“Raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirishda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik qilinadi

21:01 10 Sentyabr 2021 Siyosat
828 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT sohasida kadrlar tayyorlash, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablarida taʼlim sifatini yuksaltirish boʻyicha muhim vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Yigʻilish avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari vaziri Muhammad Abdulla al-Gergavi bilan onlayn shaklda uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash boʻyicha fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda “raqamli iqtisodiyot” kelgusi besh yilda mamlakat taraqqiyotining asosiy drayveri sifatida belgilab olingani, bu borada barcha soha va hududlarda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlanganini taʼkidladi.

Jumladan, hozirga qadar hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Yil boshidan buyon IT-park rezidentlari soni 35 foizga koʻpayib (482 ta), ularda 6 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.

Joriy yil 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar hajmi 2,4 baravarga, ularning eksporti 3,3 baravarga oshib, 26 million dollarga yetdi.

Kelgusi 3 yilda iqtisodiyot sohalarida yana 300 ta yangi loyihani amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihalarni toʻliq amalga oshirish uchun sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash eng dolzarb masala hisoblanadi.

Bu borada Dubay Kelajak Fondi ishtirokida “Bir million dasturchi” loyihasi boshlangan. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 567 ming yosh uchun bepul taʼlim olish imkoniyati yaratilib, ularning 217 ming nafari sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Eʼtiborli jihati – loyiha ishtirokchilarining 446 ming nafarini (79 foiz) maktab oʻquvchilari tashkil etadi.

“Bir million dasturchi” loyihasini samarali amalga oshirishda, Birlashgan Arab Amirliklari ishtiroki katta ahamiyat kasb etib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaqin hamkorlikning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zamonaviy IT, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi eng ilgʻor yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshayotgan Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari vaziri Muhammad Abdulla al-Gergavi janoblariga “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirishda koʻrsatayotgan shaxsiy koʻmagi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Muhammad Abdulla al-Gergavi janoblari Birlashgan Arab Amirliklari Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirib, kelgusida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?