Respublika onkologiya markazi uchun yangi bino quriladi

19:19 14 May 2021 Jamiyat
804 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.

Markazda 10 ta davolash korpusi boʻlib, 370 ta oʻringa ega. Bu yerda yiliga 9 mingdan ortiq bemorga statsionar, 43 ming nafariga ambulator tartibda xizmat koʻrsatilmoqda.

Toshkent va Qoʻqon shaharlari, Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda markazning hududiy filiallari tashkil etilgan. Ularning har birida palliativ yordam boʻlimlari ochilgan. Ilk bor, barcha hududiy onkologik muassasalar jami 22 ta zamonaviy nur terapiyasi uskunalari bilan jihozlandi. Tibbiyot markazi bilan barcha filiallar oʻrtasida telemeditsina amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Soʻnggi uch yilda tizimdagi 150 nafar mutaxassis nufuzli xorijiy klinikalarda davlat hisobidan malaka oshirgan.

Bemorlar uchun eng qiyini kerakli dorilarni topish va sotib olishdir. Shu bois bu borada davlat tomonidan ham koʻmak koʻrsatilmoqda. Onkologiya xizmati uchun dori-darmon va sarflov vositalariga 2016-yilda 8 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich qariyb 62 milliard soʻmga yetgan.

Davlatimiz rahbari markazda davolanayotgan bolalarga shifo tilab, ota-onalariga dalda berdi.

- Bu bir sinov. Ana shu sinovlardan bardosh bilan oʻtib, tezroq sogʻayib, uyga qaytsalaringiz, hammamiz xursand boʻlamiz. Men bolalar, yoshlar haqida koʻp gapiraman, ularga katta umidlar bogʻlayman. Ilohim, mana shu bolalarning ham kasalligi esdan chiqib, xalqimizga xizmat qiladigan farzandlar boʻlib yetishsin. Ulugʻ ayyom kunlarida Xudodan shuni soʻraymiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident markazning hozirgi imkoniyatlari yetarli emasligini taʼkidlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining boʻsh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish boʻyicha topshiriq berdi.

Shu yerda onkologiya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida mobil brigadalar tuzib, xavf guruhiga kiruvchi aholi uchun profilaktik koʻriklar oʻtkazish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun har bir hududga mobil mammograflar va pozitron-emission tomograflar yetkazib beriladi. Saraton kasalliklarini erta aniqlaydigan laboratoriyalar tashkil etilib, maxsus onkomarkerlar tekshiruvlari yoʻlga qoʻyiladi.

Ikkinchi asosiy masala - davolash sifatini oshirish. Shu maqsadda joylardagi onkologiya va gematologiya shifoxonalarini taʼmirlab, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, malakali mutaxassislarni jalb qilish vazifasi belgilandi. Kasallik oqibatida oyoq-qoʻli amputatsiya boʻlgan bemorlarni protez mahsulotlari bilan taʼminlash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi va viloyat hokimlari, shifokorlar oʻz hududlarida onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni yaxshilash boʻyicha takliflarini bildirdi.

Mazkur barcha vazifa va takliflarni inobatga olgan holda, onkologik va gematologik kasalliklarni davolashni tubdan oʻzgartirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilinadigan boʻldi.

Videoselektordan soʻng, davlatimiz rahbari Toshkent tibbiyot akademiyasi hududiga borib, Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi binosi uchun moʻljallangan joyni koʻrdi. Yangi binoni Janubiy Koreya tajribasi va loyihasi asosida qurish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?