Ravshan Ermatov FIFA vakili bilan yangi tashkil etilayotgan oʻquv-mashgʻulot bazasini koʻzdan kechirdi

07:27 06 Aprel 2021 Sport
516 0

Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov FIFA vakili Ander Vashkevich bilan birga Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan oʻquv-mashgʻulot bazasining qurilish rejasi bilan tanishdi.

Ushbu loyiha uchun hukumatning tegishli qaroriga koʻra ajratilgan 12 gektar yer maydoni koʻzdan kechirilib, loyiha rejasi va chizmalari atroflicha oʻrganib chiqildi. Ander Vashkevich kelgusi 3 kun mobaynida Toshkent viloyatida boʻlib, yangi oʻquv bazasiga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Loyihaga asosan tabiiy chimga ega 6 ta va 1 ta sunʼiy qoplamali futbol maydoni, angar tipidagi futzal maydoni, 150 oʻrinli mehmonxona majmuasi, 700 kv.m. maydonga ega sport zallar, mini-futbol va sohil futboli bilan shugʻullanish uchun bitta alohida maydon, 150 kishiga moʻljallangan restoran, 130 kishilik anjumanlar zali, shuningdek, kutubxona, muzey va dam olish maskanlari qurib bitkaziladi.

Shuningdek, mazkur hududda funksional diagnostika, sportchilarni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiyasi uchun zamonaviy sport tibbiy markazini tashkil qilish va zarur tibbiy asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash maqsadida sport tibbiyoti markazi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?