Raqamlashtirish nafaqat odamlar turmush tarzi, balki tafakkurini ham oʻzgartiradi

16:38 04 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
537 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston oʻz oldiga kuchli demokratik, ilgʻor rivojlangan davlatlar safidan mustahkam oʻrin egallashni maqsad qilgan. Dunyoning rivojlangan 50 mamlakati qatoriga kirish — bosh vazifa. Bu boradagi islohotlar esa xalqimizga munosib sharoit yaratib berish maqsadida amalga oshirilyapti. Eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, keyingi yillarda Oʻzbekistonning shaxdam odimlari xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda. Xususan, nufuzli “The Economist” jurnali dunyoning ikki yuzga yaqin davlatlari orasidan Oʻzbekistonni “Yil mamlakati”, deb topgani fikrimiz tasdigʻidir. Yaʼni ushbu nashr Oʻzbekistonni 2019-yili dunyoda eng koʻp yaxshi tarafga oʻzgargan mamlakat, deb topdi. Eʼtiborlisi, yangilik Oʻzbekistongacha Markaziy Osiyoning biror bir davlati bunday eʼtirofga loyiq koʻrilmagani bilan ham oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Vaholanki, respublikamiz yaqin-yaqingacha, aksariyat tahlilchilar tomonidan jahonning “eng yopiq” davlatlaridan biri sifatida qiyos berib kelinardi. Ochigʻini aytganda, mamlakatimiz haqidagi bunday nekbin mujda xalqaro miqyosda katta aks sado berdi. Bu, albatta, yurtimizda qisqa vaqt davomida oqilona yoʻlga qoʻyilgan ichki va tashqi siyosatning amaliy ifodasidir, desak, ayni haqiqat.

Mintaqada eng koʻp aholiga ega mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish, chetdan koʻproq sarmoya jalb etish saʼy-harakatlari uzluksiz olib borilyapti. Bu kabi oʻzgarish va yangilanishlar, asrlarki, iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligiga asoslangan Oʻzbekistonda kambagʻallik va ishsizlikka qarshi kurashish asnosida roʻy berayotgani bilan ham dolzarbdir. Oʻn yillar davomida tirikchiligi tashqi mehnat migratsiyasi orqasidan oʻtayotgan millionlab fuqarolarini ishli qilish — mamlakatning oʻzida yangi bandlik manbalarini yaratishga qogʻozda emas, amalda eʼtibor qaratilmoqda.

Davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020-yilning “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb eʼlon qilinishi hamda shu boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgani ham yuqoridagi ustuvor yoʻnalishlar roʻyobida salmoqli rol oʻynamoqda. Chunonchi, kelasi besh yil ichida raqamli iqtisodiyotga oʻtish vazifasi qatʼiy maqsad sifatida belgilab qoʻyilgani nafaqat xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qizgʻin kutib olindi, balki bugungi pandemiya davrida ham nihoyatda ratsional qaror boʻlganini koʻrsatmoqda. Shunday ekan, yaqin yillarda biznes yuritish muhiti boʻyicha dunyoning eng old ellik davlati safiga kirsak, ajabmas.

Kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqilishi, hali-hanuz eng ogʻriqli nuqtalardan biri boʻlgan korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus idora tashkil etilishi ham bu borada alohida ahamiyatga ega. Chunki aynan korrupsiya Oʻzbekiston iqtisodiyotini taraqqiy toptirish, mamlakatga yirik miqdordagi chet el sarmoyalarini jalb qilish va ularni harakatga solish yoʻlidagi eng asosiy toʻsiqlardan biri sifatida koʻriladi. U tufayli chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida yurtimizdagi biznes yuritish muhiti izdan chiqib ketgandi. Shu bois oʻtgan qisqa davrda mavjud vaziyatni oʻzgartirish harakatlari tom maʼnoda kuchaytirildi. Koʻpchilikka yaxshi maʼlum, tilga olinayotgan illatlarga qarshi kurashda, unga barham berishda raqamlashtirish zaruriyati yana-da oshadi. Bu, oʻz navbatida, juda koʻp resurslarni talab qiladi. Shunday ekan, hozirdan raqamli iqtisodiyotga oʻtish muhim vazifaga aylandi.

Raqamli iqtisodiyotning oʻzi nima?

Raqamli iqtisodiyot yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari yaratish hamda ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga koʻchirishdir. Raqamli iqtisodiyot — iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarning raqamli texnologiyalarini qoʻllash asosida amalga oshirish mumkin boʻlgan tizimdir. Dastlab bu iborani amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte 1995-yilda kiritgan boʻlsada, u bugungi kunda barcha sohada keng qoʻllanilmoqda. Raqamli iqtisodiyot insonlarsiz boshqaruv tizimini yoʻlga qoʻyish orqali korrupsiyani kamaytiradi, soliq tushumlarini “aqlli” shartnomalar tuzish orqali koʻpaytiradi, byudjet xarajatlarining ochiqligini oshiradi, yagona elektron platforma orqali davlat xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatini beradi. Hozirgi kunda bu istilohni butun dunyodagi siyosatchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar — deyarli barcha qoʻllamoqda. 2016-yilda Jahon banki dunyodagi raqamli iqtisodiyotning ahvoli haqida ilk marta “Raqamli dividendlar” nomli maʼruza eʼlon qildi.

Raqamli iqtisodiyotning yangi konsepsiyasi inson faoliyati doirasidagi barcha informatsiyani raqamlashtirish texnologiyalarini qoʻllab saqlash, ishlov berish va uzatishning yagona tizimidir. Iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali ijodiy yondashib yangi iqtisodiyotni barpo etish imkoniyati tugʻiladi. Iqtisodiyotni raqamlashtirish kelajakda real raqobatbardoshlikni uzoq muddatga saqlab qolish imkoniyatidir. Ayniqsa, quruqlik bilan oʻralgan va jahon portlariga chiqish yoʻli uzoq boʻlgan Oʻzbekistondek davlat uchun bu muhim masala.

Raqamli iqtisodiyot elektoral madaniyatning yuksalishi hamdir. U taraqqiy etsa, biz ana shu aqliy qoloqlikdan qutulamiz. Aqliy qoloqlikdan qutulish orqali vaqtdan, ogʻir yoki ortiqcha mehnatdan xalos boʻlamiz, sifat koʻrsatkichiga ega chiqamiz, ilgʻor davlatlar va xalqlarga yaqinlashamiz, jumladan, kambagʻallik ham kamayadi. Aqlni oʻstirishning eng asosiy yoʻli esa taʼlim tizimini yuksaltirishdir. Xullas, bunday islohotlar kimga yoqmaydi, deysiz? ! Barchaga manzur narsaga ega boʻlish uchun hamma intilishi kerak.

Shunday ekan, davlat rahbari tomonidan joriy yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berilishi ham bejiz emas. Raqamli iqtisodiyotga oʻtish kelgusi besh yildagi eng ustuvor maqsadimiz boʻlishi haqidagi taʼkid esa bevosita ilm-maʼrifatni rivojlantirish bilan chambarchas bogʻliq. Binobarin, bugungi tezkor zamonda jahon boʻylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamli iqtisodiyot ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmogʻida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori choʻqqisi hisoblangan sunʼiy intellektdan faol foydalanishga oʻtganiga guvoh boʻlyapmiz.

Nufuzli xalqaro tashkilotlar olib borgan tahlillar natijalariga koʻra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oʻstirish, shuning barobarida, xufiyona iqtisodiyotga barham berish hamda korrupsiyani keskin kamaytirish imkonini berar ekan. Koʻrinib turibdiki, mazkur soha yurtimizda barcha soha va tarmoqning yuksak rivojiga jiddiy turtki boʻladi.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlash joiz, raqamli iqtisodiyot korrupsiya va “yashirin iqtisodiyot”ning asosiy kushandasidir.

Chunki raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida toʻliq axborot bermaslikning iloji yoʻq, kompyuter hammasini namoyon qilib qoʻyadi.

Maʼlumotlar koʻpligi va tizimliligi yolgʻon hamda qingʻir ishlarga yoʻl bermaydi, chunki tizimni aldash imkonsiz. Natijada, iborali aytganda, pullarni “yuvish”, mablagʻlarni oʻgʻirlash, samarasiz va maqsadsiz sarflash, oshirib yo yashirib koʻrsatish imkoni qolmaydi. Bu esa iqtisodiyotga legal mablagʻlar oqimini oshiradi, soliqlar oʻz vaqtida hamda toʻgʻri toʻlanadi, byudjet taqsimoti ochiq boʻladi, ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar oʻgʻirlanmaydi, maktablar, shifoxonalar, yoʻllarga ajratilgan pullar toʻliq yetib boradi va hokazo.

Davlatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻlini tanlaganligi axborot texnologiyalari sohasida va umuman, elektron hujjatlar aylanmasida yangi yoʻnalishlar ochib beradi.

Raqamli texnologiyalar tomon burilishga esa butun jahon internet tarmogʻi hamda sifatli aloqaning rivojlanishi sababchi boʻlgani ayni haqiqat.

Soha qanday rivojlanmoqda?

Bugungi kunda odamlar oziq-ovqat mahsulotlariga buyurtma berish uchun ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, ayniqsa, Telegram botlaridan faol foydalanmoqda. Shuningdek, turli internet-doʻkonlar, elektron toʻlov tizimlari ham faol rivojlanib bormoqda. Demak, fuqarolarimiz elektron bitimlarni amalga oshirishga ishonyapti. Faqat hozirgi kunda foydalanuvchilar katta xarajatlar talab qilmaydigan kichik bitimlarni amalga oshirayotgani, oʻrtacha xarid hajmini oshirishga esa unchalik tayyor emasligi ham rost. Demak, endigi masala oʻrtacha va yirik iqtisodiy bitimlar hamda moliyaviy operatsiyalarni raqamli texnologiyalar orqali amalga oshirishni rivojlantirishdan iborat. Shuningdek, raqamli iqtisodiyotning oʻz valyutasi (kriptovalyuta, bitkoin), pul saqlaydigan kartmoni (blokcheyn), hisoblash usullari (mayning) kabi atamalari mavjud.

Shu oʻrinda raqamli iqtisodiyotning oddiy iqtisodiyotdan farqini kundalik, maishiy misollar bilan tushuntirib oʻtsak. Aytaylik, xaridorga kiyim yoki poyabzal kerak. Uni bozorga tushib oʻzi bevosita tanlasa va naqd pulga sotib olsa, bu anʼanaviy iqtisodiyot. Ijtimoiy tarmoqlardagi yoki Telegramdagi biron savdo boti orqali oʻziga maʼqul tovarni tanlab, tovar egasiga pulni elektron toʻlov tizimi orqali toʻlash va tovarni yetkazib berish xizmati orqali olish — raqamli iqtisodiyot deyiladi. Bu masalaning eng sodda maishiy misol orqali tushuntirilishi.

Aslida, hammamiz, allaqachon raqamli iqtisodiyot ichidamiz, uning qulayliklaridan foydalanamiz. Masalan, oyligimiz plastik kartalarga tushadi, elektron toʻlov orqali kommunal xizmatlar, telefon, internet va boshqa mahsulot hamda xizmatlarga toʻlov qilamiz, elektron tarzda soliq deklaratsiyasi topshiramiz, kartadan kartaga pul oʻtkazamiz va hokazo.

Raqamli iqtisodiyot, bu, noldan boshlab yaratilishi lozim boʻlgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari ishlab chiqish hamda ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga koʻchirish deganidir. Yaʼni yuqori darajada avtomatlashtirilganlik; elektron hujjat almashinuvi; buxgalterlik va boshqaruv tizimlarining elektron integratsiyalashuvi; maʼlumotlar elektron bazalari; CRM (mijozlar bilan oʻzaro munosabat tizimi) mavjudligi; korporativ tarmoqlar.

Raqamli iqtisodiyot tufayli toʻlovlar uchun xarajatlar kamayadi (masalan, bankka borish uchun yoʻlkira hamda boshqa resurslar tejaladi), tovarlar va xizmatlar haqida koʻproq hamda tezroq maʼlumot olinadi, raqamli dunyodagi tovar va xizmatlarning jahon bozoriga chiqish imkoniyatlari katta, fidbek (isteʼmolchi fikri)ni tez olish hisobiga tovar hamda xizmatlar jadal takomillashtiriladi.

Xalqaro amaliyotga yuzlanadigan boʻlsak, hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot elektron tijorat va xizmatlar sohasi bilan cheklanib qolmay, balki hayotning har bir jabhasiga, xususan, sogʻliqni saqlash, fan-taʼlim, qurilish, energetika, qishloq hamda suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, arxiv, internet-banking va boshqa sohalarga jadal kirib bormoqda hamda ularning har birida oʻzining yuqori samaralarini bermoqda.

Fuqarolarning davlat organlari bilan aloqasini elektron platforma orqali aloqaga oʻtkazish, yaʼni davlat oʻz fuqarolari uchun elektron xizmatlar koʻrsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi raqamli iqtisodiyotning asosiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu sohani keng rivojlantirish, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bizdagi eng asosiy ogʻriqli muammolardan biri — korrupsiya illatiga barham beradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 5-fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda tashqi savdo bilan bogʻliq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya hamda boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini taʼkidlagan edi. Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani, korrupsiyaning mavjudligi tashqi savdo amaliyotida muayyan qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida “Xalqaro savdo” yoʻnalishi boʻyicha mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 152-oʻrinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.

Gap shundaki, koʻplab davlatlarda yuklar chegaraga yetib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi taʼminlanadi. Oʻzbekistonda esa oʻtgan yili 416 mingta deklaratsiyadan 344 tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk toʻgʻrisida oldindan maʼlumot berish avtomobil transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yoʻlda, umuman yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish muhim. Bugungi kunda 1 ming 836 ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab choʻzilayotgani achinarlidir. Vaholanki, bojxona, veterinariya, karantin, sanitariya, standart, ekologiya idoralari ish uslubini oʻzgartirishi, ularning asosiy vazifasi mahsulotlar eksportini qoʻllab-quvvatlashdan iborat boʻlishi zarur emasmi?

Mana shunday toʻsiqlar tufayli Prezidentimiz raqamli texnologiyalarni joriy qilib, inson omilini maksimal qisqartirish orqali korrupsiya va noqonuniy tovar aylanmasiga barham berish zarurligini taʼkidlamoqda. Import mahsulotlarining chegaradan to yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan harakati bojxona hamda soliq idoralari tomonidan yagona elektron tizim orqali nazorat qilinishi kerak. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga ruxsatnoma va laboratoriya tekshiruvlari hujjatlarini toʻliq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan “risk-analiz” tizimini joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Aytish joiz, raqamli iqtisodiyotga oʻtish tadbirlari doirasida 143 ta davlat xizmati elektron shaklga oʻtkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni hamda xizmat koʻrsatish vaqti ikki hissa qisqardi. Byudjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlar oldi-sotdisi jarayonlariga oshkoralik hamda ochiqlik tamoyillari joriy etildi. Ayni paytda qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, qurilish, davlat xizmatlari koʻrsatish, xullas, ijtimoiy hayotning barcha sohasida raqamli iqtisodiyotga oʻtish sari salmoqli qadamlar tashlanmoqda.

Dunyodagi ahvol qanday?

Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, koʻpgina davlatlar hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot sohasiga jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Masalan, 2017-yilning 28-iyulida Rossiya Federatsiyasi hukumati Raqamli iqtisodiyot dasturini qabul qildi. Estoniya, Belarus Respublikasi va Ukraina raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirmoqda. Oʻz navbatida, ayrim davlatlarda aynan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zaruriy infratuzilmani yaratishga harakat qilinmoqda. Jumladan, Avstraliya hukumati fuqarolarga yuqori tezlikdagi raqamli aloqani taqdim etish choralarini koʻrmoqda, yaʼni milliy keng polosali tarmoq (National Broadband Network) ushbu mamlakat aholisining 93 foizini 1 Gbit/s tezlikdagi internet bilan taʼminlash majburiyatini olgan.

Hozirgi davrda biz texnologiyalar qanday qilib ommaviy xizmat koʻrsatish sohasini tubdan oʻzgartirayotganini koʻryapmiz. Vositachilarni olib tashlaydigan, mijoz va taʼminotchi oʻrtasidagi aloqalarning toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirilishiga olib keladigan Uber kabi yangi biznes-modellar paydo boʻlmoqda. Avvalroq xuddi shunga oʻxshash oʻzgarishlar moliya sektori hamda telekommunikatsiyalarda ham roʻy bergan edi. Sanoatda ham bir qancha prinsipial oʻzgarishlar kuzatilmoqda, chunki raqamli korxona va insonning raqamli qiyofadoshi — robotlar paydo boʻlishi butun insoniyat funksional modelini jiddiy ravishda oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bu esa shuni koʻrsatadiki, axborot texnologiyalari asta-sekinlik bilan odamlarning oʻrnini egallab boradi. Xuddi mana shu holat raqamli iqtisodiyot hisoblanadi.

Raqamli platformalarning rivojlanish sohasidagi yorqin misollardan biri sifatida «Alibaba» elektron savdo tizimiga ega boʻlgan Xitoy kompaniyasini keltirib oʻtish mumkin. Undan foydalanish tajribasi shuni koʻrsatadiki, maʼlumotlar toʻplash jarayonida iqtisodiyotning turli sektorlariga ekspansiya uchun oʻta raqobatli ustunliklar yaratiladi. «Alibaba» oddiygina raqamli platforma emas, balki platformalar ekotizimidir. Tushunarliki, bunday ekotizim qudrati alohida platformalar kuchidan katta boʻladi. AQSH hozirgi kunda bu poygada yutqazmoqda, chunki u yerda turli platformalarni integratsiya qilishga toʻgʻri keladi, Xitoyda esa bu sohada rivojlanish samaradorlikni oshirish hisobiga — bir platformadan boshqa platformaga qarab oʻtish asta-sekinlik bilan roʻy berdi.

Raqamli iqtisodiyotga oʻtish kabi global ishda koʻp narsa davlatning tutgan pozitsiyasiga ham bogʻliq, albatta. Barchasi hamma narsani birlashtiradigan va “raqam”ga oʻtkazadigan yagona davlat platformasiga borib taqalmasligi muhim, yaʼni davlatning vazifasi, biznesning oʻrniga biron - bir narsa qilish emas, balki biznesga xalal bermaslikdir. Xitoyda ham «Alibaba» tizimi davlat uning uchun qandaydir platforma yaratgani tufayli paydo boʻlmagan. U bunday platforma paydo boʻlishi uchun sharoit yaratdi, xolos. Garchi davlat «Alibaba»ga yordam bergan boʻlsada, buni davlat korporatsiyasi sifatida emas, balki tijorat korxonasi sifatida yordam berdi va uning xizmatlaridan u raqobatbardosh ekanligi uchungina foydalaniladi. Davlatning vazifasi — umumiy qoidalar yaratish, biznes esa shu umumiy qoidalar asosida oʻzgarib, rivojlanib boradi, chunki qonunlar taʼsirida ishbilarmonlik muhiti va raqobat oʻsadi.

Koʻplab rivojlangan mamlakatlar roʻy berishi lozim boʻlgan oʻzgarishlar muqarrarligini tushunib, iqtisodiyotni raqamlashtirish tomon harakatni ongli ravishda boshladi. Bu yoʻnalishni birinchilardan boʻlib maʼlum qilgan AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Xitoy bugungi kunda raqamli poygada norasmiy yetakchilar sanaladi. Ulardan keyingi oʻrinlarda Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Avstraliya, Belarus va boshqalar turadi. Raqamlashtirish jarayonining baʼzi yetakchi mamlakatlari esa qarama-qarshi yondashuvlarni, xususan, AQSH bozor yoʻnalishini, Xitoy esa rejali iqtisodiyotni tanlab olgan. Qolgan mamlakatlar maʼlum bir oraliq variantlarga rioya qiladi.

Raqamli iqtisodiyot platformalari tuzishda rivojlangan davlatlar transport, telekommunikatsiya, energetika, maʼlumotlarni qayta ishlash, sogʻliqni saqlash, dori-darmonlar logistikasi, turizm, tashqi iqtisodiy faoliyat, koʻchmas mulk va ishlab chiqarish yoʻnalishlariga eʼtibor qaratmoqda. Aynan shu sohalarning rivojlanishi infratuzilma hamda texnologik bazis yaratishga imkon beradi, ularni boshqa sohalarga koʻchirgan holda Oʻzbekiston yetuk raqamli iqtisodiyotni maksimal darajada tez rivojlantirishi mumkin. Ilgʻor mamlakatlar raqamli iqtisodiyoti koʻplab dasturlari (AQSH, Avstriya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va boshqalar) asosiy eʼtiborni “raqamli tibbiyot” hamda “aqlli shahar” ijtimoiy yoʻnalishlariga qaratmoqda. “Raqamli tibbiyot” va “aqlli shahar” ijtimoiy loyihalarini amalga oshirish koʻproq murakkablik hamda xilma-xillikni talab qiladi va bunday loyihalar keng xalq ommasi tomonidan eʼtirof etiladi.

Rivojlanayotgan mamlakatlar aholisining internetga hamda u bilan bogʻliq AKTga ulanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun sharoitlar yaratish, jumladan, bulutli texnologiyalarni rivojlantirish IHTT tomonidan 2016-yil bu tashkilotga aʼzo boʻlgan 32 mamlakat va yana 6 ta hamkor mamlakatda oʻtkazilgan soʻrov maʼlumotlariga koʻra, ularda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasi, rejasi yoki dasturi mavjud. 2017-yilning sentyabr oyida Avstraliya hukumati raqamli iqtisodiyot strategiyasini ishlab chiqish boshlangani haqida eʼlon qildi. AQSHda 2015-yili raqamli iqtisodiyot rejasini shakllantirish haqida maʼlum qilindi, 2016-yilda xususiy biznes tomonidan amalga oshiriladigan internetni rivojlantirish, axborot xavfsizligi, innovatsiyalarni ilgari surish va boshqa funksiyalarni bajaradigan Savdo vazirligi qoshida raqamli iqtisodiyot boʻyicha maslahatchilar kengashi tashkil qilindi.

Jahon bankining «Raqamli dividentlar» nomli tadqiqoti natijalari mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning naqadar dolzarb va muhimligini koʻrsatdi. Xususan, internet tezligining 10 foizga oʻsishi, mamlakat YAIMning oʻsishiga olib keladi. Rivojlangan davlatlarda bu koʻrsatkich 1,21 foizni, rivojlanayotgan davlatlarda 1,38 foizni tashkil etayotir. Demak, internet tezligi ikki barobarga oshadigan boʻlsa, YAIM hajmining qariyb 15 foizga oshishiga erishish mumkin. Jahonda amalga oshirilayotgan globallashuv sharoitida tashqi migratsiya, xalqaro savdo va kapitallar harakati, turizm, xorijiy investitsiyalar, AKT rivojlanishi mamlakatlarning iqtisodiy oʻsish surʼatlariga taʼsir etadi.

Demak, biz ham asosiy eʼtiborni faqat mahsulotlar eksportiga qaratmasdan, balki “nou-xau”, blokcheyn texnologiyalar faoliyatini zamonga hamohang oʻrganib, shular qatorida, raqamli iqtisodiyotdan foydalanishni yangi bosqichga olib chiqishimiz maqsadga muvofiq. Yurtimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor vazifasi — Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori surʼatlarda oʻsishini taʼminlash bilan birgalikda, aholi ongi, ilmi va qarashlarini zamon bilan uygʻunlashtiradi, mamlakatimizning xalqaro maydonda integratsiyasini tezlashtiradi. Va, pirovardida, Oʻzbekistonning huquqiy-demokratik, iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlar qatoridan joy olish muddati jadal qisqaradi.

Mamlakat MAHKAMOVA, 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Sanoat iqtisodiyoti va menejmenti kafedrasi mudiri, 

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?