Rasmiy tashrif doirasida salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi

16:27 05 Oktyabr 2021 Siyosat
433 0

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Uchrashuvda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi, strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari keyingi yillardagi oʻzaro savdo surʼatini mamnuniyat bilan qayd etib, tovar ayirboshlash hajmini yanada koʻpaytirish uchun mavjud barcha resurs va imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.

Savdo uylarini tashkil etish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishni nazarda tutgan holda oʻzaro yetkazib berilayotgan mahsulotlarning nomenklaturasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish – bu boradagi yoʻnalishlardan biridir.

Turli tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan avtomobillar yigʻish, kimyoviy mahsulotlar, elektr texnikasi va maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, paxta tolasi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, logistika infratuzilmasini yaratish ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilab olindi.

Oʻzbekiston Prezidenti tegishli “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashni taklif qildi.

Tomonlar transport sohasida va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ashxobod bitimini birgalikda ilgari surish hamda Turkmanboshi dengiz portining noyob imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.

Bu boradagi oʻzaro muvofiqlashtirilgan qoʻshma saʼy-harakatlar yuk tashishlar hajmini oshirish hamda tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratadi.

Ikki mamlakat hududlaridagi imkoniyatlarni yanada toʻliq ishga solish muhim ekani qayd etildi. Hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo forum oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Suv xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik yuksak baholandi. Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani olqishlandi. Tuyamoʻyin suv omborining Sulton Sanjar toʻgʻonini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlash va oʻzaro anglashuvni kuchaytirishning muhim omili boʻlgan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Madaniyat va kino kunlari, teatrlar va musiqiy jamoalarning ijodiy safarlari, olimlarning uchrashuvlarini va shu kabi boshqa tadbirlarni tashkil etish xalqlarimiz yanada yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, Toshkent xalqaro kinofestifalini “Ipak yoʻli durdonasi” nomi bilan qayta tiklash tashabbusi Turkmaniston tomonidan qoʻllab-quvvatlangani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti bugun mamlakatimizda turkman millatiga mansub 200 ming nafardan ziyod fuqaro istiqomat qilayotgani. Ular Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqini tashkil etuvchi boshqa barcha millat va elatlar bilan birgalikda bir oila farzandlaridek ahil-inoq hayot kechirmoqda.

- Ular oʻz tili, madaniyati, anʼana va urf-odatlarini rivojlantirishlari uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratamiz. Ishonchim komil, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich tashabbusi bilan Ashxobodda barpo etilayotgan “Toshkent” bogʻi xalqlarimiz doʻstligining navbatdagi yangi ramzi boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralarda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot garovi ekani taʼkidlandi.

- Afgʻon xalqiga zarur insonparvarlik yordamini koʻrsatishni davom ettirishga, ushbu mamlakatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda turkmanistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyormiz, - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Prezidentlar xalqaro maydonda, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin muloqotni davom ettirish va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.

- Bugungi uchrashuv natijalari strategik sherikligimizni yangi, yanada salmoqli amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi, ishonch, oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga imkon beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida Prezidentlar Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya hamraislariga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?