Quyosh sehri, oy latofati mujassam shahar

23:13 16 May 2022 Jamiyat
935 0

Foto: Халқ сўзи

21 – 25-may kunlari Buxoroda xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali boʻlib oʻtadi

Shu yilning 21-25-may kunlari Buxoro yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qiladi. Koʻhna shaharda xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali boʻlib oʻtadi. Mamlakatimiz Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq ilk bor oʻtkazilayotgan bu anjuman xalq amaliy sanʼatining mazkur ikki yoʻnalishidagi eng yaxshi anʼanalarini ravnaq toptirish, oʻzaro tajriba almashish, hunarmandchilik maktablarini yanada rivojlantirish, zardoʻzlik va zargarlikning noyob namunalarini targʻib qilish, yurtimiz sayyohlik salohiyatini oshirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.

Buni alohida taʼkidlashimiz bejiz emas. Zarafshon vohasi qadim – qadimdan nafaqat oltinu kumush kabi yer osti boyliklari, balki bu qimmatbaho maʼdanlardan inson aqlini lol etadigan noyob buyumlar yaratgan hunarmandlari bilan ham mashhur boʻlgan. Ularning zar iplardan tikilgan milliy liboslari, tilladan tayyorlangan moʻjizaviy osori atiqalarining dongʻi yetti iqlimga ketgan.

Quyida har ikki yilda bir bor oʻtkazilishi koʻzda tutilgan xalqaro festival, zardoʻzlik va zargarlik tarixi, anʼanalarning tolmas davomchilari haqida soʻz yuritamiz.

Moziyga bir nazar

1404-yilda ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo Amir Temur saroyiga tashrif buyurganida Sohibqiron uni toʻyga taklif etadi. Tabiatan sinchkov elchi keyinchalik oʻz xotiralarida temuriy shahzoda Pirmuhammadni shunday tasvirlaydi: “Podshohning nevarasi Pirmuhammad milliy udumga binoan juda yaxshi kiyingan edi. Ustiga koʻk beqasam yaktak, yaktakning ikki yelkasi, koʻkragi va yenglariga bittadan zarhal halqa tikilgan. Boshidagi qalpogʻi yirik marvarid va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qalpoqning tepasiga qadalgan laʼl yonib turardi”.

Shu dalilning oʻziyoq yurtimizda zardoʻzligu zargarlik sanʼatining ildizi uzoq oʻtmishga borib taqalishini koʻrsatadi.

— XIX asr oxiri-XX asr boshlarida Buxoro shahrida aholining 25 foizi hunarmandchilik bilan shugʻullangan, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov. — Bundan 500-yil muqaddam maxsus barpo etilgan timda zargarlar ham ishlab, ham qimmatbaho taqinchoqlar savdosi bilan shugʻullanishgan. Ular tayyorlagan nodir buyumlar savdo karvonlari orqali dunyoning turli goʻshalariga olib ketilgan. Samarqand, Xiva, Qoʻqon kabi qadimiy shaharlarda boʻlgani kabi koʻhna Buxoroda ham butun boshli hunarmandlar mahallalari yuzaga kelgan. Manbalarda Buxoro va Gʻijduvon shaharlarida Zargarlar (Zargaron) mahallalari mavjud boʻlgani aytiladi.

Soha mutaxassislarining aniqlashicha, XX asr boshida Buxoroda 400 ta zargarlik doʻkoni faoliyat yuritgan. Bu ham mahalliy ustalarning qimmatbaho maʼdanlarga ishlov berish hadisini olishganini koʻrsatadi. Boshqacha aytganda, zar kokilli Zarafshon tuprogʻidan olingan tillayu kumushlar inson aqlu zakovati bilan koʻzni yashnatadigan, koʻngillarga zavqu shavq bagʻishlovchi sanʼat asariga, goʻzallik va nafosat timsoliga aylangan. Zero, oltinda quyoshning bitmas – tuganmas qudratini, kumushda oyning goʻzalligini, marvarid, yoqut, zumrad kabi toshlarda sehr kuchini his etganlar.

Buxoro davlat muzey–qoʻriqxonasida hozir ana shunday nodir zargarlik buyumlarining mingdan ziyodi saqlanmoqda. Ularda Qurʼon suralari, hikmatli soʻzlar, pandu oʻgitlar juda nozik did bilan yozilganini koʻrish mumkin.

— Buxoro azal–azaldan dunyoga, dunyo esa Buxoroga talpinib yashagan, — davom etadi Sh. Hayitov. — Sirasini aytganda, ilmu maʼrifat, maʼnaviyat beshigi sanalgan Buxoroi sharif zarga, oʻzida quyosh sehrining qudrati, toʻlin oy latofatini mujassam etgan duru gavharga oʻxshaydi.

Dunyoda birgina ayol qolsa ham, zargarga ish topiladi

Hozir Buxoroda ota-bobolardan meros hunarlarni koʻz qorachigʻidek asrab- avaylab kelayotgan ustalar juda koʻp. Shodmon Saidmurodov ularning biri sanaladi. 13 yildan buyon zargarlik bilan jiddiy shugʻullanib kelayotgan bu yigitning hayotida unutilmas voqealar koʻp boʻlgan. Shodmon, xususan, oʻziga YUNESKOning “Sifat belgisi” sertifikati topshirilganini maroq bilan tilga oladi.

— Avvaliga ganchkorlik bilan shugʻullanganman, — deydi u. — Bilasiz, ganchkorlik ham kishidan ijodiy yondashuvni talab qilinadi. Oʻy-fikrim naqshlar dunyosida shoʻngʻib yurganida ustozlarim “Har bir ishni zargarona bajar”, deya yoʻl-yoʻriq berishardi .Shu sabab boʻldi chogʻi, menda ganchkorlikdagi naqshlar jilosini zargarlikka qoʻllash fikri tugʻildi. Ustozim Nizom Zaripovdan shu hunar sirlarini qunt bilan oʻrgandim.

Aytish kerakki, zargarlik kishidan oʻtkir nigoh, yuksak did, sabru toqatni talab qiladi. Chinakamiga zargar boʻlmoq uchun havasning oʻzi yetarli emas .Bilim, ishtiyoq, chidam, fantaziyasiz maqsadga yetish mushkul. Shodmon bunga oʻz faoliyati misolida ishonch hosil qildi. Ortda qolgan oʻn yil davomida taqinchoq va tilla buyumlarning oʻndan ziyod asl nusxasini yaratdi. Zargarlikda unutilayozgan bosma, filigran hamda issiq emal texnologiyasini qayta tiklashga muvaffaq boʻldi. Shu kabi mehnatlari evaziga YUNESKOning “Sifat belgisi” sertifikatini qoʻlga kiritdi.

Oddiy bir hunarmand erishayotgan yutuqlar zamirida davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan xalq amaliy sanʼatini yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab – quvvatlash borasida qabul qilgan Farmon va qarorlari yotibdi, albatta. Masalan, “Hunarmand”uyushmasiga aʼzo ustalarga soliq borasida imtiyozlar berilgan. Zargarlar esa qiymati besh ming AQSH dollarigacha boʻlgan mahsulotni xorijga olib chiqish imkoniga egalar.

Xalqimiz “Zar qadrini zargar biladi”, deyishi bejiz emas..Qolaversa, barcha davrlarda bu hunar egalariga “Usta”, deya izzat-ikrom koʻrsatilgan. Zotan, dunyoda birgina ayol qolsa ham, zargarga ish topiladi.

Shodmonga kelsak, uning «Minorai Kalon», “Humo qushi”, “Qashqar baldoq” kabi asarlari oʻziga xos kompozitsion yechimi, falsafiy mazmun kasb etishi, jozibasi bilan kishini oʻziga maftun etadi. Uning qadimiy karvonsaroydagi hujralardan birida joylashgan ustaxonasi xorijiy sayyohlar bilan doimo gavjum. Mehmonlar ustaning ishini kuzatishadi, qoʻl mehnati mahsuli boʻlgan zargarlik buyumlarini maroq bilan tomosha qilishadi, buyurtmalar berishadi. Usta hatto Internet orqali buyurtma olib, uni bekamu koʻst bajarmoqda. U xalqaro festival munosabati bilan bir turkum zargarlik mahsulotlari tayyorladi. Ular koʻrgazmadan oʻrin oladi, albatta.

— Shu hunar ortidan koʻplab yurtlarni koʻrdim. AQSH, Vengriya, Rossiya, Qozogʻiston singari davlatlarda tashkil etilgan xalqaro festivallarda ishtirok etdim, — deydi zargar. — Qay bir davlatda boʻlmay, muzeylarga kiraman. Ularda biz, oʻzbekistonlik hunarmandlarning asarlarini koʻrganimda koʻnglim togʻdek koʻtariladi.

Maktab yaratgan ustoz

“Buxoro zardoʻzlik maktabi” deyilganida bugun koʻz oldimizga Oʻzbekiston Qahramoni Muyassar Temirova, “Tashabbus” koʻrik–tanlovi gʻoliblari, “Shuhrat” medali sohiblari Baxshullo Jumayev, Mahfuza Salimova kabi tajribali xalq amaliy sanʼati ustalari keladi. Ular safida Xursheda Ruzayeva ham bor. Bu tinib- tinchimas, izlanuvchan ayol joriy yilda bir guruh yurtdoshlarimiz qatori Prezident Farmoniga muvofiq, “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Xursheda zardoʻzlik dastgohi sanalgan korchoʻp oldiga oʻtirganida 13 yoshda edi. Qoʻliga nina tutgan qiz oʻshanda atrofidagi chevarlarga tikilarkan, «Men ham buvijonim, onajonim, xolajonim kabi mohir zardoʻz boʻlib yetishaman, ularga munosib izdosh boʻlaman», deya qatʼiy ahd qilgandi. Yaxshi niyat bilan qoʻliga hunarmandchilik anjomini tutganlarni farishtalar qoʻllar ekan. Ishni oddiy belbogʻ, yelpigʻich, choynakpoʻsh tikish bilan boshlagan Xursheda yillar oʻtgach, mohir zardoʻz boʻlib yetishdi.

— Zardoʻzlik kishidan koʻz nuri, qalb qoʻrini, sabru toqat, qanoatni, ijodkorlikni talab qiladi, — deydi u. — Ayrim ishlar, xususan, moʻjaz gilamlarga rang-barang tasvirlar tushirish jarayoni oylab davom etadi. Tilla va kumush suvi yuritilgan ip vositasida ipak matoga tushirgan naqshlaringizdan koʻnglingiz toʻlsa, xotirjam tortasiz. Charchoqlarni unutasiz.

Bir paytlar onasiga shogird tushgan Xursheda bugun oʻnlab yoshlarning murabbiyiga aylandi. Undan hunar oʻrganish ishtiyoqidagi qizlar uchun xonadonining eshigi doimo ochiq. Mustaqil tarzda ishlab, oilasi va jamiyatimizga foyda keltirayotgan shogirdlari ham koʻp.

Umuman, Buxoro zardoʻzligida «zardoʻzi zamindoʻzi», “zardoʻzi–guldoʻzi”, «zardoʻzi–berishimdoʻzi» kabi qadimiy usullar bor. Xursheda Ruzayeva shu usullar asosida qoʻl mehnatining ajoyib namunalarini yaratmoqda. Oʻz asarlari bilan mamlakat va xalqaro miqyosda oʻtkazilayotgan nufuzli anjumanlarda faol ishtirok etayapti.

— Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoroda xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivalining oʻtkazilishini biz, xalq amaliy sanʼati ustalariga bildirilgan katta bir ishonch deb bilaman, — deydi u. — Ota–bobolardan meros bu hunarni koʻz qorachigʻidek asrab, uni kelgusi avlodga yetkazish masʼuliyati zimmamizda turibdi. Festivalga kelsak, unda bir turkum asarlarimiz bilan qatnashamiz. Xorijlik hunarmandlar bilan oʻzaro tajriba almashamiz.Tadbir yangi ijodiy ishlarga turtki vazifasini ham oʻtaydi, albatta.

Festival sahnasi nimani eslatadi?

Qadimiy shaharda festivalga tayyorgarlik yumushlari nihoyasiga yetmoqda. Atrof rang–barang gullarga burkanmoqda. Shinam koʻchalar, salqin xiyobonlarda bayramona ruh hukmron. Tungi chiroqlar yogʻdusidan koʻhna Buxoro yashargandek taassurot qoldiradi.

— Xalqaro festivalga puxta hozirlik koʻrildi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyat boshqarmasi boshligʻi Akbar Muhamedov. — Tadbirga xorijiy davlatlar hamda respublikamizning turli viloyatlaridan yuzdan ziyod oʻz ishining ustasi sanalgan zardoʻz va zargarlar, sayyohlar, chet el davlatlarining mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, koʻplab mutaxassislar tashrif buyuradi. Festivalning ochilish va yopilish marosimlari koʻhna Ark qalʼasi maydonida oʻtkaziladi. Hunarmandlarimizning shu qalʼa hududidan to Labi hovuz majmuasigacha boʻlgan hududda koʻrgazma–savdo yarmarkalarini oʻtkazishlari, ish jarayonini koʻrsatishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi.

— Festivalni risoladagidek oʻtkazish uchun viloyat hokimi boshchiligida shtab tuzilgan, — deydi Buxoro viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi masʼul xodimi Bobur Toʻxsanov. — Har bir jabhada monitoring ishlari olib borilyapti. Shahrimizga keladigan mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, ular vaqtini mazmunli oʻtkazish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilangan. Chunonchi, shaharning tarixiy qismida tijorat banklari bilan hamkorlikda tunu kun ishlaydigan bankomatlar oʻrnatildi. Tezkor internet aloqasi yoʻlga qoʻyildi. Gid tarjimonlar uchun seminarlar tashkil etildi.

Aytmoqchi, festivalning asosiy tadbirlari oʻtishi koʻzda tutilgan Ark qoʻrgʻoni oldidagi maydonda Buxoroning qadimiy «Shibirma» sirgʻasi shaklidagi sahna bunyod etildi. Ikki ming nafar tomoshabinga moʻljallangan bu goʻshaning koʻrinishi ham shaharda xalq amaliy sanʼatining ildizlari olisga borib taqalishiga kichik bir ishoradir.

Festival dasturidan esa koʻplab tadbirlar oʻrin olgan. Chunonchi, hunarmandchilikka oid filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyish etiladi. Har bir hududning milliy hunarmandchiligini oʻzida aks ettirgan shaharchalar maketlari oʻrnatilmoqda. Koʻngilochar tadbirlar uyushtiriladi. Taqdimot marosimlari ham rejalashtirilgan.

Festival kunlari sohaning yetakchi mutaxassislari, ekspertlar ishtirokida “Anʼanaviy zardoʻzlik va zargarlik sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy- amaliy konferensiya tashkil qilinadi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?