Rishton tumanida noyob gul navlarini yetishtirishga ixtisoslashgan oilaviy korxona faoliyat yuritmoqda
Rishton tumanidagi “Chek Nasriddin” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Yursunali Ahmedov oilasi bugun gulchilik bilan shugʻullanuvchi mashhur sulola sifatida tanilgan. Ayni paytda ushbu xonadon aʼzolari Niderlandiya, Xitoy va Tailand davlatlaridan olib kelingan koʻp yillik, noyob gul navlarini parvarishlab, aholi xonadonlari, korxona-tashkilotlar hamda obodonlashtirish sohasi xodimlariga yetkazib berib kelmoqda.
Xonadonda qish mavsumi boʻlishiga qaramay, jahon bozorida mashhur boʻlgan Niderlandiya lolalari, “aglanema” guli, Xitoy bambugi, Tailanddan keltirilgan oʻziga xos bezakli va xushboʻy ifor taratuvchi 20 turdan ortiq gul navlari parvarishlanmoqda. Bahor faslining eng tigʻiz mavsumida esa gulchilar oilasi 150 turdan ziyod gullarni yetishtirish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatiga ega.

Yangi istiqbolli biznes-rejaga muvofiq, xonadon tomorqasida gidroponika usulida zamonaviy, moʻjaz issiqxona barpo etish hamda bir yillik mahalliy atirgullar yetishtirishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu orqali mahallada gulchilikni asosiy drayver sohalardan biriga aylantirish maqsad qilingan. Ayni paytda atrof-muhitdagi qoʻshnilar ham mazkur tajribani qiziqish bilan oʻrganib, tomorqalaridan samarali foydalanish orqali oila farovonligi va doimiy daromad manbaini oshirishga muvaffaq boʻlmoqdalar.
— Gulchilik juda nozik va sabr-toqat talab qiladigan soha, har bir gulga alohida mehr va eʼtibor kerak, — deydi oila bekasi Umida Ahmedova. — Shu bois kichik koʻchatligidan parvarishlangan har bir gul biz uchun xuddi farzanddek qadrli. Har kuni erta tongdan kelinim bilan birga gullarning oʻsishi, ochilish mavsumi, gullash jarayoni kabi jihatlariga alohida eʼtibor qaratamiz. Chunki gullar sogʻlom oʻsishi, chiroyli gullashi va doim xushboʻy ifor taratishi uchun har biriga individual yondashuv talab etiladi.

Quva tumanidan Rishtonga kelin boʻlib tushgach, Umida Ahmedova bolalikdan orttirgan gulchilik tajribasiga tayangan holda mahallada ushbu tarmoqni rivojlantirishga astoydil hissa qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda mahalladagi bir necha qoʻni-qoʻshnilar tomorqasida ham bir yillik atirgullar yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.
Aytish joizki, gulchilik bu yerda shunchaki xobbi emas, balki yuqori daromad keltiradigan samarali biznesga aylangan. Xonadonda parvarishlanayotgan ayrim noyob gullarning bir donasi oʻrtacha 500 ming soʻmdan 1,5 million soʻmgacha baholanadi. Xaridorlar soni koʻp boʻlgani bois buyurtmalar uzluksiz qabul qilinadi. Yurtimizning qulay tabiiy-iqlim sharoiti esa dunyoning istalgan burchagidan olib kelingan gul koʻchatlarining mahalliy muhitga tez moslashishiga xizmat qilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, bugungi kunda “Chek Nasriddin” mahallasida 723 ta xonadonda qariyb 3 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Dehqonchilik va tomorqachilik mahallaning asosiy iqtisodiy drayveri sifatida belgilangan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring