Qurʼonni koʻzoynaksiz oʻqiydigan 100 yoshli urush qatnashchisi va “UAZ”da jangga otlangan Boyquvvat bobo haqida

17:38 10 May 2020 Jamiyat
694 0

Samarqand viloyati Nurobod tumanida 2 nafar urush qatnashchisi Rahmon ota va Boyquvvat bobo bu yil 100 yoshni qarshi oldi.

Egriyoʻl qishlogʻida istiqomat qilayotgan Rahmon ota Abilov Qurʼoni karim oyatlarini koʻzoynaksiz oʻqishi haqida soʻzlab berdi. Tim qishlogʻidagi Boyquvvat bobo esa harbiylarga UAZ-469 da sayohat qilish istagi borligini bildirdi. Uni urushga uyidan mana shunday texnikada olib ketishgan ekan.
 

1942-1944-yillarda 137-sonli motooʻqchi polkida minomyot hisobida dushmanga qarshi kurashgan Rahmon ota Abilov 82 millimetrli minomyotdan otilgan yondiruvchi snaryad parchalari(oskolkalari)dan jarohatlanadi. Gospitalda 6 oy davolanishdan soʻng, bir umrga nogiron boʻlib qolgan urush qatnashchisi uyiga qaytib, texnikumga oʻqishga kiradi. Oʻqish va mehnat faoliyati davomida yurtga foydasi tegadigan koʻplab ishlar qiladi.

Qishloqda 9-umumtaʼlim maktabini tashkil etib, bu yerda bolalarni 4 sinfgacha oʻqitishni boshlagan. Otaxondan uzoq umr koʻrish siri soʻralganda: “Amali toʻgʻri va adolatli insonlarga oʻlim yoʻq ekan”, deya javob qaytardi.

Urush faxriysi 40 yil avval turmush oʻrtogʻini yoʻqotgan ekan. Farzandlarini “qistovlariga” qaramasdan, “oilamni notinch qilmay”, deb uylanmabdi. Suhbat chogʻida Rahmon ota harbiy xizmatchilarga Mahmudquli sheʼrlaridan oʻqib berdi.

Harbiy xizmatchilar shu kuni ikkinchi urush qatnashchisi Boyquvvat bobo Sadinovni “UAZ” texnikasida Oʻzbekistondagi eng katta poligon – “Kattaqoʻrgʻon” dala oʻquv maydoni boʻylab, sayohatga olib chiqdi.
 

9-may sanasida Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi va viloyat hokimligi tomonidan Samarqand, Jizzax hamda Navoiy viloyatlarida istiqomat qilayotgan keksa avlod vakillariga pul mukofoti, medal hamda esdalik sovgʻalar topshirildi.

Gʻayrat Madrahimov,

harbiy jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?