Respublika ishchi guruhining Qamashi tumanidagi faoliyati qanday natijalar berdi?

14:33 08 Fevral 2023 Jamiyat
327 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi oʻz faoliyatini joriy yilning 30-yanvar – 6-fevral kunlari Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida olib bordi.

Guruh faoliyati “Oqqoʻrgʻon tajribasi”dan kelib chiqib, muammolar mahallalar kesimida uyma-uy, “xonadonbay” oʻrganishlar asosida olib borildi.

Oʻn yettita vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari, sohaviy tashkilotlari rahbarlari va vakillari ishtirokida ishchi guruhlar va tezkor shtablar tuzilib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va mavjud tizimli muammolar har tomonlama tahlil qilindi.

Oʻrganishlarning natijasida shu maʼlum boʻldiki, tuman aholisining asosiy qismi elektr energiyasidagi uzilishlar, transport xizmatidan, gaz taʼminoti pastligi, ichimlik suvi taʼminoti va ichki yoʻllar holatidan qoniqmasligi maʼlum boʻldi.

Oʻrganishlar natijalari boʻyicha hududda aholi uchun dolzarb muammolarni hal etish maqsadida qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tumandagi ijtimoiy infratuzilma holatini yaxshilash uchun tumandagi 97,5 km ichki yoʻllar shagʻallashtirildi, 70,4 km gaz quvurlari taʼmirlandi, 2 ming tonnaga yaqin qoʻshimcha suyultirilgan gaz, 500 tonna qoʻshimcha koʻmir yetkazildi, 7 ta yangi transformator oʻrnatildi, 8,5 km yangi elektr tarmogʻi tortildi, 19 ta transformatordan chiquvchi 2,9 km simlar almashtirildi, 259 dona yangi beton ustunlar oʻrnatildi.

Shu bilan birga tuman aholisi turmush darajasini oshirish maqsadida, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 235 nafar fuqarolarga 6,6 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi, 320dan ziyod tadbirkor va fuqarolarga 12,4 mlrd. soʻm kredit mablagʻi berildi. Tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshimcha 16 mlrd. soʻm kredit resursi ajratilishi taʼminlandi. 139 nafar ishsiz fuqarolarga bepul asbob-uskuna, tikuv mashinasi, pishiriq pechi, inkubator, sugʻorish vositalari v h.k. yetkazib berildi.

Aholi bandligi masalasi ham Respublika ishchi guruhining eʼtibor markazida boʻldi. Bir ming ikki yuzdan ziyod fuqarolarning bandligiga koʻmaklashildi. Jumladan, 722 nafar ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi, 158 nafari kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltirildi, 101 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishiga jalb etildi, 208 nafari oʻzini oʻzi band qilishi boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarka” orqali 96 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Oʻrganishlar davomida taʼlim maskanlarida aniqlangan kamchiliklar ham bartaraf etildi. Oltita maktabga 91 mln. soʻmlik badiiy adabiyotlar toʻplami va sport anjomlari tarqatildi. Uchta maktabga 345 mln. soʻmlik quyosh panellari olib kelinib, oʻrnatish ishlari boshlandi.

Joylarda aholi ijtimoiy muhofazasi ham asosiy masalalardan biri boʻldi. 100 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga 1,2 mln. soʻmdan moddiy yordam koʻrsatildi, 28 nafar fuqarolarga dehqonchilik bilan shugʻullanishlari uchun 50 sotixdan yer maydonlarini auksion orqali sotib olishida amaliy yordam koʻrsatildi, 21 nafar fuqaroning uy-joyini taʼmirlash ishlari yakunlandi, 9 nafarini uy-joylarini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. “Temir, Ayollar va Yoshlar” daftaridagi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, jami 212 nafar fuqarolarga 945 mln soʻmlik subsidiyalar tarqatildi.

Umuman olganda, Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan 7 mingdan ziyod muammolarning 4 mingdan ziyodi joyida hal etildi, qolganlari boʻyicha aniq moliyalashtirish manbalari, ijro muddatlari va masʼul ijrochilar belgilangan holda “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va nazoratga olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?