Ikki nafar oʻzbekistonlik Tokio olimpiadasida hakamlik qiladi

17:27 10 Fevral 2021 Sport
1182 0

Ikki nafar hamyurtimiz rasman Tokio olimpiadasida hakamlik qilishadi. Bu haqda Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) Hakamlar qoʻmitasi maʼlum qildi. Tashkilot bu borada Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasiga rasmiy maktub yoʻllagan hamda tegishli sertifikatlarni taqdim etgan.

Unga koʻra, Tokio-2020 yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida hamyurtlarimiz Ramziddin Saidov hamda Vyacheslav Pereteyko hakamlik vazifasini bajarishadi.

Ramziddin Saidov qisqa fursatda Jahon va Osiyo chempionati, “Masters”, “Katta Dubulgʻa”, Gran-Pri hamda IJF bayrogʻi ostida oʻtkaziladigan boshqa nufuzli musobaqalarda hakamlik qilib, xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baho oldi.

Xalqaro toifadagi referi Ramziddin Saidov shu kungacha Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi, “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni, “Shuhrat” medali kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.

Maʼlumot uchun: Ramziddin Saidov – 1982-yil 14-aprelda Buxoroda tugʻilgan. Dzyudo sir-asrorlarini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan murabbiy, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Olot dzyudo maktabi asoschisi Rustam Toʻrayevdan oʻrgangan. Saidov sportchi sifatida Afina-2004 va London-2012 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. Shuningdek, Osiyo chempioni, Osiyo oʻyinlari sovrindori boʻlgan. 2013-yilda -100 kg vazn toifasida dunyo reytingida 1-oʻringa koʻtarilgan. 2010-yilda Abu-Dabi Gran-Prisi, Toshkentda oʻtgan Jahon kubogi, 2012-yilda Moskvada oʻtkazilgan “Katta Dubulgʻa” turnirlarida shoxsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan.

Xalqaro toifadagi referi Vyacheslav Pereteyko ham IJF bayrogʻi ostida oʻtkazib kelinayotgan barcha turdagi musobaqalarda hakamlik qilib, oʻzini ijobiy tomondan namoyon eta oldi.

Maʼlumot uchun: Vyacheslav Pereteyko – 1981-yil 19-yanvarda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. Sportchilik faoliyati davomida asosan -90 kg vazn toifasida bellashgan. Afina-2004 Olimpiadasi ishtirokchisi, Osiyo chempionatlarining kumush va bronza, Osiyo oʻyinlarining bronza medali sovrindori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?