Roʻyxat: Prezident tadbirkorlar uchun eʼlon qilgan yengilliklar

16:24 21 Avgust 2021 Jamiyat
1276 0

Adliya vazirligi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 20-avgustda mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvda eʼlon qilgan yengilliklarini maʼlum qildi.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Siz kabi ishning koʻzini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz tom maʼnodagi Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlarini koʻramiz.

***

Koʻpchilik tadbirkorlarni oʻz korxonasi joylashgan yer maydonining taqdiri ertaga nima boʻladi, degan savollar qiynayotgani ham bor gap. Ushbu korxonalarning hozir egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqi asosida egallab turgan yer maydonlari, ularga mulk qilib rasmiylashtirib beriladi. Yaʼni, bu yerni boshqa odam sotib ololmaydi, uni xususiylashtirishga faqat yer egasining oʻzi haqli boʻladi. Bunda yerning turiga qarab, uning joylashgan hududidan kelib chiqib, yerlar imtiyozli shartlar asosida ushbu korxonalarga xususiylashtirib beriladi.

Bundan keyin tadbirkorlar yerdan yuqori likvidli aktiv va garov obyekti sifatida foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

***

Bundan keyin yangi yer maydonlarini auksionga chiqarishdan oldin har bir hududni rivojlantirish boʻyicha aniq rejani tuzib olishimiz zarur.

Koʻplab taraqqiy topgan davlatlar tajribasini oʻrganganimizda, birorta mamlakatda yer maydonlarini rejasiz berib yuborish mumkin emasligiga guvoh boʻldik. Oldin aniq hudud tanlab olinib, uning “master-plani” ishlab chiqiladi.

Qayerda – uy, qayerda – maktab, qayerda – ishlab chiqarish boʻlishi aniq belgilanib, infratuzilmalar yaratish rejasi tuziladi. Shundan keyingina yer uchastkalari aniq loyiha bilan savdoga chiqariladi.

Shuning uchun viloyat hokimlari kadastr va arxitektura idoralari bilan birga, ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etishlari, aniq hududni belgilab, rejasini tasdiqlab, keyin yerlarni auksionga qoʻyishlari lozim.

Shuningdek, har bir viloyatda maxsus jamgʻarmalar tashkil etiladi va yer maydonlarini sotishdan tushgan mablagʻ toʻliq tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilib, tadbirkorlar uchun infratuzilma yaratish va rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

***

Koʻplab tadbirkorlar yuqori sifat va nazorat tizimiga ega boʻlgan mamlakatlardan (Yevropa Ittifoqi, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi) sertifikatlangan asbob-uskuna va xomashyolarni olib kelganida, milliy sertifikat olish talabi mavjudligini eʼtiroz sifatida qayd etishgan. Masalan, asbob-uskunalar va xomashyoga sertifikat olishda 2-3 million soʻm xarajat, 5-10 kun muddat talab etiladi.

***

Bir oy muddatda bunday davlatlar roʻyxati shakllantirilib, ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga milliy sertifikat olish amaliyotini bekor qilish boʻyicha qaror loyihasi kiritiladi.

***

Kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar “onlayn” tarzda rasmiylashtiriladi. Joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni yana kamida 30 foizga qisqartiriladi.

***

1-noyabrdan barcha texnik talablarga toʻla javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilinadi. Bunda mahsulot sifatini taʼminlash, ishlab chiqarishning yagona standart va xavfsizlik talablariga toʻla javob berishi kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

***

Tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan har qanday tekshirish, monitoring va nazorat tadbirlarida adolat mezonlari va qonun ustuvorligi taʼminlanishi shart. Buning uchun Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorning roziligi bilan barcha tekshirishlarda ishtirok etish va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish vakolati beriladi.

***

Joriy yildan boshlab, ish oʻrni yaratishda, innovatsiyalarni tatbiq etishda, soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashda, eksport qilishda, yetuk mutaxassislar tayyorlashda barchamizga namuna boʻladigan biznes vakillari haqida har yili “Yilning ilgʻor tadbirkorlari” kitobi chop etib boriladi. Bunday tadbirkorlarimizni munosib taqdirlash va ragʻbatlantirish uchun alohida davlat mukofotlarini ham taʼsis etamiz. Bundan buyon tadbirkorlarning oʻz orden va medallari ham boʻladi.

20-avgust mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilindi.

***

Takror va takror aytaman, ishning koʻzini biladigan, odamlarga mehnat qilish va daromad topish uchun sharoit yaratadigan, vatanparvar hamda fidoyi tadbirkorlarni biz doimo boshimizga koʻtaramiz.

Prezidentning talabi va boshlagan islohotlarimizning asl maʼno-mazmuni ham aynan shundan iborat.

Barchamiz ana shu talab asosida ishlasak, mehnat qilsak, albatta mamlakatimizda tadbirkorlik rivoji mutlaqo yangi bosqichga koʻtariladi.

***

Qayerda muhit yaxshi boʻlsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini toʻgʻri tushungan boʻlsa, oʻsha yerda ish uslubi, tadbirkorlarga munosabat oʻzgargan. Aksincha, tadbirkorning dardi bilan yashamagan, ular koʻtargan muammolarning ichiga kirmasdan, koʻmak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning oʻzi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin yoʻq va kelajakda ham shunday boʻladi.

***

Banklarning kapitalini oshirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan bozor tamoyillari boʻyicha qoʻshimcha 600 million dollar ajratiladi. Bu mablagʻlar tanlov asosida, ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

Qaysi bank eng yaxshi biznes reja, qaytimi yuqori va eng koʻp ish oʻrni yaratadigan loyihalarni taqdim etsa, ushbu mablagʻlar ana shu banklarga ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?