Rishtonlik qahramon – «Kazbek», “Osiyo arsloni”ni bilasizmi?!

17:49 09 May 2022 Jamiyat
618 0

Foto: Халқ сўзи

Ikkinchi jahon urushida Fargʻona viloyatining Rishton tumanida tugʻilib oʻsgan oʻzbek oʻgʻloni Mamadali Topvoldiyevning qahramonliklari tildan tilga koʻchib, afsonaga aylangan.

Belarus yurtida koʻrsatgan jasorati tufayli ushbu mamlakatdagi qishloqlardan biri uning sharafiga «Topvoldiyevka» deb atalgani bejiz emas. Uning nomini eshitganda dushmanning oyogʻi qaltirashi, shaxsan Gitlerning oʻzi Mamadali Topvoldiyevning boshi uchun katta miqdorda pul vaʼda qilgani tarixiy manbalardan maʼlum.

Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Rishtonning qahramon oʻgʻloni Mamadali Topvoldiyev tugʻilib oʻsgan Zohidon qishlogʻida tashkil etilgan memorial muzeyining tantanali ochilish marosimida uning bu kabi mislsiz jasorati yodga olindi.

Tantanali tadbirda Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Mamadali Topvoldiyevning Ikkinchi jahon urushida koʻrsatgan qahramonliklarini alohida eʼtirof etdi. Ayniqsa, Belarus hududidagi janglar va partizanlik harakatida ulkan jasorat koʻrsatib, «Kazbek», “Osiyo arsloni” nomi bilan mashhur boʻlganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Ayni kunlarda ikki xalqning Mamadali Topvoldiyevga yuksak hurmati razi sifatida Fargʻona viloyatida “Oʻzbekfilm” hamda “Belarusfilm” milliy kinostudiyasi hamkorligida “Osiyo arsloni” nomli filmni suratga olish ishlariga olib borilmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan “Belarus film” milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiy Belarus xalqi Mamadali Topvoldiyev koʻrsatgan jasoratni hech qachon unutmasligini aytib oʻtdi. Oʻzbek oʻgʻlonining mardligidan hikoya qiluvchi ushbu biografik drama har ikki mamlakat hududida suratga olinib, kelgusi yilning 9-may kuni premyerasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Nuroniylar ishtirokida ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari muzey faoliyati bilan tanishdilar. Taʼkidlash oʻrinliki, muzey qurilishi uchun viloyat mahalliy byudjetidan 1,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?