maydonlari ifloslanishi aholi va atrof-muhit uchun xavf tugʻdiradi.
Shu yilning 21-mart kuni Buyuk Britaniya mudofaa vaziri oʻrinbosari Annabel Goldi London harbiy yordam paketi doirasida Ukrainaga uranli snaryadlari partiyasini berishini maʼlum qilgandi.
“Ukrainani «Challenger 2” tanklari bilan taʼminlash bilan bir qatorda oʻq-dorilar, shu jumladan, tarkibida uran boʻlgan zirhli teshuvchi snaryadlar yetkazib beramiz», degan edi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri oʻrinbosari.
AQSH va Pentagon hozircha xotirjam
AQSH Mudofaa vazirligi (Pentagon) Rossiya Belarus hududida taktik yadro qurolini joylashtirishi haqidagi xabarlarga izoh berdi. Departamentga koʻra, bunday bayonotlar fonida AQSH yadroviy kuchlarining tayyorgarligini oʻzgartirishga asos yoʻq.
“Biz yadroviy kuchlarimizning tayyorgarligini oʻzgartirish uchun hech qanday sababni ham, Rossiya yadro qurolidan foydalanishga tayyorlanayotgani alomatlarini ham koʻrmadik”, deyiladi Pentagon bayonotida.
Oq uy ham xuddi shunday fikrda. AQSH Mudofaa vazirligi Vashingtonning NATO doirasida jamoaviy mudofaaga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va AQSH Rossiya harakatlarini kuzatishda davom etishini taʼkidladi.
Yevropa Ittifoqi javob berishga tayyor
Yevropa Ittifoqi (YEI) Rossiyaning Belarusda taktik yadroviy qurollarini joylashtirganiga yangi sanksiyalar bilan javob berishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda YEI tashqi siyosat xizmati rahbari Xosep Borrel maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya yadro qurolining Belarusda joylashtirilishi eskalatsiya va Yevropa xavfsizligiga tahdid boʻladi. Shu bilan birga, diplomat Minsk hali ham buni toʻxtata olishini taʼkidladi.
Polsha xavotirda, Germaniya Rossiyaning qarorini qoraladi
Polsha tashqi ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, Rossiyaning Belarusda taktik yadro qurollarining joylashtirilishi mintaqadagi keskinlikni kuchaytiradi.
“Rossiya va Belarus oʻrtasidagi respublikada taktik yadro qurollarini joylashtirish boʻyicha kelishuv faqat keskinlikni oshiradi”, deydi Polsha tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lukash Yasina.
Yasinaning fikricha, bunday rejalar “yadro qurolini tarqatmaslik nuqtayi nazaridan xavf tugʻdiradi”.
Germaniya tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning bu qarorini qoraladi. Departament, shuningdek, Moskvaning harakatlarini yadroviy tahdidga qaratilgan navbatdagi urinish, deb atadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring