Rejasiz ish — qolipsiz gʻisht

18:21 18 Fevral 2021 Jamiyat
683 0

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga mos ravishda parlament vakillari, shu jumladan, senatorlar faoliyatida ham yangilanishlar koʻzga yaqqol tashlanyapti. Ular bir paytlarda boʻlganidek kabinetda oʻtirib emas, balki xalq orasiga kirib borgan holda ish yuritmoqda. Masalan, odamlar bilan muloqot asnosida joylardagi muammolarni aniqlamoqda, murojaatlarda koʻtarilgan har bir masalaga yechim topmoqda, qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan aholining takliflarini oʻrganmoqda, qonunlar yoki dasturlarning hududlardagi ijrosini tahlil qilmoqda...

Oliy Majlis Senati aʼzosi Farhod Boqiyevdan bir kun davomida nima yumushlar bilan shugʻullanishi haqida gapirib berishini soʻradik.

— Darhaqiqat, senatorlarning xalq bilan uchrashuvlari, yaratilgan qonunlar ijrosi haqida koʻp yozilyaptiyu, ularning faoliyat mezoni, yaʼni bir kunlik ish jarayoniga kamroq eʼtibor qaratilayotgandek chamamda. Basharti, shunga jazm qilgan ekansiz, bundan faqat xursand boʻlaman. Senator — xalq vakili, demak, xalq bizni saylagan ekan, ishonchni oqlash uchun bor bilim va salohiyatimizni ishga solamiz.

Aytmoqchi, senator etib saylanganimda oʻzimga zimmamdagi vazifalarni 100 foiz bajaraman, deb vaʼda bergandim. Buni qarangki, Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasidan soʻng ish surʼatini keskin oshirsak ham kamdek tuyulyapti. Bu hujjatni qayta-qayta oʻqib, shunday xulosaga keldimki, u har bir soha vakiliga, oddiy fuqarodan tortib vazirgacha katta masʼuliyat yuklaydi. Biror kishi ayta olmaydiki, bizga tegishli band yoʻq deb. Shu jumladan, senatorlar zimmasidagi masʼuliyat yuz chandon oshdi desam, sira xato qilmagan boʻlaman.

Faoliyatim mezoni haqida soʻrayapsiz, ertalab soat 9.00 da ish boshlanadi, men esa vaqtliroq kelaman. Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasida doimiy asosda ishlovchi senatorman. Bizda shunday tartib bor: qoʻmitada har kuni ertalab ish boshlashdan oldin bir kunlik ish rejamizni belgilab olamiz. Toʻgʻri, bizda haftalik, choraklik va yillik rejalar mavjud, ammo kunlik reja baribir kerak. Aytishadi-ku, rejasiz ish — qolipsiz gʻisht, deb.

Faoliyatimiz haqida gapirsam, Qonunchilik palatasida qonun loyihasi ishlab chiqilib, Senatga kelib tushgach, u oʻz-oʻzidan tasdiqlanib qolmaydi. Biz bu qonunni hududlar manfaatlari nuqtayi nazaridan oʻrganamiz hamda joylardagi senatorlarga yuborib, ularning taklifini olamiz. Ana shu jarayonda mahalliy Kengashlar deputatlari fikrlari bilan ham qiziqamiz. Keyin ekspertlar guruhi chigʻirigʻidan oʻtkaziladi. Senat qoʻmitalari xulosalari olingach, yalpi yigʻilishda qonun keng muhokama qilinadi.

Shu oʻrinda qonun ijodkorligi jarayonidagi ishtirokim haqida ham bilmoqchisiz, shundaymi? Oltita qonun yaratilishida bevosita qatnashganman. Ulardan biri — “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun boʻlib, bu hujjat bugungi kunda fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, oʻzaro janjal vaqtida shu ashyolar bilan qoʻrqitish yoki ularni qoʻllash kabi harakatlarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Tahlillarga koʻra, 2017 — 2019-yillarda 10 ming 65 ta, shundan 6 ming 835 tasi pichoq, 2020-yilning 6 oyida esa 14 ming 957 ta, shundan 12 ming 762 tasi pichoq va qolgani boshqa turdagi predmetlar vositasida huquqbuzarliklar sodir etilgan. Bularning salbiy oqibatlari xususida gapirmasam ham tushunarli.

Shularni hisobga olib, fuqarolar tomonidan jamoat joylarida, kasbiy yoki sport faoliyatida, xoʻjalik-maishiy maqsadlarda sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni gʻilofsiz olib yurganlik uchun jarima belgilash Qonun bilan mustahkamlandi.

Bu hali faoliyatimizning hammasi emas. Senatga fuqarolardan murojaatlar ham koʻp boʻladi. Bu murojaatlar mahalliy hokimliklar, viloyat tashkilotlarida yoki vazirliklarda yechimini topmagach, jismoniy yoki yuridik shaxs oxirgi ilinj sifatida Senatga arz qiladi. Bizda birorta shikoyat eʼtiborsiz qoldirilmaydi, hammasi nazoratda. Muhimi, koʻplariga ijobiy yechim topilyapti. Ijro hokimiyati ham tushunib qoldi. Chunki ulardan aniq javob berishni talab qilyapmiz-da.

Muammo koʻp, ammo har birining yechimi ham bor. Qarshi tumanida 25 ta, Boyovut tumanida 35 ta mahalla fuqarolar yigʻini oʻz binosiga ega emas, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bu muammoni hal etishi kerak edi. Hal boʻlavermagach, yalpi majlisda mutasaddilarga murojaat qildik. Yana bir misol: Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon shahridagi madaniyat saroyini taʼmirlash uchun 6,5 milliard soʻmlik mablagʻ ajratish kechikayotganiga izoh soʻrab, Madaniyat vazirligi mutasaddisiga savol berdik. Bulardan maqsadimiz — aholidan kelayotgan har bir murojaat eʼtiborsiz qolmasligini taʼminlashdan iborat.

Endi bir kunlik faoliyatim toʻgʻrisida Qashqadaryo viloyatiga qilgan xizmat safarim asosida javob beraman. Avvalo, qashqadaryoliklar har bir uchrashuvda davlatga ishonchi ortib borayotgani va oʻzlari tomonidan koʻtarilayotgan taklif va mulohazalar hujjatlarda aks etayotganidan mamnunligini izhor qilganini aytish kerak.

Kun davomida bunday uchrashuvlardan bir nechtasini oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Masalan, Qarshi shahridagi «Qilichbek Qoʻrgʻoncha» mahalla fuqarolar yigʻini, shahardagi 9-umumiy oʻrta taʼlim maktabi, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda Qarshi davlat universitetida muloqotlar oʻtkazdik. Ularda shu yil 4-fevralda Prezident tomonidan imzolangan “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi Farmon mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targʻib etdik. Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisida koʻrilgan masalalar xususida atroflicha maʼlumot berdik.

Shuningdek, joriy yil 6-yanvarda Qarshi shahridagi Otchopar mahallasida uyda gaz portlashi oqibatida roʻy bergan falokatdan jabr koʻrgan xonadon egalari holidan xabar oldik hamda Shodlik mahallasidagi yotoqxonada yashayotgan aholi sharoiti bilan tanishdik.

Koʻryapsizmi, senator bir kun mobaynida qancha yumushga ulgurishi kerak. Buni nokamtarlikka yoʻymang-ku, bu, senatorlardan katta kuch, bilim va Vatanga boʻlgan sadoqatni, eng muhimi, yuksak masʼuliyatni talab etadi.

Faxriddin BOZOROV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?