«Quyoshliq istasang, kasbi kamol et»

10:27 18 Yanvar 2021 Jamiyat
959 0

«Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim».

Shavkat MIRZIYOYEV

Taʼlim-tarbiya va ilm-fan taraqqiyoti har qanday mamlakatning ertangi kunini, istiqbolini belgilab beruvchi asosiy mezondir. Yurtimizda bu borada shiddatli islohotlar amalga oshirilib, sohada tub burilishlarga erishilmoqda. Mazkur yoʻnalishdagi barcha saʼy-harakatlar taʼlim sifati hamda ilm-fan natijadorligini taʼminlashga qaratilgani bilan yana-da ahamiyatlidir.

Qoʻqon universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sherzod ­MUSTAFOQULOV bilan suhbatimiz maorifdagi tub oʻzgarishlar, erishilgan yutuq hamda muammolar xususida kechdi.

— Suhbatimiz avvalida universitetning tashkil etilishi, taʼlim berish metodikasining oʻziga xos jihatlari xususida toʻxtalsangiz...

— Bizning taʼlim muassasamiz Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi “Qoʻqon universitetini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori asosida ish boshlagan boʻlib, Qoʻqon shahrida nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi oliy oʻquv yurti hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi turli taʼlim muassasalari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Nima uchun? Chunki bu tizim ishga solinsa, taʼlimda tub oʻzgarishlar boʻladi, oʻzaro sogʻlom raqobat muhiti shakl­lanadi. Raqobat bor joyda esa ­rivojlanish ­kuzatiladi.

“Biz ham boshqalardan kam emasmiz” degan ijobiy maʼnodagi fikr paydo qiladi va bu, oʻz navbatida, oliy oʻquv yurtlari boʻladimi, maktab yoki maktabgacha taʼlim muassasasi boʻladimi — taʼlim sifatining oshishiga olib keladi. Bu isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Universitetimiz ham ana shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, oʻz vazifalarini tizimli amalga oshirib kelmoqda. Xususan, jahon tajribasini hisobga olgan holda, oliy maʼlumotli raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, oʻquv jarayonining ilmiy tadqiqot ­faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini kuchaytirish, oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish, mamlakat hududlaridagi yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha barcha zarur chorani koʻryapmiz.

Shu bilan birga, universitet oldiga bir qator muhim vazifalar ham qoʻyilgandi. Jumladan, Oʻzbekiston oliy taʼlim dasturlari bilan birga, dunyoning nufuzli oʻquv muassasalarining dasturlarini amalga joriy etish. Qolaversa, respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini nazarda tutib, mutaxassis tayyorlash, xorijliklar bilan tajriba almashish ham eʼtiborimizda.

Oʻquv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish, taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan hamda texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish ­asosiy masalalardan biridir.

Fan-texnika taraqqiyotining shiddat bilan oʻsib borishi mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilmiy tadqiqotlar ahamiyatini yana-da kuchaytirdi. Jahonning yetakchi mamlakatlari tomonidan ilmiy-texnik ravnaqning fundamental asosi boʻlgan aniq fanlar ­yuksalishini ragʻbatlantirish hamda iqtidorli yoshlarni kashf qilish boʻyicha oʻziga xos seleksiyani amalga oshirish maqsadida ­investitsion dasturlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilmoqda. Bu yutuqlarimiz ­mezoni ­boʻladi.

Hozirgi kunda nodavlat oliy taʼlim tashkilotimiz zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari, oʻquv va ilmiy adabiyotlar, kompyuter texnikasi bilan taʼminlangan. O'quv jarayoniga taʼlim texnologiyalarini yoʻnaltirish ishlariga ham alohida urgʻu beryapmiz. Universitetga tanlov asosida malakali professor-oʻqituvchilar jalb qilingani koʻzlangan maqsadlarimizga erishishda qoʻl kelyapti.

Bundan tashqari, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida universitet granti boʻyicha abituriyentlarni oʻqishga qabul qilyapmiz. Bu ham ijtimoiy himoya masalasiga ahamiyat qaratilayotganidan dalolatdir.

— Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼlimni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilab berildi, shunday emasmi?

— Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining parlamentga va shu orqali xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, ayniqsa, ilm-fan, taʼlim sohasini yangi pogʻonaga olib chiqish, yoshlarning iqtidori hamda salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirishga qaratilgan uzluksiz tizim yaratilishi yuzasidan juda koʻp takliflar ilgari surildi.

Murojaatnomada joriy yilda yurtimizda 10 ta Prezident maktabi, kimyo-biologiya, ­matematika, axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan 197 ta maktab oʻz faoliyatini ­boshlashi haqida alohida toʻxtalib oʻtildi.

Quvonarlisi, oʻtgan yili ilk bor matematika, kimyo-biologiya hamda geologiya fanlari taʼlim va ilmning ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilanib, ularni kompleks rivojlantirish choralari koʻrilgani koʻplab yutuqlarga asos boʻldi. Jumladan, salkam yuzga yaqin ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi. Oʻquv dasturlari tubdan qayta koʻrib chiqilishi bilan birga, professor-oʻqituvchilarning ish haqi ham oshirildi. Bularning barchasi taʼlim fidoyilariga motivatsiya beryapti.

Shu nuqtayi nazardan, mazkur muhim hujjatda 2021-yil uchun ustuvor ilm-fan yoʻnalishlari aniq belgilab berilgani bizning faoliyatimizda dasturilamal boʻlmoqda, desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman. Talaba-yoshlarning iqtidori hamda salohiyatiga qarab, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish boʻyicha uzluksiz tizim “zanjiri”ni yaratish borasida ishlar olib boryapmiz.

Bu hali hammasi emas. Murojaatnomada aniq fanlarni rivojlantirish, yoshlarning ­bilimga, ilmga va innovatsiya yangiliklarini yaratishga boʻlgan qiziqishlarini kuchaytirish yuzasidan ham juda dolzarb g'oyalar oʻrtaga tashlandi. Ayni chogʻda, fizika boʻyicha Ahmad ­Fargʻoniy nomidagi xalqaro fan olimpiadasini tashkil etish toʻgʻrisidagi fikrlar koʻpchilikka gʻoyat maʼqul tushdi. Sababi u talaba-yoshlarning bilimini yana-da oshirishga xizmat qiladi. Oʻgʻil-qizlar ushbu yoʻnalishda oʻtkaziladigan tanlov va musobaqalarda gʻolib boʻlish uchun oʻz ustida ishlaydi hamda oldinga intiladi. Qarang, buning ahamiyati qanchalik muhimligi birgina shu misollarda ham namoyon boʻlyapti...

— Davlatimiz rahbari taʼlim muassasalarida aniq fanlarni chuqur oʻqitish haqida ­koʻp taʼkidlaydi. Buning hayotiy zarurati nimada deb oʻylaysiz?

— Bilasizmi, ayrim yoʻnalishlarning chuqur oʻqitilishi talaba-yoshlar uchun juda zarur. Deylik, matematika. U juda koʻp fanlarga yoʻl ochadi. Uning asosiy vazifasi faqatgina hisob-kitobni oʻrgatishdangina iborat emas. Oʻquvchilarni fikrlash, miya imkoniyatlarini ishga solish, tafakkur qilishga undaydi. Masala va misollar kichik toʻsiq boʻlsa, matematika kelajakda bundan-da katta gʻovlarni yengib oʻtishga yordam beradi, oʻquvchini algoritm, yaʼni tartibga, toʻgʻri va notoʻgʻrini ajratishga oʻrgatadi.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, davlatimiz rahbarining eʼtibori bilan matematika fanini oʻqitish tizimini isloh qilish boshlandi. Bu borada turli olimpiadalarni tashkil etish, muntazam oʻtkazilishini anʼanaga aylantirish boʻyicha ham universitetimizda muayyan ishlar amalga oshirilyapti.

Chunonchi, Murojaatnomada belgilangan vazifalarni, xususan, aniq fanlarni rivoj­lantirishga oid takliflarni amaliyotga keng tatbiq etish, iqtidorlilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida universitetimizda respublika umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida matematika fanidan “Qoʻqon olimpiadasi"ni uyushtirmoqchimiz. Bu borada “Qorakoʻl ziyo" nodavlat taʼlim muassasasi bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Aytib oʻtishim lozimki, mazkur “Qoʻqon olimpiadasi" xususiy sektor vakillari tomonidan ilk marotaba tashkil etilmoqda. Shuni inobatga olib, buning zamirida kelajakda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga koʻtarish maqsad qilingan. Qolaversa, Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat orasida, xususan, ilm-fan olamida oʻziga xos nufuzini oshirishga xizmat qiladigan isteʼdodli yoshlarni kashf etish ham koʻzda tutilgan.

Zero, mamlakatimiz rahbarining yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha daʼvatlari, yaʼni «Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi», degan ezgu g'oyasini amalga oshirish barchamizning, jumladan, sohaga daxldor boʻlgan har qanday kishining burchi hisoblanadi.

Yana shuni aytish joizki, universitetimizda oʻtkaziladigan “Qoʻqon olimpiadasi" yosh matematiklarni aniqlash va ularning yuksak parvoziga zamin yaratuvchi oʻziga xos pillapoya vazifasini oʻtaydi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Shunday ekan, uni oʻquvchilar intiqib kutadigan aqliy bellashuvlardan biriga aylantirish uchun barcha chorani koʻramiz. Bunga im­koniyatlarimiz yetarli.

Zotan, bunday fan bellashuvlari kelgusida bilimdon yoshlar safini yana-da kengaytirishga xizmat qiladi. Matematikadan bilimi yuqori boʻlgan avlod bilan esa davlatimiz barcha jabhada yuqori natijalarga yana-da tezroq erishadi.

— “Qoʻqon olimpiadasi"da kimlar qatnashishi mumkin? Shu haqda batafsilroq toʻxtalsangiz...

— “Qoʻqon olimpiadasi" umumtaʼlim maktablarining 5, 6, 7, 8, 9 va 10, 11-sinflari, akademik litseylarning 1, 2-bosqich oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni ­rivojlantirish agentligiga qarashli taʼlim muassasalari, nodavlat oʻquv dargohlarining 5 — 11-sinf oʻquvchilari ham qatnashishlari mumkin.

Olimpiada ikki bosqichda tashkil etilib, hududiy bosqich viloyatlar kesimida joriy yilning 14-fevral kuni Davlat test markazi tomonidan maxsus tuzilgan testlar asosida amalga oshiriladi.

Bunda oʻquvchilar ixtiyoriy ravishda qatnashadi. Ishtirokchilar www.olimpiada.kokanduni.uz sayti orqali 10-fevralga qadar onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtishlari lozim boʻladi.

Respublika bosqichi esa Qoʻqon universitetida shu yilning 13-14-mart kunlari oʻtkaziladi. Yakunlovchi bosqichda Davlat test markazi javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball toʻplagan 5 nafar oʻquvchi-nomzod tanlab olinadi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mazkur bosqich “Qorakoʻl ziyo" nodavlat taʼlim muassasasi mutaxassislari, yaʼni turli yillarda matematikadan xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari tomonidan tuzilgan ikki pogʻonali test usulida tanlov asosida tashkil etiladi. Ushbu olimpiada investitsion motivatsiya asosida yosh matematiklarning seleksiyasini amalga oshirish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish, nufuzli oliy oʻquv yurt­larida tahsil olishlariga koʻmaklashish hamda shu asosda texnika taraqqiyotining jadallashishiga zamin yaratadi, deb ishonamiz.

— Ragʻbat — odamni yana-da faollikka yetaklaydi. Shunday ekan, ushbu olimpiada gʻoliblarini qanday ­sovgʻalar kutmoqda?

— Toʻgʻri aytasiz. Ragʻbat — yoshlarni ilm olamida maydonni yana-da keng olib, oʻqib-oʻrganishga undaydi. Olimpiada gʻoliblarini munosib mukofotlash rejamizda bor. Shu maqsadda birinchi guruh (5, 6, 7-sinflar) oʻquvchi-talabgorlari oʻrtasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan nomzodga «Neksiya» avtomobili, ikkinchi guruh (8, 9-sinflar) oʻrtasida birinchilikni egallaganga ham «Neksiya», uchinchi guruhda (10, 11-sinflar, akademik litseyning 1, 2-bosqich) birinchilik uchun esa “Kobalt” avtomobili ­sovgʻa qilinadi.

Bu hali hammasi emas. Barcha guruh boʻyicha birinchi oʻntalik roʻyxatidan joy olgan nomzodlarga Qoʻqon universitetida grant asosida oʻqishga qabul qilish “Investitsion vaucher”i taqdim etiladi. “Qorakoʻl ziyo» nodavlat oʻquv muassasasi tomonidan esa guruhlar boʻyicha 1, 2, 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan oʻquvchi-nomzodlarga matematika hamda boshqa fanlardan qoʻshimcha bilim olish huquqini beruvchi bir yillik bepul oʻqish bonusi ham taqdim etiladi. Quyi sinf oʻquvchilari gʻoliblikni qoʻlga kiritsa, ular ilm-fanga yoʻnaltirilib, tizimli ravishda universitetga tayyorlab boriladi. Eng asosiysi, olimpiada natijalarini baholashda, gʻoliblarni aniqlashda, albatta, adolat mezonlari ustuvor boʻladi.

Darvoqe, “Qoʻqon olimpiadasi"ni tashkil etish va oʻtkazish orqali yoshlar orasida «Bilim — insonni ulugʻlaydi», degan shior keng targʻib qilinishi bilan birga, gʻoliblarning erishgan yutuqlarini jamoatchilik oʻrtasida ­yoritish evaziga oʻgʻil-qizlarga yana-da koʻproq ­motivatsiya berish ham maqsad qilingan. Bu esa oʻquvchi-yoshlar, talabalar orasida ilm olishga boʻlgan qiziqish va intilishlarini yana-da ­kuchaytiradi.

Shu oʻrinda, davlatimiz rahbari alohida taʼkidlagan, yaʼni buyuk mutafakkir shoirimiz ­Alisher Navoiyning oʻz davrida yoshlarga qarata aytgan quyidagi murojaati koʻz oldimga keldi: “Quyoshliq istasang, kasbi kamol et".

Zero, insonlarga quyosh kabi ziyo nurini ta­ratishni, yaxshilik qilishni istaydigan har bir fuqaro kelajakka, kamolotga intilib, ilm va kasb-hunarlarni puxta egallashi lozim. Bu oldimizga eng katta maqsad qilib qoʻyilgan — mamlakatimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish hamda unga erishishimizda gʻoyat muhim.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?