Quvasoy shahrida Maʼnaviyat va maʼrifat maskani faoliyat boshladi

11:44 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
281 0

Foto: Xalq so‘zi

Ezgu tashabbuslar doirasida keyingi ikki yilda Fargʻona viloyati shahar-tumanlarida barcha zamonaviy sharoitlar va qulayliklarga ega 8 ta Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlari tashkil etildi.

Kuni kecha viloyatning Quvasoy shahrida tashkil etilgan Maʼnaviyat va maʼrifat maskani tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Eʼtiborlisi, ushbu maskanda kelajagimiz vorislari har tomonlama barkamol boʻlib ulgʻayishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

— Muhtaram Prezidentimiz raisligida 2021-yil 19-yanvar kuni boʻlib oʻtgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida yaqin istiqbolga moʻljallangan ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov. — Yigʻilishda shahar-tumanlar markazlarida namunaviy loyiha asosida maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish boʻyicha ham aniq vazifalar belgilangandi.

Shuningdek, 2021-2023-yillarda barpo etiladigan maskanlar manzilli roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra, joriy yil yakuniga qadar viloyatning yana beshta hududi – Margʻilon shahri, Oltiariq, Rishton, Dangʻara va Furqat tumanlarida Maʼnaviyat va maʼrifat maskani foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Umuman olganda, 2021-2023-yillar davomida viloyatda 19 ta ana shu kabi Maʼnaviyat va maʼrifat maskani yangitdan qurib bitkazilishi koʻzda tutilgan. Har bir maskanda 50 oʻrinli anjumanlar zali, yosh bilimdonlar, kitobxonlik, taʼlim toʻgaraklari, ijodkorlar, targʻibotchilar va hunarmandlar xonasi hamda kutubxona boʻladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?