Respublika perinatal markazida yiliga 1500 nafardan ortiq erta tugʻilgan chaqaloqlar reabilitatsiya qilinmoqda — SSV

16:03 18 Sentyabr 2022 Jamiyat
620 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Onalar va bolalarda uchraydigan kasalliklarni erta aniqlash, chaqaloq dunyoga kelgan zahoti undagi tugʻma nuqsonlarni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda malakali mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlangan qator tibbiyot muassasalari tashkil etilgan.

Respublika perinatal markazi — ular orasida eng yetakchisi. Prezidentimizning “2022–2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori asosida muassasa faoliyati yanada takomillashtirib borilmoqda.

— Qarorda 46 ta tumanlararo perinatal markazda chaqaloqlar reanimatsiyasi boʻlimini ochish koʻzda tutilgan, — deydi Respublika perinatal markazi direktori Nilufar Oʻrinboyeva. — Markazimiz mutaxassislari tomonidan tumanlararo perinatal markazlar xodimlari uchun maxsus dastur boʻyicha amaliy yordam koʻrsatilib, trening va mahorat darslari oʻtkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, tumanlararo perinatal markazlarning moddiy-texnik bazasi xatlovdan oʻtkazilib, ehtiyojlari aniqlandi.

RPM mutaxassislari ham, oʻz navbatida, doimiy ravishda GIZ, UNFPA,UNICEF kabi xalqaro tashkilotlar hamkorligida Germaniya, Turkiya, Avstriya, Italiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda malaka oshirib kelmoqda.

Muassasaning I.V.Kulakov nomidagi ona va bola markazi, shuningdek, Rossiya Fanlar Akademiyasining muxbir aʼzosi, Rossiyaning bosh bolalar jarrohi, Irkutsk shahridagi davlat bolalar klinik shifoxonasi bosh shifokori Yu.A.Kozlov bilan imzolagan memorandumlar ham perinatal markaz xodimlarining oʻz tajribasini oshirishlarida qoʻl kelmoqda.

RPMning neonatal boʻlimlarida yiliga 1500 ortiq muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarga yuqori texnologik yordam koʻrsatilib, parvarish va reabilitatsiya qilinishi ular orasida nogironlik holatlarining ikki baravar kamayishiga olib keldi.

Markazda ikki, uch va toʻrt nafarlik egizak homilalarni tugʻdirish usullari ishlab chiqilgani ham diqqatga sazovor. Muassasada 2021-yilda va 2022-yil boshida oʻttizga yaqin toʻrttalik egizaklar shu usulda dunyoga keltirilgan. Ularning barchasi muddatiga yetmay tugʻilgan chaqaloqlar hisoblandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?