Quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash borasidagi ustuvor vazifalar

19:34 23 Noyabr 2023 Jamiyat
249 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish oyligi doirasida “Quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashish” mavzusida seminar o‘tkazdi.

Quyi palata deputatlari, senat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etgan seminarda BRMning 15-maqsadi doirasida quruqlik ekotizimlarini himoyalash va tiklash, ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashish, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini to‘xtatish va ortga qaytarish, bioxilma-xillikning yo‘qolib ketish jarayonini to‘xtatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, inson faoliyati natijasida quruqlik ekotizimida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Minglab turlar kulgusida yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Har yili 10 mln gektarga yaqin maydonda o‘rmonlar vayron bo‘lmoqda. O‘zbekiston esa o‘rmonlari kam davlat hisoblanib, o‘rmon bilan qoplangan maydon 8,7 foizni tashkil qiladi. O‘rmon fondi yerlarining eng katta maydonlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida joylashgan.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yilda butun mamlakat miqyosida amalga oshirish boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hal yili 200 mln tup daraxt ekish, 5 yil ichida mamlakatimiz bo‘ylab 1 mlrd tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Loyihaning doirasida 2030 yilga kelib respublika shaharlaridagi yashil makonlar maydonini 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘rmon xo‘jaligida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030 yilga qadar o‘rmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan o‘rmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga, urug‘ tayyorlash hajmini yiliga 840 tonnaga, asalari oilalari sonini 300 mingtaga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini yiliga 32 ming tonnaga, dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmini yiliga 11,6 ming tonnaga yetkazish nazarda tutilgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida cho‘llanish, qurg‘oqchilik, chang-qum bo‘ronlari va haroratning ko‘tarilishiga qarshi chora sifatida jami 600 ming gektar maydonda “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish belgilangani yurtimizda iqlim o‘zgarishi salbiy ta’sirining oldini olish imkonini beradi.

O‘zbekiston bioxilma-xilligi 27 ming turdan ziyodni tashkil etib, Qizil kitobga 206 hayvon turlari va 314 o‘simlik turlari kiritilgan. Qizil kitobda hayvonot va o‘simliklar olamining kamyob, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan bo‘lib, unda har bir turning qisqacha tavsifi, tarqalishi, o‘sish sharoiti, soni, ko‘payishi, arealining o‘zgarish sabablari, madaniylashtirilishi va muhofaza choralari ko‘rsatilgan.

Mutaxassislar tomonidan har yili dunyoda 100 million gektarga yaqin sog‘lom va unumdor yerlar yo‘qolib borishi qayd etildi. Ushbu tendensiyani hisobga olgan holda, dunyoda yer degradatsiyasining neytralligiga erishish uchun 2030 yilgacha 1,5 milliard gektar maydonni tiklash kerak lozimligi bildirildi.

O‘zbekistonda joriy yilda BMTning cho‘llanish bo‘yicha konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi yuqori saviyada o‘tkazilib, dolzarb ekologik muammolar, xususan, qurg‘oqchilik, cho‘llanish, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, chang va qum bo‘ronlariga qarshi chora-tadbirlar muhokama etildi.

Tadbirda respublikamizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Shunlardan biri Orol dengizining suvi qurigan hududida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlari barpo etish bo‘yicha olib borilgan ishlar bo‘lib, ushbu hududda 2019-2023 yillar mobaynida qariyib 1,8 mln. gektardan oshiq maydonda “yashil qoplamalar” barpo etilgani ta’kidlandi.

Qizg‘in savol-javoblar davomida mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan xalqaro kelishuvlar bo‘yicha majburiyatlarni inobatga olgan holda, quruqlik va ichki chuchuk suv ekotizimlarini, shu jumladan, o‘rmonlar, suv-botqoqlar, tog‘lar va qurg‘oq yerlarni saqlash, tiklash va ulardan barqaror foydalanishni ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, shuningdek, cho‘llanishga qarshi samarali kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlar va tuproqlarni, shu jumladan cho‘llanish va qurg‘oqchilikdan zarar ko‘rgan yerlarni tiklash orqali 2030 yilgacha yer degradatsiyasi neytralligiga erishish yuzasidan fikr-muholazalar, takliflar bildirildi.

Seminar yakunida tegishli taklif va tavsiyalar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?