Qurolli Kuchlar miqyosidagi nufuzli musobaqa – “Eng ilgʻor mutaxassis” tanloviga start berildi

11:03 19 Noyabr 2019 Jamiyat
619 0

Kecha, 18-noyabr kuni Jizzax viloyatidagi Mudofaa vazirligiga qarashli “Forish” togʻ dala-oʻquv maydonida har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari miqyosidagi “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovining respublika bosqichiga start berildi.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda mudofaa qudratini yuksaltirish, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish, ularning xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, barcha jamoalarga omad tiladi.

Ushbu nufuzli musobaqada Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy okrug va boʻlinmalar bilan bir qatorda Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari oʻzaro kuch, salohiyat va kasbiy mahoratini sinovdan oʻtkazmoqda.

Taʼkidlash kerakki, hududiy bosqichlarda oʻz mutaxassisligi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan tanlov ishtirokchilari “Eng ilgʻor harbiy qism komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri”, “Eng ilgʻor guruh komandiri” va “Eng ilgʻor serjant” nominatsiyalari boʻyicha bellashmoqda.

“Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazilayotgan mazkur musobaqaning dastlabki kunida harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlik hamda otish tayyorgarligi boʻyicha belgilangan meʼyorlarni muvaffaqiyatli bajardi. Qisqa vaqt ichida avtomatni qismlarga ajratish va yigʻish, oʻqdonni oʻq bilan toʻldirish va boʻshatish, nishonlarga oʻq otish, granata uloqtirish kabi topshiriqlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, turnikda tortilish, 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish musobaqalarida jamoadoshlar bir-birini olqishlab, qoʻllab-quvvatlab turdi. Aytish mumkinki, bu borada komandirlar oʻziga xos namuna koʻrsatmoqda.

Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan masʼul ofitserlardan iborat hakamlar hayʼati harbiy xizmatchilarning har bir harakatini xolisona baholab bormoqda. Hali oldinda harbiy topografiya, texnik va taktik tayyorgarlik boʻyicha belgilangan amaliy topshiriqlar, test sinovi, oʻquv filmi va referatlar namoyishi ado etiladi.

Eslatib oʻtamiz, “Eng ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovi 2004-yildan buyon oʻtkazilib kelinadi va gʻoliblar 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunida taqdirlanadi hamda ularga bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 22-noyabriga qadar davom etadi.

Dilshod ROʻZIQULOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?