Rasul Kusherbayev: “...joylarda karantinga rioya etmaganlik sababidan avtomobillarni jarima maydonlariga tiqib qoʻyish noqonuniydir”

Ichki ishlar vazirligining internet tarmogʻidagi rasmiy sahifasida “bosar tusarini bilmay qolgan deputatlar haqida”gi videoni koʻrdik va tegishli xulosalar chiqardik.
Besh daqiqalik videoda kamida 13-marta “deputat” soʻzi tilga olinibdi. “Deputat” fuqaro emas va uning huquqbuzarligiga fuqaro sifatida emas deputat sifatida baho berilmoqda.
Ichki ishlar targʻibot yoʻnalishida huquqbuzarlarni fuqaro sifatida emas, jamiyatda egallagan mansab va darajasiga qarab yoritish boʻyicha samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan koʻrinadi. Oʻylashimcha, yaqin vaqtlarda “bosar tusarini bilmaydigan “tadbirkor”, “prokuror”, “hokim”, “soliqchi”, “militsiya” kabi videolar ham chiqsa kerak, agar tenglik va ajratish boʻlmasa, albatta. Chunki hamma ham odam, xato qilishi mumkin. Koʻramiz.
Vodiydagi mahalliy Kengash deputatlarining qilgan huquqbuzarliklarini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi va men ham oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan bunday munosabatni toqat qilib boʻlmas holat, deb bilaman. Deputatmi boshqami hamma qonunga boʻysunishi shart. Va mana shunday sinovli kunlarda jamiyatda tartibni saqlash, karantin tadbirlarini tashkil etishda ichki ishlar xodimlarining katta xizmat qilayotganligini koʻrib bilib turibmiz. Ularga ham osonmas. Ular orasida mening ham koʻplab doʻst birodarlarim bor, barchasining otasiga rahmat!
Biroq videodagi holatni bayon etishda barcha darajadagi deputatlarga nisbatan shunday baho berishga urinish bor, goʻyoki shu yoʻl bilan “bir xumoridan chiqmoqchi” boʻlgan kimdir.
Eng qizigʻi, videoda shifokorlarning yonini olgan Oliy Majlis deputatining “Xalq soʻzi” gazetasi internet saytida eʼlon qilgan munosabatini umuman kerakmas joyda majburan tiqishtirib tilga olinayotgani kimga va nimaga kerak boʻlib qoldi? Bular boshqa-boshqa holat-ku. Bilmadim-u bundan yana bir nimaning hidi kelyapti. Lekin “zakaz” demadim hali.
Oliy Majlis deputatining ushbu munosabatidagi faktlarni men ham isbotlashga tayyorman, odamlar deputatga chiqishi tabiiy, biroq, qoʻy, karantin vaqtida ogʻirroq boʻlaylik, hozir nozik vaqt, deb turibmiz. Ammo kimlardir vaziyatdan foydalanib “tosh ot, tosh ot” oʻyini qilayotganligi taʼbni xira qilyapti.
Videoda IIV masʼullari qonunlarni tilga olib deputatlar ham unga rioya etishi kerakligini qayta-qayta eslatibdi. Boʻlarkanu mana, buning uchun ularga katta rahmat va fursatdan foydalanib men ham ichki ishlar masʼullaridan bir narsani eslatib, soʻramoqchi edim.
Gap shundaki Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 291-moddasida transport vositalarini ushlab turish asoslari keltirib oʻtilgan boʻlib, unda ushbu kodeksning 54-moddasi talablari, yaʼni epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun transport vositalarini vaqtincha ushlab turish keltirilmagan. Bundan kelib chiqadiki, joylarda karantinga rioya etmaganlik sababidan avtomobillarni jarima maydonlariga tiqib qoʻyish noqonuniydir. U yerda turgan har bir kun uchun toʻlov ham bor. Negadir bunga koʻz yumishga harakat qilinyapti. Kodeks bu – qonun. Qaror, topshiriq, buyruqlar qonundan ustunmas.
IIV yuqorida eslatib oʻtgandek, endi men ham qonunga koʻra, deputat sifatida bunday qonunbuzilishiga chek qoʻyishni talab qilib chiqsam, mening qonuniy talabim yo karantin tadbiriga qarshi targʻibot, siyosatga qarshilik, “populizm” degan gaplar bilan bayroq qilinadi. Shunday boʻhtonlar bilan mendan dushman yasab rahbarlarga kirib yomonlanadi: men hamma narsaga qarshi, tushunmaydigan, yomon deputatman. Shunday emasmi?
Yoʻq, endi deputat sifatida men ham talab qildim, qonunga barcha boʻysunsin! Zero, ichki ishlar xodimining ham deputatning ham qonuniy talablariga buysunmaslik javobgarlikka sabab boʻladi va fuqarolarning huquqlari buzilishiga olib keladi.
Qani boʻlmasam yo qonun talabiga boʻysunib, noqonuniy harakat qilishga chek qoʻyaylik yoki noxolis, “populist”, oʻqimagan, yomon deputat, deb mendan “fil” yasaylik.
Aslida shunday kunlarda ogʻirroq boʻlaylik, “tosh ot, tosh ot” qilmaylik deb yurgandim. Adashibman shekilli, lekin hali ham shu – ogʻirroq boʻlaylik.
Talabim natijasini kutaman.
Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring