Ravshanmi, Rajab? Yoki bir qahramon nomini izlab

14:02 28 Aprel 2020 Jamiyat
1196 0

Xalqimiz oʻz qahramonlarini hamisha eʼzozlab kelgan. Yurt ozodligi, el manfaati uchun jon fido qilganlarning nomi mangulikka daxldordir. Ravshan (anigʻi Rajab) Mahmudov ana shunday botirlardan biri edi. U janggohlarda qahramonlarcha halok boʻldi. Unga Sovet Ittifoqi unvoni berilgandi.

Ming afsuslar boʻlsinkim, yuksak mukofot egasiga topshirilmasdan qoldi. Yana bir taassuflanarli joyi shundaki, R. Mahmudovning qarindosh urugʻlari haligacha topilgan emas. Xullas, qahramonga, mabodo u halok boʻlgan ersa, oila aʼzolariga topshirilishi lozim boʻlgan Oltin Yulduz hamda boshqa mukofotlar hamon sobiq SSSR Mudofaa vazirliging markaziy arxivida saqlanmoqda. Harbiy xizmatni oʻtab kelgan yillarim Samarqand shahridagi Roʻdakiy nomli 5-oʻrta maktabda ishladim. Oʻsha mavzedagi Ravshan Mahmudov nomli koʻchada istiqomat qilganman. Xotirasi abadiylashtirilgan bu odam kim boʻlib oʻtgan ekan, degan savol tez-tez xayolimga kelardi. Ayrimlardan bu haqda soʻradim ham. Lekin hech kim aniq bir javob bera olmadi. Oʻz yurtdoshlarimizning oʻtmishini bilmasligimiz meni iztirobga soldi.

Xoʻsh, kim boʻldi ekan bu odam? Qanday xizmatlari, mardliklari tufayli bunday yuksak sharafga muyassar boʻlgan? — Inqilobchi boʻlsa kerak... — Mahmudovmi? Sovet Ittifoqi Qahramoni. Bilganim shu. — Qaysi mahalladan ekani maʼlum emas. — Urushda halok boʻlganmi, keyinchalik vafot etganmi, aytolmayman... Bu xildagi javoblardan sira qoniqish hosil qilolmadim. Oʻzim mustaqil izlanishga, imkoni boʻlsa qahramonning kimligini aniqlashga jazm etdim. N. G. Bereznyakning “Oʻzbekiston“ nashriyotida chop etilgan “Oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlari” (1984-yil) kitobida Mahmudov toʻgʻrisida shunday yozilgan: “1925-yilda Samarqand tumanining Siyob qishlogʻida tugʻilgan. Oʻzbek. Sovet armiyasiga 1943-yilda Samarqand viloyatining Siyob tumani harbiy komissarligi tomonidan chaqirilgan. Oddiy askar. 145-oʻqchi diviziyasining 1323-oʻqchi polki 1-batalyoni oʻqchisi”. Dastlabki maʼlumotnomada qahramon xizmat qilgan diviziyaning 145-deb notoʻgʻri koʻrsatilgani izlanishni ancha chalkashtirib, keyinga surib yubordi. 1988-yilning yozida kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib boʻlgach, SSSR Mudofaa Vazirligining Podolsk shahridagi Markaziy Arxivida 145-diviziyaga daxldor hujjatlarni sinchiklab oʻrgandim. Oʻsha yerdagi mutaxassislardan maslahat soʻragandim, masala ravshan boʻldi: Mahmudovning diviziyasi 145-emas, 415-oʻqchi diviziya ekan!

Darvoqe, keyinchalik kitob muallifi Nikolay Bereznyak bilan uchrashdim. U “Noshirlar tezroq tayyorlab topshiring, deb shoshirishgandi”, dedi va uzr soʻradi. Mukofot varaqasida qahramonning nomi “Rojan” deb yozilgan. Aslini olganda Ravshan, Roʻshan maʼnodosh boʻlib, keng tarqalgan ismlardandir, Lekin, baribir, Ravshan boshqa, Roʻshan boshqada. Manzil aniq koʻrsatilmagandan keyin qahramonning qarindoshlari topilmaganiga shu sabab boʻlganmikin?

Oradan bir yil oʻtib yana Moskvaga yoʻl oldim. Taʼtil kunlarini arxivning oʻquv zalida ertadan kechgacha hujjat oʻrganish bilan oʻtkazdim. Toʻplagan maʼlumotlarimning barini birgina maqolada bayon etish dushvor. Mahmudov xizmat qilgan 415-qizil bayroqdor, 2-darajali Suvorov ordenli Mozir oʻqchi diviziyasi Markaziy frontdagi 61-armiya tarkibida boʻlgan. U 1941-yilning 18-sentyabrdan eʼtiboran Uzoq Sharq fronti qismlaridan bunyod qilingan ekan. 1943-yilning 13-avgust voqealari koʻz oʻngimda jonlanadi. Diviziya qismlari ixtiyoridagi jami harbiy texnika pana joylarda tizilib, shox-shabba bilan dushman nazaridan himoyalangan. Uzoqqa otadigan toʻplar qantarilgan aravalarni eslatadi. Shaxsiy tarkib katta tantanaga hozirlik koʻrmoqda. Qismlarga jangovar Qizil bayroqlar topshiriladi. Qirgʻoqdagi keng sayhonlikda barcha saf tortganda, yoʻlda avtomashinalar paydo boʻldi. Ulardan janglarda shuhrat quchgan zobitlar, generallar tushdilar. Tantana boshlandi. Marosim tugagach, 1323-polkdagi oʻt-olov kechib chiqqan oʻzbek jangchilari bilan yangi kelganlarning tanishuvi boʻldi. Yarim soat oldin boʻlib oʻtgan tantanalar taassurotidan qonlari koʻpirib, koʻzlari yonib turgan yoshlardan biri shoshmay gap boshladi — Yilning boshida xizmatga chaqirildik. Mening ismim Gʻani, familiyam Alimov. Bulungʻurlikman. Soʻngra boshqalarni bir-bir koʻrsatib dedi: Bu kishi Mamat Ahmedov, Jizzaxdan, Jumaqul Alimov – Gʻallaorol tumanidan. Xolmatvoy ham Jizzaxlik. Roʻzi bilan anovi Mahmudov Samarqand shahridan. Hammamiz harbiy tayyorgarlik davrini birga oʻtaganmiz. Yangi kelgan jangchilarda qahramon yurtdoshlari bilan faxrlanish tuygʻusi hosil boʻldi. Ularda hal qiluvchi janglarda oʻzini namoyon qilish istagi kuchli edi. Shu oqshom tongotarida butun diviziya boʻylab jangovor buyruq taraldi: “Shaylaning!”. Sumsk va Chernigov tuprogʻidagi janglarda muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan gʻalabalar qoʻlga kiritildi, — deyiladi 415-diviziya tarixi qoʻlyozmasida. Ayniqsa, 1323-polk Pridki, Petrika, Manka, Golubovka, Korobki, Dolgunsa, Peschani kabi qishloqlarni ozod etib shuhrat quchdi.

Dneprning sharqiy sohiliga chiqish uchun qilingan janglar shiddatli boʻldi. Jangchilarimiz 26-sentyabrga oʻtar kechasi daryoning bu qirgʻogʻini dushmandan tortib olib mustahkam oʻrnashdilar. Bizning qoʻshilmamizdan birinchi boʻlib 1323-polkdagi katta leytenant Lebedov batalyonining 17 nafar jasoratli jangchisi Zmeya xutori mavzeidan narigi qirgʻoqqa suzib oʻtib, jang taraddudini koʻrdilar. Oradan bir soat oʻtmay fashistlarning katta bir toʻdasi hujumga oʻtib bahodirlarni daryoga surib tashlamoqchi boʻldi. Bu hujumni barbod etish unchalik qiyin boʻlmadi. Frislar oʻlik va yaradorlarni sudrab qochib qolishdi”. Oʻrtoqlar! Toki tirik ekanmiz dushmanga omonlik yoʻq!-qichqirdi vzvod boshqaruvini gardaniga olgan serjant Qosim Yoqubov. U xandaq boʻylab yugurarkan, dushman toʻdasiga ketma-ket granata uloqtirib tutday toʻkayotgan Mahmudovning yelkasiga qoqib dedi:

- Barakalla, Rajab! Haqiqiy samarqandlik ekansan. Sen bilan faxrlanaman!

Rajab?! Bu nom qaydan kelib qoldi? Murakkab jumlalarni bitishda, turli tinish belgilarini til qoidalari asosida joy-joyida ishlatib, oʻta savodxonlik bilan yozilgan diviziya tarixidan quyidagi parchani aynan keltirmoqchiman: “Dnepr uchun boʻlgan jangda diviziyamizning 12 jangchisi oʻchmas shon-shuhrat quchdi. Diviziya bu mard soldatlar nomini oʻz tarixiga bitadi: ularga keyinchalik Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. Ularning qutlugʻ nomlarini eslatib oʻtamiz: Viktor Lobanov, Pavel Kovtun, Pavel Tomilin, Vladimir Zelenev, Vladimir Kamishov, Pavel Shamayev, Dmitriy Ivlyov, Qosim Yoqubov, Pyotr Shumov, Timofey Kirenkov, Radjab Mahmudov. Dnepr qahramonlariga shon-sharaflar!”.

Endi shu alohida guruhlar roʻyxati jamlanadigan joydan Rajabning manzili, qarindoshlarini aniqlasa boʻladi. Izladik, 1941, 1942-yillar uchun maʼlumotlar toʻliq. 1943-yil uchun esa hech qanday maʼlumot yoʻq edi. Surishtirib koʻrdim. Mudofaa boʻlimlari ajralgan paytda qayga ketgani maʼlum emas, deyishdi. Kishilar taqdirini belgilaydigan hujjatlarga munosabat shumi?! Har gal urush qahramonlari taqdirini oʻrganishga kirishganimda qancha-qancha qogʻozlarni titkilab, ne-ne odamlar bilan muloqotda boʻlishga toʻgʻri keladi. Baʼzida senga shubha nazari bilan ham qarashadi. “Bu odam kimingiz boʻladi?”, “Nega surishtirib qoldingiz”, “Gap tagidan gap chiqarmang, tagʻin” qabilidagi soʻroqlarni koʻplab eshitganman. Gohida ulardan xafa boʻlib ketaman.

Rajab hayotda nima koʻrdi? Uning qahramonlik Yulduzi hanuzgacha egalariga topshirilmagan bir yarim million orden va medallar orasida turibdi.

Arxiv hujjatlaridan birida “onasi Halimova Hanisa” tarzida bitilgan. Bu Hanifa, Xolnisa, Xolisa boʻlishi ham mumkin. Rajabning koʻkragiga sigʻmagan nishonlar uning oila aʼzolariga, el-yurt saodati uchun yonib yashayotgan vorislarga soʻnmas sharaf timsoli boʻlib qoladi. Biror asos topilarmikin, degan maqsadda Samarqand shahar adreslar byurosiga borib, quyidagi maʼlumotnomani qoʻlga kiritdim. “Yashash manzili haqida maʼlumotnoma. Samarqand adreslar byurosida mavjud maʼlumotga koʻra, 1923-yilda tugʻilgan Mahmudov Radjab Asadovich Dmitrova koʻchasining 1-proyezdidagi 3-uyda roʻyxatda boʻlgan. 23.10. 1990”.

Samarqandning sobiq Lev Tolstoy koʻchasi nihoya qismidagi mahalla qabristoni oldida Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasi uchun oʻrnatilgan yodgorlikda shu ism-familiyani koʻrganday boʻlgandim. Darvoqe, Samarqand komissariatidagi roʻyxatlarning birida uning nomi qarshisida belgi qoʻyilgan edi. Demak, kimdir u haqda maʼlumot soʻragan.

Xayrli ishning kechi boʻlmaydi. Qahramonga oʻz nomini qaytarib berolsak olijanb ish qilgan boʻlamiz.

Endi qahramonimizning nomi mukofot varaqasida qay tariqa bitilganiga qaytaylik. “Rojan”. Xoʻsh, oxirgi “n” harfi oʻrnida “p” yoki unga ohangdosh “b” tovush belgisini qoʻyib oʻqing: Rojap-Rojab! Hujjatgohda boʻlganimda Rajab Mahmudov xizmat qilgan 1323-oʻqchi polkiga daxldor maʼlumotnomalardan uning quroldoshlaridan baʼzi birlari toʻgʻrisida belgilar koʻchirib oldim. Zmeya xutori uchun boʻlgan janglarda Rajab Mahmudov bilan qahramonlik unvoniga sazovor boʻlganlardan Kovtun Pavel Maksimovich urushdan keyingi hayotini Toshkent bilan bogʻlagan, poyabzal fabrikasida injener vazifasida ishlab, 1980-yilda vafot etgan. Qosim Yoqubov gʻalaba bilan qaytib, Fargʻonada yashagan, 1954-yilda vafot etgan. Oʻsha jangovor 1-batalyonda jang qilgan mard yigitlar safida quyidagilar boʻlgan: Alimov Gʻani, 1926-yilda tugʻilgan. Samarqand viloyat, Bulungʻur tumanining Nebosa (hujjatda shunday ) qishlogʻidan. Ahmedov Mamat, 1925-yilda tugʻilgan. Jizzax viloyat, Saroylik qishlogʻidan. Alimov Jumaqul, 1925-yilda tugʻilgan. Gʻallaorol tuman, Udamali qishlogʻidan. Ular yaralangan va “Jasurligi uchun” medali bilan taqdirlangan edilar.

Mahmudjonov Xolmat, 1925-yilda tugʻilgan. Jizzax viloyat, Saroylik qishlogʻidan. Oʻzbekov Roʻzi, 1925-yilda tugʻilgan. Samarqand shahar, Lenin koʻcha, 7-uyda yashagan. Yuqorida nomlari keltirilgan askarlarning hammasi Zmeya xutori uchun boʻlgan janglarda qatnashib, 27-sentyabrdagi mardliklari uchun “Jasurligi uchun” medali bilan taqdirlanganlar. Ular hozirgi kunda hayot boʻlsalar, biz bilganlarga qimmatli tafsilot qoʻshadilar degan umiddaman. Soʻzni shu joyda muxtasar qilmoqchi boʻlganimda yana bir yangi fikr paydo boʻlib, yoʻlga tushdim. Samarqand shahar, Siyob tuman mudofaa ishlari boʻlimiga uchradim. Urush davriga oid hujjatlarning bari Temiryoʻl tuman boʻlimida ekanini aytishdi. Temiryoʻl tuman boʻlimida katta leytenant Olimjon Shukurovga murojaat qilishimga toʻgʻri keldi. Bu zobit meni diqqat bilan tinglagach, oldimga uch-toʻrt hujjat yigʻmasini qoʻydi. 1942-1945-yillar mobaynida harflar tartibi asosida yuritilgan 92-deloni nazardan oʻtkaza turib, xursandlikdan qichqirib yuborayozdim. Ushbu yigʻmaning “M “harfi bilan boshlanuvchi familiyalar qatorida 1943-yil 30-yanvar kunida zaxiradagi 9-oʻqchi brigada komandiri ixtiyoriga yuborilganlardan ikki kishining ismi-sharifini sizga ham aytmoqchiman: Mirboboyev Tesha, Mahmudov Rajab...

Gʻaybiddin Fazliyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?