Ronald Kuman “Barselona” bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi

04:20 28 Oktyabr 2021 Sport
1152 0

Foto: Global Look Press

Ronald Kuman Ispaniyaning “Barselona” futbol klubi bosh murabbiyi lavozimidan ozod etildi. Bu haqda klub tomonidan rasman maʼlum qilindi. 

“Barselona” unga klub oldidagi xizmatlari uchun minnatdorchilik bildiradi va professional faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaydi», deyiladi jamoa bayonotida. Taʼkidlanishicha, bugun Kuman jamoa bilan rasman xayrlashadi.

Bunday qarorga kelinishiga, “Barselona” 27-oktyabr kuni Ispaniya chempionati doirasida «Rayo Valekano»ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergani sabab boʻlgan. Oʻtgan turda esa jamoa “Real Madrid” 1:2 hisobida yutqazib qoʻygan edi. Mamlakat chempionatida “Barselona” 10 ta oʻyinda 15 ochko toʻplab, turnir jadvalida 9-oʻrinni egallab turibdi. 

Chempionlar ligasida esa uch turning bittasida gʻalabaga erishgan. Jamoa «Benfika» va “Bavariya”ga bir xil — 0:3 hisobida magʻlubi boʻlgan va oʻz guruhida uchinchi oʻrinni egallab turibdi.

Kuman 2020-yilning avgustida “Barselona”ga bosh murabbiy boʻlgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida 67 oʻyinda jamoani boshqargan murabbiy 40 uchrashuvda gʻalaba qozongan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?