Quyosh energiyasi: tabiiy, ekologik toza va tejamkor

15:46 09 Sentyabr 2022 Jamiyat
514 0

Illustrativ foto

Dunyoda rivojlanishning bugungi bosqichida energiyaga boʻlgan talabning ortishi, energiya narxlarining doimiy oshib borishi tufayli zamonaviy, ekologik toza, energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiyalardan foydalangan holda yashil energetika rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega.

Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham yurtimizda “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor berilgan.

Istiqbolli rejaga koʻra, 2026-yilga borib Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hajmi 8 000 MVtga, gidroelektr stansiyalari hajmi esa 2 920 MVtga (jami 10 920 MVt) yetkaziladi. Buning natijasida yurtimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari (“yashil” energetika) ulushini tashkil etadi. Bu yiliga qariyb 3 mlrd kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Tejalgan gaz bilan yil davomida bir million xonadonni tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin. Shu miqdordagi tabiiy gaz bilan qoʻshimcha ravishda 15 mlrd kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarsa boʻladi. 15 mlrd kVt.soat hajmdagi elektr energiyasi mamlakatimiz aholisi yillik isteʼmolining qariyb yuz foizini tashkil qiladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda davlatimiz rahbari bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab boroigi, kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilayotganligini aytib, bunday vaziyatda eng samarali yoʻl uy, korxona, bogʻcha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirish ekanligini taʼkidladi.

Fargʻona politexnika institutida ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan 9 ta markaz hamda markazlar qoshida 12 ta SPIN-OFF unitar korxonalari tashkil etildi. Unitar korxonalar samarali faoliyati davomida institutning tashqi yoritish chiroqlari uchun quvvati 3,5 kVtli hamda 25 foiz ichki elektr energiyasini taʼminlovchi 80 kVt fotoelektrostansiya loyihalanib ishga tushirildi.

Shu bilan birga institut hududdida talabalarga shart sharoitlarni yaxshilash maqsadida,internet tarmogʻini wi-fi rotori qurilmali, kichik quvvatli eletkr energiyasi isteʼmolchilarni taʼminlaydigan hamda tashqi yoritish va reklama chiroqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega soyabon qurilmalari ishlab chiqildi. Yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda sugʻorish tizimida foydalanish uchun Gidroturbonasos qurilmasi yaratildi.

Hozirgi kunda oʻrtacha havo haroratining oshishi havoni mutadillashtiruvchi qurilmalarga talabni oʻsishiga olib kelmoqda. Bunday muammolarni bartaraf etish uchun institut olimlari tomonidan quyosh energiyasiga moslangan kichik quvvatda ishlovchi havoni mutadillashtiruvchi qurilma ishlab chiqildi. Shu bilan birga havo haroratini isitish uchun quyosh energiyasida ishlovchi isitgich foydalanishga topshirildi. Quyosh havo isitgichi Oltiariq tumanida 15 ta kam taʼminlangan oilalar tomorqasida 3 sotixli innovatsion issiqxonalarda oʻrnatildi.

Bugungi kunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energiya tizimlarining umumiy va texnik salohiyatini baholash bilan bir qatorda, ularning ishlab chiqarish quvvatlarini turli iqlimiy oʻzgarishlarni inobatga olgan holda qisqa va uzoq muddatli ilmiy bashoratlashga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilyapti. Institut hududida oʻrnatilgan aktinometrik va metrologik stansiya yordamida ushbu xudud uchun oʻrtacha soatlik, kunlik aktinometrik va iqlimiy maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda. Kuzatuvlar muayyan geografik hududda quyosh energiyasini yuqori aniqlikda ishonchli baholash, quyosh qurilmalari va energiya tizimlarini loyihalashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini bashorat qilish imkonini beradi.

Ayni paytda respublikamiz hududlaridan oqib oʻtadigan ariq, daryo, irrigatsiya tizimlaridagi kanallarning gidroenergetik salohiyatidan foydalanish uchun kichik suv bosimlarida ishlovchi mikro gidroelektrostansiyalarni takomillashtirish yoki ularning yangi turlarini yaratish hamda konstruktiv yechimlarini ishlab chiqish ham dolzarb vazifa. Bu borada institutda Andijon viloyati hududidan oʻtuvchi Janubiy Fargʻona kanali suv obyektida import oʻrnini bosuvchi Mikro GESlar, gidroagregat, generator va boshqaruv elektron tizimlari loyihalashtirilyapti. Shuningdek, turli quvvatdagi Mikro GESlarni tayyorlash, yigʻish, montaj qilish va tajribadan oʻtkazish hamda tijoratlashtirish ishlari bajarilmoqda.

 

Mirsoli Oʻzbekov,

Fargʻona politexnika instituti Energetika fakulteti dekani,

Akmal Quchqorov,

Elektronika va avtomatika kafedrasi mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?