Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatida aholi muammolarini oʻrganmoqda

12:47 21 May 2025 Jamiyat
101 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. 20–29-may kunlari Vazirlik va idoralar masʼullaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi Fargʻona viloyatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan viloyat hokimligida ishchi guruh tomonidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda viloyat hokimligi mutasaddilari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, Xalq qabulxonasi, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda ishchi guruh aʼzolari ishtirok etdi. Ishchi guruh rahbari — Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Poʻlat Bobojonov mahallalarda aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazish, muammolarni oʻrganish va ularni hal etishga qaratilgan vazifalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

U shahar va tumanlarda oʻtkaziladigan sayyor qabullar orqali ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va boshqa hayotiy muammolarni hal etishda har bir murojaatga masʼuliyat bilan yondashish lozimligini taʼkidladi. Bu yoʻnalishda hududlar kesimida tasdiqlangan reja asosida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi va masʼullarga har bir jarayonga jiddiy yondashish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Fargʻona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida Respublika ishchi guruhi aʼzolari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Qabulda Fargʻona va Quvasoy shaharlari aholisi, vazirliklar va idoralar masʼullari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahalliy hokimiyat vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida turli murojaatlar eshitilib, joyida hal etish choralari koʻrildi. Fargʻona shahrida yashovchi Shahnoza Akbarova sogʻligʻidagi nuqsonga qaramay, oilasi bilan birga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan. U qish mavsumida gaz taʼminoti bilan bogʻliq muammosi hal etilgani uchun masʼullarga minnatdorchilik izhor etdi.

— Oliy sudga murojaatim ijobiy hal etildi va oʻz mulkimga boʻlgan qonuniy huquqim tiklandi, — deydi tadbirkor Xayrullo Egamov. — Endi faoliyatimni kengaytirib, qoʻshimcha 30 ta ish oʻrni yaratishni rejalashtirganman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?