Quvalik mirishkorlar yuzlab turdagi daraxt va atirgul koʻchatlarini eksportga chiqarmoqda

Foto: Xalq so‘zi
Ayni kunlarda yurtimizning barcha joylarida boʻlgani kabi, Fargʻona viloyatining Quva tumanida ham koʻklam yumushlarga jiddu jahd bilan kirishildi. Xususan, quvalik mirishkorlar tomonidan viloyatdagi koʻchatchilikka ixtisoslashgan mavsumiy bozorlar, qolaversa, butun mamlakatimiz boʻylab mevali va manzarali daraxtlar, butasimonlar oilasiga mansub koʻchatlarni yetkazib berish jarayonlari boshlandi. Oʻz navbatida yuzlab turdagi koʻchatlar va atirgul qalamchalari qoʻshni respublikalar, Rossiya va Germaniyagacha eksport qilinmoqda. Bu bahorda tumanda 55 million tupga yaqin mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlari yetishtirish koʻzda tutilgan.
Quva tumani hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, shu maqsadda tumandagi 65 ta MFYning deyarli barchasida koʻchat yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. “Qorqaqum”, “Yangichek”, “Yangi hayot”, “Tolmazor”, “Boyiston”, “Namuna”, “Oltiariq”, “Qaqir” MFYlarida mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirish hududning oʻziga xos “drayver”i sifatida belgilangan boʻlsa, “Soyguzar”, “Xonobod”, “Madaniyat”, “Yangiqishloq” MFYlarida atirgulchilik tarmogʻi jadal rivojlantirilmoqda.
Koʻchatchilikka ixtisoslashgan mirishkor oilalar bitta mavsumda oʻrtacha 80-90 million soʻm daromadga ega boʻlayotir. Bu boradagi ishlar koʻlamini yanada rivojlantirish maqsadida tumanda bir necha koʻchatchilik va gulchilik kooperatsiyalari tashkil etildi. Oʻtgan yili “Yangichek” MFYda ish bilan band boʻlmagan 170 ta oilaga 20 gektardan ortiq yer maydoni ajratib berilib, endilikda ular mevali va manzarali koʻchatlar parvarishlash orqali muqim daromad manbaiga ega boʻldi.
Tumanda ijara asosida yer olish istagidagi fuqarolar uchun onlayn auksion savdolari orqali yer maydonlari ajratish tartibi joriy etildi. Shuningdek, tumanda faoliyat koʻrsatuvchi Tomorqa va yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari bilan faol hamkorlik qilinmoqda. Hozirda markazning tajriba maydonlarida 3 million tupdan ziyod koʻchatlar parvarishlanyapti. Shu bilan birga markazda uzum, olma, shaftoli, oʻrik, gilos, bodom, nok hamda manzarali va dorivor oʻsimliklarning mahalliy iqlim sharoitiga mos yangi navlar ustida ilmiy-amaliy tajribalar amalga oshirilmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy raqs sanʼatining yuksak namunasi boʻlmish “Lazgi — Muhabbat va Qalb raqsi” balet spektakli dunyo sahnalarini zabt etishda davom etmoqda
- Namangan xalqaro nodavlat universitetining litsenziyasi bekor qilindi
- “United Airlines“ aviakompaniyasi dasturiy taʼminotdagi nosozlik tufayli parvozlarni toʻxtatgani aytilmoqda
- Uzbekistan Airways va Lufthansa Technik AG o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligi
- Xorijiy tilni С1 darajada biladigan oʻqituvchilarga qoʻshimcha ustama toʻlanadi
- Qanday holatlar mualliflik va turdosh huquqlar buzilishiga olib keladi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring