Renessans binolari

15:30 16 Sentyabr 2021 Jamiyat
508 0

Samarqand tibbiyot instituti yangi oʻquv binosining dron orqali tushirilgan surati

Bugun sizga ikkita bino haqida hikoya qilmoqchimiz. Ikkalasi ham oliy oʻquv yurtining binolari. Ikkalasining ham loyihasi bir xil. Ikkalasining ham taqdiri bir xil. Yana ularni bir-biriga bogʻlab turgan bir jihat bor, bu haqida keyinroq.

Dublin universiteti

Dublin universiteti Irlandiyadagi eng qadimgi oliy oʻquv yurti. Universitet “Qadimiy universitetlar” deb nomlanuvchi norasmiy roʻyxatga kiritilgan. Bu roʻyxatga Dublin universitetidan tashqari Angliyadagi Oksford va Kembrij universitetlari va Shotlandiyadagi toʻrt universitet kiradi. Bu universitetlar bekorga “Qadimiy universitetlar” roʻyxatiga kiritilmagan: ularning barchasi Oʻrta asrlarda, aynan Renessans davrida qurilgan.

                                                                              Irlandiyadagi Dublin universiteti

XVI asr oxirida Dublin shahrining bir guruh tashabbuskor ziyolilari Oksford va Kembrij universitelarini borib koʻrib, bu universitetlar faoliyatini oʻrgangach, Irlandiyada ham shular kabi oliy oʻquv yurti boʻlishini orzu qilishadi va Angliya qirolichasi Yelizaveta I ga murojaat qilishadi.

Qirolicha Yelizaveta I esa, ziyolilar kutgandan ham tez universitet qurilishi uchun mablagʻ ajratadi.

Xullas, ziyoli insonlar tashabbusi va qirolichaning homiyligida bugun dunyodagi eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri – Dublin universitetiga asos solinadi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti

Samarqand davlat tibbiyot instituti ham Oʻzbekiston tarixidagi eng dastlabki institutlardan biri. U 1930-yilda ochilgan. Bugungi kunga kelib yetti mingga yaqin talaba dars olayotgan tibbiyot institutining binosi zamon talablariga javob bermay qolgan, talabalar institutga sigʻmas, u binodan bu binoga sarson boʻlib yurishardi.

Xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan, bolalar xirurgiyasi sohasida ilmiy maktab yaratgan mashhur olim 2004 - 2020-yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida rektorlik qilgan tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Shamsiyev ham Renessans davridagi irlandiyalik ziyolilar tashabbusini takrorladi. U Samarqandda tibbiyot instituti nomiga yarasha bino qurishni niyat qildi.

Bungacha 1989-yilda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan 200 oʻrinli ixtisoslashgan koʻp tarmoqli “Bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy markazi” tashkil etib, yetarli tajriba toʻplagan Azamat Shamsiyev kazo-kazolarning qarshiligiga qaramay, 2011-yilning mart oyida Samarqand shahar hokimligining tibbiyot institutining yangi oʻquv binosi uchun 0,5 gektar yer maydoni ajratilishi haqidagi qarorini olishga muvaffaq boʻldi.

Ana shu yerda Samarqand meditsina institutini Dublin universiteti bilan bogʻlaydigan birinchi ish sodir boʻldi: dunyo koʻrgan olim, Yevropa tibbiyoti, tibbiy oʻquv yurtlari yutuqlarini amalda oʻrgangan professor Azamat Shamsiyev aynan Dublin universiteti binosining loyihasini olib keldi.

Loyihaning oʻziga ham, umuman, tibbiyot instituti uchun bino qurishga ham qarshi boʻlganlar topildi. Xalq salomatligi uchun masʼul boʻlgan eng yuqori idoralar, vazirliklardan professorning ishiga toʻgʻanoq boʻlguvchilar chiqdi. Azamat Shamsiyevni hech narsa toʻxtata olmayotganini koʻrgan “korchalonlar” oxirgi chorani qoʻllashdi: institut binosini qurish uchun mablagʻ ajratishga toʻsqinlik qilishdi. Rektorning olti yillik umri institut binosini qurish uchun zarur boʻladigan mablagʻni topish umidida turli idoralar eshigida oʻtdi.

                                                                 Samarqand davlat tibbiyot instituti yangi binosi

Ana shu yerda Irlandiyaning Dublin universiteti bilan Samarqand tibbiyot instituti binolarini bogʻlaydigan ikkinchi ish sodir boʻldi: Azamat Shamsiyev 2017-yilda Samarqand viloyatiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.

Hurmatli Prezidentimiz esa, Shamsiyev kutganidan ham tez javob berdi: shu yerning oʻzida mutasaddi xodimlarga topshiriq berib, institutning yangi binosi qurilishi uchun mablagʻ ajratishni juda qisqa muddatda hal qilishni vazifa qilib berdi.

2018-yil 3-fevraldagi Prezident qaroriga koʻra, Samarqand davlat tibbiyot institutining 800 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilishi uchun 54,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi bilanoq Azamat Shamsiyev zudlik bilan qurilish ishlarini boshlab yubordi va 2020-yilning boshlarida ushbu bino tayyor holatga keltirildi.

Xalq orasida halol va tajribali quruvchi nomini olgan «Bahodir-A» MCHJ rahbari Aslam Mamatqulov boshchiligidagi quruvchilar bu muhtasham binoni ikki yilda qurib bitkazdilar. Bino loyihasini tuzuvchi «Memorqurilishloyixa» MCHJ rahbari Rinat Voxidov.

Binoning devorlari tarix sinovlaridan oʻtgan Gʻozgʻon granit toshlari bilan bezatildi. Shamsiyevning qoʻlidan shifo topgan Gʻozgʻon marmar koni rahbari bu qimmatbaho granit toshlarni oʻziga va oʻgʻliga qayta hayot baxsh etgan professorning hurmatiga juda arzon narxlarda yetkazib berdi.

Bino foydalanishga topshirildi. Bu yilgi oʻquv yilida yetti mingga yaqin talaba institutning yangi binosida keng va yorugʻ oʻquv xonalarida saboq ola boshladilar.

Bizga nomaʼlum sabablarga koʻra, Dublin universitetini Samarqandga “olib kelgan”, tinib-tinchimas Azamat Shamsiyev institut rektorligidan ozod qilindi. Ammo professor Azamat Shamsiyevdan kelajak avlodlarga dunyoda tengi kam boʻlgan muhtasham ilm qasri armugʻon boʻlib qoladigan boʻldi.

Endi Dublin universiteti bilan Samarqand tibbiyot institutini bogʻlovchi uchinchi bir bogʻliqlik haqida aytmoqchiman.

Dublin universiteti 1592-yilda, Renessans davrida qurilgan boʻlsa, Samarqand tibbiyot instituti oʻquv binosi Yangi Oʻzbekistonda III Renessans poydevoriga tamal toshlari qoʻyilayotgan Yangi davrda qurildi!

Dublin universiteti Angliya qirolichasi Yelizaveta I rahnamoligida qurilgan boʻlsa, Samarqand davlat tibbiyot institutining yangi binosi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qad rostladi.

Dublin universiteti binosiga va Samarqand davlat tibbiyot instituti binosiga bir nazar tashlang! Ular xuddi egizakdek bir-biriga oʻxshash!

Samarqand tibbiyot instituti binosi ham asrlar osha xalqimizga xizmat qilsin! Samarqand tibbiyot instituti ham Dublin universitetidek dunyoning nufuzli oliygohlaridan biriga aylansin!

Kelajak avlodlar esa, bu muhtasham bino kimlarning saʼy-harakatlari, zahmatli mehnatlari evaziga bunyod boʻlganini unutishmasin!

Tibbiyot instituti yangi binosining qurilishiga rahnamolik qilgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning va bu bino qurilishiga bor kuch-gʻayratini sarflagan Azamat Shamsiyevning nomlari esa, bu bino peshtoqiga albatta zarhal harflar bilan yozib qoʻyilishiga biz ishonamiz.

Karimberdi Toʻramurod,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?