Ramazon saboqlari: Musulmon dangasa boʻlmaydi

19:07 24 Aprel 2020 Jamiyat
1808 0

Avvalroq, Ramazon munosabati bilan “Xalq soʻzi Online” tahririyati Oʻzbekiston Musilmonlar idorasi bilan hamkorlikda “Ramazon saboqlari” rukniga asos solgani va bu rukn ostida ushbu muborak oyning fazilatlari haqida maʼlumotlar berib borilishi haqida xabar bergan edik.

Navbatdagi maqola “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi Yahyo Abdurahmonov Ubaydulloh oʻgʻli nomidan eʼlon qilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli moʻmin, Alloh taologa kuchsiz moʻmindan suyukliroqdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisda dangasa, gʻayratsiz, zaif moʻmindan koʻra, jismi baquvvat, harakatchan, ibodatda gʻayratli moʻmin Alloh taologa bandalari ichida sevimli ekanligi maʼlum boʻlmoqda.

Ulamolar hadis umumiy maʼnoda kelganligi bois ushbu hadisdagi kuchli moʻmindan murod – din va dunyo ishlarida, deb ham sharhlaganlar. Biroq, agar inson diniy va dunyoviy manfaatlarga bir vaqtning oʻzida roʻbaroʻ kelsa, albatta, diniy manfaatni birinchi oʻringa qoʻyishi kerak. Chunki agar dinda toʻgʻri boʻlsa, dunyosi ham toʻgʻri boʻladi. Agar dunyo dinni buzish bilan toʻgʻrilansa, shubhasiz u dunyo insonni buzuvchiga aylanadi.

Shu bilan bir qatorda, kuchli moʻmindan murod – kuch-quvvatini bekorchi, oʻziga va diniga foyda bermaydgan ishlar bilan mashgʻul boʻlmasdan balki, oʻziga va oʻzgalarga manfaat beruvchi ishlar bilan mashgʻul boʻlishiga ham ishoradir. Shunday ekan kuchli moʻmin vaqtini qadrlab, undan toʻgʻri foydalanishda haris boʻladi.

Sahobalar roziyallohu anhum hayotiga nazar solar ekanmiz baʼzilari tinimsiz Qurʼon oʻqishlari, boshqalari esa tuni bilan uxlamay ibodat qilib chiqishlari yoki koʻp roʻza tutishlarini bilib olamiz. Bu esa ularning kuchli moʻmin boʻlishlari bilan bir qatorda, vaqtlarini zoye ketkazishdan qoʻrqqanlaridan deb, bilishimiz mumkin boʻladi.

Misol uchun Abdulloh bin Amr roziyallohu anhuga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasalam: “Har bir oyda uch kun roʻza tutish bilan kifoyalangin”, dedilar. Abdulloh: “Yo Allohning Rasuli, men quvvatliroqman”, dedilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasalam unga Dovud alayhissalomning tutgan (kunora) roʻzalariga dalolat qilib, ziyoda qilib berdilar.

Qolaversa, hadislarda kasb borasida gapirilar ekan insonni gʻayratga daʼvat qilib, garchand togʻlardan oʻtin olib kelib, uni sotib kun kechirish, biror-bir kishidan hojatmand boʻlib, soʻrab olgandan yaxshiligi toʻgʻrisida ishoralar bor. Bu esa musulmon kishiga doimo hayotda faol va harakatchan boʻlishi lozimligiga ishoradir.

Hadisi qudusiyda bunday deyiladi: “Bandam unga yaxshi koʻrganim farz qilgan ishlarimni qilish bilan menga yaqinlashadi. Soʻng bandam nafl amallarni qilish bilan yaqinlashishda davom etadi. Hatto men uni yaxshi koʻraman. Agar men uni yaxshi koʻrsam, uning eshitadigan qulogʻiga, koʻradigan koʻziga va ushlaydigan qoʻliga aylanaman. Agar bandam mendan soʻrasa, albatta, unga soʻragan narsasini beraman, agar panoh soʻrasa, uni panohimda asrayman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, ushbu hadisi qudusiyda ham barcha farz va nafl boʻlgan ibodatlarni bajarishda faol boʻlgan bandani Alloh sevishi hamda u bilan doimo birga boʻlishi maʼlum boʻladi.

Alloh taolo barchamizni Oʻzining roziligi, din xizmati va moʻmin-musulmonlar manfaati yoʻlida sergʻayrat boʻluvchi sevimli bandalaridan qilsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?