Ramazon saboqlari: saharlik va iftorlik vaqtiga qanday rioya etilishi kerakligi haqida

21:40 26 Aprel 2020 Jamiyat
14268 0

Muborak Ramazon oyining Alloh subhonahu va taolo nazdida izzatu hurmati, qadr-qimmati shunchalar beqiyoski, Parvardigor Oʻz kalomi boʻlmish Qurʼoni azimush-shaʼnni aynan shu oyda nozil qildi. Moʻminlarga faqat Ramazonda roʻza tutishlik farz etib belgilandi. Bu haqida “Baqara” surasining 185-oyatida bunday deyiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar boʻlib, Qurʼon tushirilgandir. Sizdan kim u oyda hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin...” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,“Tafsiri hilol”)

Shuningdek, qabilalar va davlatlar oʻrtasidagi urushlar ham bu oyda harom qilindi. Muqaddas manbalarda bu oyda doʻzaxlar eshigi yopilib, jannatlar eshigi ochilishi, shaytonlar kishanlanishi aytiladi. Ramazon shu sifatlari bilan qolgan oʻn bir oyning sarvariga aylandi. Biz bugun ana shunday ulugʻ darajalar bilan eʼzozlangan oy bilan yuzma-yuz turibmiz. Uning roʻzasini tutishlikni farz deya, qabul qilgan kishi uchun saharlik va iftorlik paytlari rioya etilishi lozim boʻlgan bir qator talablar ham borki, bundan koʻz yumib boʻlmaydi. Bu — saharlik va iftorlikning belgilangan vaqtlaridir. Bu kishilarning oʻz nafsiga aldanib qolmasligi uchun joriy etilgan mezondir. Chunki taomilimizda koʻpchilik aynan saharlik va iftorlik vaqtlariga unchalik eʼtibor qilishmaydi. Diniy koʻrsatmalar qolib, oʻz bilganlaricha ish tutadilar. Natijada ogʻiz ochish payti biroz ortga suriladi va saharlik uchun mumkin boʻlgan vaqt juda erta niyat qilish (ogʻiz yopish) orqali boy beriladi.

Sevimli paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning hayotlik davrlarida ham sahobalar oʻrtasida bunday tushunmovchiliklar boʻlgan. Shu bois, Alloh subhonahu va taʼolo bandalariga ushbu vaqtning chegaralarini qatʼiy belgilab oyat nozil qiladi.

“Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb, ichavering. Soʻngra roʻzani kechasigacha batamom qiling...” (“Baqara” surasi, 187-oyat. (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf,“Tafsiri hilol”)

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam esa bu buyruqni oʻz sunnatlarida joriy etadilar.

Muhaddislar sultoni imom al-Buxoriyning “Al-jomiʼ as-sahih” kitobida bu haqida quyidagilarni oʻqiymiz:

Oisha raziyallohu anho: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam odamlarga: “Ibn Ummu Maktum azon aytmagunicha yeb-ichaveringizlar, chunki ul tong otishi arafasida azon aytgaydir” deganlar. Bu hadisi sharifga koʻra, saharlik nonushtasini, ayrim kishilar ifoda etganidek, yarim tunda tugatish emas, balki, tong arafasigacha yeb-ichish mumkin ekanligiga amal qilishimiz muborak sunnatga muvofiq ekan.

Iftorlikning vaqti esa kun botishi bilan boshlanishi haqida ham aniq koʻrsatmalar mavjud. Imom al-Buxoriy Sahl ibn Saʼddan quyidagi hadisni keltiradi: “Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Roʻzadorlar quyosh botishi bilan bir paytda ogʻiz ochsalar, doimo yaxshilik koʻrgaydirlar”.-dedilar.

Ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan esa ikkinchi bir hadis bunday rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bilan safarda edik, u zot bir kishiga: “Tush, menga talqon qorib kel”, dedilar. U: “Ey Allohning Rasuli! Quyosh nuri hali turibdi-ku?!” dedi. U zot: “Tush, menga talqon qorib kel” dedilar. U yana: “Ey Allohning Rasuli! Quyosh nuri hali turibdi-ku?!” dedi. U zot yana: “Tush, menga talqon qorib kel” dedilar. U tushib, u zotga talqon qorib keldi. U zot uni ichdilar. Keyin qoʻllari bilan anavi yoqqa (kunchiqar tomonga) ishora qilib: “Tunning mana bu tomondan kirganini koʻrsangiz, demak, roʻzadorning iftor vaqti boʻlibdi”, dedilar”.

Ushbu manbalardan koʻrinib turibdiki, ayrim kishilar taomilimizdagi urf-odat, deya, iftorlik vaqtini quyosh botgach ham ortga surishligi nooʻrin ekan. Balki, saharlik va iftorlik vaqtiga qatʼiy rioya etishlikda muqaddas sunnatga amal qilishlik eng toʻgʻri yoʻldir.

Alloh subhonahu va taʼolo hammamizdan rozi boʻlsin!

Muborak Ramazon oyi sharofati bilan boshimizda turgan mushkulotlarni Oʻzi tezda bartaraf etsin!

Shodiyor MUTAHAROV,

Oʻzbekiston xalqaro islom

akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?