Rishtonda MIB xodimlari ajrashgan er-xotinni yarashtirdi

16:20 10 Avgust 2022 Jamiyat
289 0

Illustrativ foto

Majburiy ijro byurosining Fargʻona viloyati Rishton tumani boʻlimi xodimlari tomonidan aliment toʻlovchi qarzdorlarning uylariga borib, oila muqaddas ekani va uni arzimas maishiy muammolar tufayli barbod etish milliy qadriyatlarimizga ham, qonunchiligimiz maqsad-muddaosiga ham nomuvofiqligi keng tushuntirilmoqda.

Shu yilning 10-avgust kuni Byuroning ish yurituvida boʻlgan Fuqarolik ishlari boʻyicha Rishton tumani sudi qaroriga asosan qarzdor T.O.dan undiruvchi T.Ch. foydasiga bir nafar farzandi taʼminoti uchun aliment undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati yuzasidan qarzdor va undiruvchi bilan suhbat oʻtkazildi. Suhbat asnosida er-xotin farzand taqdiriga birdek javobgar ekani, oilani asrash, oʻtkinchi havaslar tufayli oilaviy rishtalarni shunchaki uzib yuborishning noxush oqibatlari haqida gapirib oʻtildi. Er va xotin oʻz dardini, maqsadlarini yuzma-yuz turib bayon etishiga imkoniyat yaratildi. Shu tariqa ular yarashtirilib, ijro ishi tamomlandi. Muhimi, bu oilada oʻsayotgan bolaning bagʻri endi butun boʻldi.

— Qarzdor ota yoki onalardan faqat alimentni undirish emas, balki oilalarni yarashtirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqdamiz, — deydi MIBning Rishton tuman boʻlimi boshligʻi Salimjon Qurbonov. — Xodimlarimiz hududlarda muntazam ravishda tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borib, oilalarni saqlab qolishga oʻz hissalarini qoʻshishga harakat qilayotgani buning yaqqol isbotidir.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?