Respublikamizda qancha subyekt QQS toʻlovchisi hisoblanadi?

15:32 15 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
291 0

Bu haqda yaqinda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan OAV vakillari uchun “Soliq idorasi — tadbirkorga koʻmakchi: QQS toʻlovchilariga xizmat koʻrsatish misolida soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarga koʻrsatilayotgan servis xizmatlar, QQSni qaytarishning yangi tartibi” mavzuida tashkil etilgan press-turda maʼlumot berildi.

Maʼlumki, 2020-yil iyul oyidan boshlab Oʻzbekiston soliq xizmati organlari tizimi tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish jarayoni boshlandi. Maqsad – soliq toʻlovchilarga yuqori sifatli xizmat koʻrsatish va tizimning servisga yoʻnaltirilganlik darajasini oshirish. Shu bilan birga, soliq toʻlovchilarning oʻz soliq majburiyatlarini ixtiyoriy va qulay tarzda bajarishini taʼminlash.

Barcha QQS toʻlovchilarining soliq maʼmuriyatchiligi bosqichma-bochqich yangi darajaga oʻtmoqda. Xizmat koʻrsatishning yangi tartibi birinchi bosqichda Toshkent, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida joriy etildi. U yerda 1-iyuldan boshlab soliq toʻlovchilarga tegishli ravishda Toshkent shahar DSB va viloyat davlat soliq boshqarmalarida xizmat koʻrsatilmoqda, ilgari bu masala shahar va tuman davlat soliq inspeksiyalarida koʻrib chiqilgan.

QQS toʻlovchilariga xizmat koʻrsatish 1-sentyabrdan boshlab butun mamlakat boʻylab hududiy soliq boshqarmalariga oʻtkazildi.

Hududiy DSBlar tarkibiy tuzilmasini qayta tashkil etish QQSni rasmiylashtirish va qaytarish bilan shugʻullanadigan maxsus boʻlimlar tashkil etishga asoslangan. DSBlarda umumbelgilangan soliqlar boʻyicha maʼlumotlarni jamlash uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish choralari koʻrilmoqda, soliq toʻlovchilarga odatiy tartibda va masofadan turib xizmatlar koʻrsatish uchun maksimal darajada qulayliklar yaratilmoqda.

Yangi mexanizm xizmat koʻrsatish sifati va tezligini oshirishda oʻz samarasini koʻrsatdi. Soliq toʻlovchilarning soliq organlariga birinchi murojaatida yechimini topmagan masala boʻyicha yuqori organlardan javob kutish holatlari keskin kamaydi. Vazifalarning aniq taqsimlanishi har bir masalani batafsil oʻrganishga va ishlarni manzilli tashkil etishga imkon berdi.

Tarkibiy tuzilmani qayta tashkil etish tadbirkorlik subyektlaridan ortiqcha ovoragarchiliklarni talab qilmadi, barchasi avtomatik tarzda amalga oshirildi. 

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Davlat soliq qoʻmitasida QQS toʻlovchisi sifatida 102 537 ta subyekt roʻyxatga olingan. OAV vakillari yangi tatbiq etilgan struktura bilan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi (QQS boʻlimi) hamda “Krantas GROUP”MCHJ korxonasi misolida tanishishdi.

Qayd etish joizki, Toshkent shahar DSB tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarga xizmat koʻrsatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va tezkor servis xizmatlari koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-avgustdagi “Qoʻshilgan qiymat soligʻi hamda chet el yuridik shaxslari bilan bogʻliq soliq maʼmurchiligini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, QQS summasi oʻrnini qoplash (qaytarish)ning yangi shartlari va tartibi belgilandi. Ular nizomda alohida koʻrsatilgan, QQS salbiy farq summasini qoplash (qaytarish) unga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar soliq davri oxirida QQS boʻyicha byudjetga toʻlash uchun hisobga olingan soliq summasi hisoblangan soliq summasidan koʻp boʻlsa, unda QQSni qoplash (qaytarish) bilan bogʻliq vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, soliq toʻlovchi ortiqcha toʻlagan yoki undan ortiqcha undirib olingan qoʻshilgan qiymat soligʻi mablagʻlarini qaytarib olish huquqiga ega.

Pandemiya davrida QQS summasini qoplash (qaytarish) masalasining shaffof va tezkor tarzda hal etilishi alohida ahamiyatga ega. Tadbirkorlik sohasi uchun bu davlat tomonidan berilgan maqsadli yordam boʻlib, qaytarilgan mablagʻlarni ehtiyojlari (aylanma mablagʻlarini oshirish, xom ashyo xarid qilish, xodimlarga ish haqi toʻlash va boshqalar) uchun ishlatishga imkon beradi. Shuningdek, QQS zanjiridagi uzilishlarning oldini oladi.

DSQ matbuot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?